17:07 / 03.02.2021
2 875

“Grin-kard”ga havas qilganlarga ikkinchi maslahat

“Grin-kard”ga havas qilganlarga ikkinchi maslahat
2007 melodiy, 1428 hijriy yil 9 Zulhijja kuni edi. Bruklinning Atlantik avenyusida joylashgan ofisimizda rahbarlarga ikki musulmon murojat qilib bo‘lib: “Bizning ertaga bayramimiz, bizga o‘z hisobimizdan ta’til bersangiz” – dedik.

Rahbarimiz avvaliga e’tiroz bildirganday bo‘lib bizga qaradi. Chunki biz jamoaning asosiy bo‘lagi edik. Ishlar bizsiz oqsashi aniq edi...
Biz bir oz tushuncha bergan bo‘ldik. Rahbarimiz bu bayram biz uchun qanchalik muhim ekanini tushunib, taklifimizga qarshilik ko‘rsatmadi. Biz ko‘nglimiz to‘lib uyga qaytdik...

O‘sha vaqtda o‘g‘lim Umar birinchi sinfga borar edi. Maktabiga ham xabar berib, bir kunlik ta’til oldik. O‘g‘limga ertaga qurbon hayiti bo‘ladi, deganimda u xursand bo‘lib ketdi.

Ertalab bozorga borib qo‘y sotib olish va keyin uni qurbonlik qilishga kelishib oldik. O‘g‘lim “otajon, men ham boramanmi, menga hayitlik berasizmi?” - deya menga qaradi.

Men unga: “Albatta borasan, albatta hayitlik ham beramiz. Avval Bruklinda uyimizga yaqin bo‘lgan masjidda hayit namoziga chiqamiz so‘ng kushxonaga boramiz”, - deb u bilan kelishib oldik.

Arafa kuni kechqurun uyda osh qilib yahudiy qo‘shnimiz Moysha amakinikiga o‘g‘lim Umar bir kosada osh olib chiqib bergan edi. Ular kosani bo‘sh qaytarmay ichiga har xil shirinliklar solib berishibdi.

Zulhijjaning o‘ninchi kuni tong saharda uyg‘ondik. G‘usl olib yangi liboslarni kiyib Umar bilan masjidga bordik. Masjidda namozlarni ado etib chiqdik. Turli millatga mansub birodarlarimiz bir-birlarimizni bayram bilan tabrikladik.

Ko‘zlarimga yosh kelib Vatanni, o‘zimizni masjidlardagi holatni eslab turgan edim, Umar: “Otajon qo‘yni qayerdan topamiz?!” – deb qoldi.
Avvaldan surishtirib qo‘ygan joyim bor edi.

Birga metroga tushdik. Atrofga qarasam vagonning bir burchagida xitoylik ikki odam o‘tirgan joyida butun vagonga jirkanch xid taratib ovqat yer, vagonning narigi tomonidan yana bir qoravoy qulog‘iga quloqchin taqib olib baqirib qo‘shiq kuylar, vagon markazida esa to‘plangan "tineydjerlar" (o‘smirlar) quloqchin va ishtonlari orqasidan tizza tepasigacha tushirilgan ichki kiyimlarini maqtanib baqir-chaqir qilib suhbatlashardi.

Boshim aylanib, bir bekatda to‘xtadik. Bekatda ikkita “qoravoy” kirib kelib, “rep” raqsiga tushib ketdi. Kiyimlari bir ahvol...
Xullas, ahvol achinarli edi. Shu o‘rinda menda bir savol tug‘ildi. Umar bu jamiyatda katta bo‘lsa, 10 yildan qanday xulqli bo‘lar ekan?!

Kushxonaga borib bir qora qo‘yni tanladik. Qo‘y 130 dollar atrofida edi. Umar yonimda telefonda suratga olardi, men qurbonlikni “Bismillahi Allohu Akbar” deya bo‘g‘izladim. Qolgan ishlarini pokistonlik kushxona ishchisi bajardi. Go‘shtlarni bo‘laklarga taqsimlab, ikkita yelim xaltaga joylab berdi. Qurbonlik go‘shtlarini olib metroda uyga qaytdik. Metroga kirib bo‘sh o‘ringa o‘tirdik. Negadir vagonda sekin-sekin yo‘lovchi kamayib deyarli ikki uch kishi qoldi. Bir oz hayron bo‘ldim. Qo‘limdagi paketlarni og‘irligidan uni yerga qo‘ygan edim. Vagonda qolgan ikki uch kishi bir-biriga shivir-shivir qilib paketimni ko‘rsatar va mendan hayiqib turardi. Umar: “Otajon paketimiz teshilib qon oqyapti” deb qoldi.

Darrov engashib qarasam, suyaklardan biri paketni teshib qon tomchilayotgan ekan. Ko‘zim yo‘lovchilardan biriga tushdi. Uning qo‘lida telefon, kimgadir xabar beryapti. Manzilimizga yetishimizga bir bekat qolgan edi.

Umar, yur tushamiz!” – dedim-da, vagondan tushib ortimizga qaramay qochdik. Bir bekat piyoda tez yurib, uyga yetgach, chuqur nafas oldik.
O‘g‘lim: “Otajon nega bunday qildik?” – deydi.

Men ichimda; “Keyingi bekatda politsiya kutib olib, surishtirib vaqtni olardi-da” – deb, unga “shunday qilmasak bo‘lmas edi” - dedim.
Uyga kelib go‘shtni uchga bo‘lib bir bo‘lagini yaqinlarga, tanishlarga mo‘ljal qilib ajratdik.

Bir bo‘lagini yahudiy qo‘shni Moysha amakiga olib chiqib, uning sababini tushuntirishni boshlashim bilan meni uy ichiga taklif qildi. Er-xotin ko‘zida yosh bilan: “Men avval O‘zbekistonda, Buxoroda yashaganman. Biz siz musulmonlar bilan birga yeb-ichib yashaganmiz, o‘sha davrlarimni xotirlatdingiz. Sababini bilaman, bayramingiz muborak bo‘lsin!” – deb bizni tabriklagan bo‘ldi.

Shu kundan qo‘shnimizning bizga hurmati yana ham oshdi.

Vatanimga qaytayotganimda rozi-rizochilik so‘ragan bo‘ldim va sabablarini tushuntirdim. Qo‘shnim biz bilan ma’yus xayrlashar ekan, qarorimni ma’qulladi...

Sherzod Sami

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Grin-kard”ga havas qilganlarga ikkinchi maslahat