08:38 / 14.02.2021
2 645

Lavrov haqida nimalarni bilishimiz kerak?

Lavrov haqida nimalarni bilishimiz kerak?
Foto: «TASS»
El Mundo nashrining yozishicha, Sergey Lavrov sobiq Sovet Ittifoqining o‘tda toblangan diplomatlaridan biri bo‘lib, bo‘sh vaqtlarida «Beatles» guruhining va Frenk Sinatraning qo‘shiqlarini eshitishdan rohatlanishi bilan birgalikda, G‘arbga nisbatan ishonchsizlik bilan qaraydi va Rossiya manfaatlari chetga surilganda jahl otiga minib, mamlakatning manfaatlarini yaralangan sherday himoya qilishga otlanadi hamda sobiq Sovet Ittifoqining qudratli bo‘lgan davrlarini qo‘msaydi.

Agarda Yevropa Ittifoqi kengashi diplomati Jozep Borrel Lavrovni yaxshi o‘rganganida edi, ehtimol u bugun Moskavaga safari muvaffaqiyatsiz tugaganidan xafa bo‘lmasa ham bo‘lardi. BMTning sobiq bosh kotibi Kofi Annan Lavrov haqida gap ketganda Rossiya tashqi ishlar vazirini «zamonamizning hurmatga sazovor diplomatlaridan biri» sifatida ta’riflaganda adashmagandi. Rossiya tashqi ishlar vazirligiga

2004 yilda kelgan Sergey Lavrov g‘arblik hamkasblari orasida e’tirozlarga ham sabab bo‘lgandi. Ayrim g‘arblik diplomatlar nazarida «Lavrov eshitishdan ko‘ra, tanqid qilishga va boshqalarning u yoki bu masaladagi siyosiy rejalarini buzishdan rohatlanishga» moyil siyosatchi hisoblanadi.

Jozep Borrelning Yevropa Ittifoqining xavfsizlik va tashqi ishlar bo‘yicha vakili sifatidagi Rossiyaga tashrifi ikki tarafning matbuot konferensiyasi uyushtirilgan paytda eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. Borrel ehtimol Lavrovning sovet «dinozavri» va hozirgi dunyo tashqi siyosatining «soxta xabarlar tarqatish borasidagi ustasi faranglaridan» ekanligini bilmaganidan xafa bo‘lishi bordir. Sergey Lavrov Borrel bilan muloqoti chog‘ida Navalniyni Ispaniya xohlamaydigan Kataloniyadagi ayirmachilar qatoriga qo‘shishga jur’at topa oldi. Borrel nazarida esa, Rossiya mustaqillik uchun harakat qilayotgan kuchlarni eng yoqlamaydigan davlatdir.

Sergey Lavrov doim o‘z harakatlarida Sovet diplomatiyasi maktabi taomillariga rioya qilgan holda harakat qilib keladi. Shu sababdan, u hamisha o‘z prezidentini himoya qilgan holda, G‘arbning «deganlari va aytganlariga» ishonchsizlik ruhi bilan qarab keladi. Rossiya manfaatlarini himoya qilishda xalqaro masalalarda tuzoq qo‘yishni yaxshi uddalab kelmoqda.

Sergey Lavrov g‘arb matbuotiga bergan intervyularidan birida «Ilgari g‘arb va sovet imperiyasi mavjud edi va ular uchinchi davlatlar hududida o‘z hisob-kitoblarini to‘g‘rilashar edi. Ular hech qachon o‘z hisob-kitoblarini o‘z hududi va chegaralariga yaqinlashtirmasdi va hattoki, jamoatchilikka atalgan nutq ham anchayin yumshoq ohangda olib borilardi. O‘sha paytda ikki qutb bir-birlarining chegaralariga yaqinlashmasdi. Bugun esa bu qoidalar barham topdi», deya javob bergandi.

Lavrov bir paytlar Nyu-Yorkda chekishga qarshi kurash avj olganda BMT binosida chekish taqiqlanishi borasida ham g‘azabga mingandi. Ukraina va Gruziya Rossiya ta’siridan chiqishga urinib «My way» qo‘shig‘iga raqsga tushayotganda esa Putin kabi bu jarayonlarga salbiy munosabat bildirgan diplomat sifatida tilga tushgandi.

Erkinlik masalasi haqida gap ketganda Lavrov haqiqiy ustasi farang. Uydirma va haqiqatni shunday qorishtirib yuboradiki, natijada qayerda haqiqat tugab, qayerda yolg‘on boshlanishini bilib bolmay qoladi, deydi Lavrovni yaxshi tanigan siyosatchilar. Navalniy borasida ham shunday bo‘ldi. Rossiya nazarida Navalniy o‘z xalqiga dushman va zo‘ravon. Ruslarni adashishga majburlayotgan bir kuch. Kataloniyadagi vaziyat junbushga kelgan bir tarang siyosiy vaziyatda esa u sukut saqlab, voqealarni o‘z holiga tashlab qo‘ygan diplomat bo‘ldi.

2014 yil Rossiya bilan birgalikda Sergey Lavrov uchun mashaqqatli yil bo‘ldi. Rossiya Qrimni anneksiya qildi. Rossiya xalqaro munosabatlarda ihotalandi va Sergey Lavrov o‘zini haqiqiy rus yo‘lbarsidek ko‘rsatishiga tog‘ri keldi. U, hattoki, shunday bir tarang vaziyatda chekishni kuniga to‘rt dona sigaretgacha kamaytirgan diplomat sifatida BMT koridorlarida o‘ziga xos g‘iybatlarning markaziga aylandi.

Segey Lavrov Rossiya tashqi ishlar vaziri bo‘lgunga qadar BMTda 1994 yilda to 2004 yilga qadar doimiy vakil bo‘lib ishladi. Kosovo va Iroqdagi siyosiy voqealarda AQSHning harakatlarini tanqid qildi. Ta’kidlash joizki, Segey Lavrov o‘z hamkasblari orasida kuchli xotira egasi va bo‘layotgan siyosiy voqealarga tezkor javob qiladigan diplomat sifatida ham tilga tushgan.

Segey Lavrov singal, ingliz, fransuz tillarida erkin muloqot qila oladi. 1950 yilda Moskva shahrida tug‘ilgan bu diplomat Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini 1972 yilda tamomlagan. O‘z ish faoliyatini dastlab Shri Lankada Sovet Ittifoqining elchixonasi xodimi sifatida boshlagan.

1981—1988 yillarda Sovet Ittifoqining BMT vakolatxonasida katta maslahatchi xodim sifatida davom ettiradi. Sovet Ittifoqi parchalangach esa u Rossiya tashqi ishlar vazirligining turli lavozimlarida tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangunga qadar faoliyat yuritib keldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lavrov haqida nimalarni bilishimiz kerak?