Amerika siyosiy sahnasi yana shov-shuvga to‘ldi — bu safar sabab juda oddiy, ammo ramziy narsa bo‘ldi: Harbiy vazir Pit Hegsetning galstugi. Donald Tramp va Vladimir Zelenskiyning 17-oktyabrdagi uchrashuvida vazir taqqan galstukning rangi jurnalistlar orasida katta tortishuvga sabab bo‘ldi, deb xabar berdi “HuffPost”.
Hegset tadbirda oq, ko‘k va qizil ranglardan iborat galstuk taqqan. Bu ranglar Amerika bayrog‘ida ham bor, ammo uning galstugidagi ketma-ketlik aynan Rossiya bayrog‘iga mos kelgani diqqatni tortdi.
HuffPost jurnalisti Es Vi Deyt bu holatni Pentagondan izohlashni so‘radi. U Hegset bunday rang tanlovi uchun Rossiyadan maqtov eshitgan-eshitmaganini va avval ham shunday galstuk taqqan-taqmaganini aniqlashga urindi.
Ammo savolga javob o‘rnida u AQSH Mudofaa vazirligi vakili Shon Parnelldan keskin va haqoratomuz munosabat oldi:
«Bu galstukni onang sotib olgan. Bu haqiqiy Amerika galstugi, ahmoq», – dedi u jurnalistga.
Bundan so‘ng jurnalist Hegset AQSH bayrog‘i ramzlarini kiyimda ishlatish taqiqlanishi haqidagi kodeksdan xabardormi-yo‘qmi, deb so‘radi.
Bu safar Pentagon matbuot kotibi Kingsli Uilson sharh berdi:
«Agar yurtini sevish va ramzlardan faxrlanish HuffPost kabi so‘l bloglarcha “jinoyat” sanalsa, demak vazir Hegset aybdor. U haqiqiy vatanparvar, mamlakat va bayroqni yurakdan sevuvchi inson», – dedi u.
HuffPost’ning bu savollari faqat galstuk atrofida emas, Tramp ma’muriyati bilan ham yangi tortishuvga sabab bo‘ldi.
Nashr avvalroq Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Tramp va Putin uchrashuvi haqida izoh so‘rab Oq uyga murojaat qilgandi. Javob esa yana hazil va tahqir shaklida bo‘ldi:
«Buni sening onaing qilgan», – dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt.
Amerika OAVlarda bu holat “jiddiy siyosiy savollarga shaxsiy haqoratlar bilan javob qaytarish” tendensiyasi deb baholanmoqda. Ayrim tahlilchilarning fikricha, Tramp ma’muriyati yaqindagina qayta ishga tushgan kommunikatsiya uslubi orqali “so‘l jurnalistikaga qarshi kurash”ni boshlagan.
Shu bilan birga, Hegsetning “vatanparvar galstugi” atrofidagi janjal mamlakatdagi siyosiy bo‘linishni yanada ochiq namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!