19:33 / 07.03.2021
1 042

Davlatlar va texnologik gigantlar raqobati: kurashda kimning qo‘li baland keladi?

Davlatlar va texnologik gigantlar raqobati: kurashda kimning qo‘li baland keladi?
Foto: BBC Russian
Ijtimoiy tarmoqlar va internetga asoslangan xizmatlar orqali tijoriy faoliyat yurituvchi global kompaniyalar kelgusida butun dunyo bo‘ylab davlatlar tomonidan nazorat ostiga olinishi mumkin. «Onado‘li» agentligi razvedka, kiberxavfsizlik, terrorizm va texnologiya bilan aloqalar kabi masalalar bo‘yicha mutaxassis Ali Burak Darijilining shu haqdagi maqolasini e’lon qildi.

Maydonda yangi kuch paydo bo‘ldi
1648 yilda Vestfaliya shartnomasi bilan poydevori qo‘yilgan zamonaviy milliy davlatlar hukmronlik qilgan xalqaro tizimda kuni sayin o‘z ta’siri va qudratini oshirib borayotgan yangi bir kuch paydo bo‘ldi. Ushbu yangi kuch – texnologik yutuqlar natijasida katta aylanmalarni boshqaruvchi global texnologik kompaniyalardir.

10 yil oldin dunyodagi eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatiga atigi ikkita texnologik kompaniya kirgan bo‘lsa, 2019 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ro‘yxatdan raqamli texnologiyalarga asoslangan yettita kompaniya o‘rin olgan. Boz ustiga, ushbu kompaniyalarning bozor qiymati va ular tomonidan boshqariluvchi budjet hajmi ham kun sayin yuksak sur’atlarda o‘sib bormoqda. Bugungi kunda ushbu kompaniyalarning tovar aylanmasi va daromadi xalqaro tizimdagi ko‘plab milliy davlatlarning iqtisodiy salohiyatidan ham oshib ketdi.

Tarozi pallasini kim bosmoqda?
Eng yaxshi 10ta texnologik kompaniya reytingida «ildizi» AQSHga tutash kompaniyalar tarozi pallasini bosib ketmoqda. Ushbu ro‘yxatga AQSHning 5ta kompaniyasi (Apple, Microsoft Corp, Alphabet Inc./Google, Amazon va Facebook), Xitoyning esa ikkita kompaniyasi (Alibaba va Tencent Holding) kiritilgan. Qolaversa, ijtimoiy tarmoq dasturlaridan tortib, sun’iy intellekt va bulutli texnologiyalargacha, elektron tijoratdan smartfonlargacha – deyarli har sohada faoliyat yurituvchi mazkur kompaniyalarning bozor qiymati tobora o‘sib bormoqda.

Ta’kidlash joizki, globallashuv jarayonidan eng ko‘p foyda ko‘rayotgan kompaniyalar, shubhasiz, texnologiya ishlab chiqaruvchi tuzilmalardir. 1990-yillarda internetning tijoratlashuvi, 2010-yillardan keyin esa smartfon va ijtimoiy tarmoq dasturlarining keng qo‘llanishi natijasida ish hajmi muttasil o‘sib borgan ushbu kompaniyalar dunyoning 20ta eng yirik iqtisodiyotining 14tasini ortda qoldirishga erishdi.

Yuqorida sanab o‘tilgan texnologik kompaniyalarning umumiy bozor qiymati «G20» a’zosi bo‘lgan 14 mamlakatning 2019 yilgi yalpi ichki mahsuloti (YAIM) ko‘rsatkichlaridan yuqori. Tijoriy faoliyatini internetga asoslangan texnologiyalar bilan olib boruvchi ushbu kompaniyalarning iqtisodiy hajmi bugungi kunda mislsiz darajadagi katta raqamlar bilan ifodalanmoqda.

Raqamlar tilga kirganda…
Shu nuqtayi nazardan, Apple 1,6 trillion, Amazon 1,5 trillion, Microsoft 1,27 trillion, Google 1,1 trillion, Facebook 700 milliard va Alibaba esa 500 milliard dollarlik bozor qiymatiga ega. Boshqa tomondan, YAIMning yillik ko‘rsatkichi AQSHda (20,54 trillion dollar), Xitoyda (13,61 trillion dollar), Germaniyada (3,9 trillion dollar), Fransiyada (2,77 trillion dollar), Hindistonda (2,72 trillion dollar), Argentinada (578 milliard dollar), Rossiyada ( 1,7 trillion dollar), Avstraliyada (1,5 trillion dollar), Braziliyada (1,8 trillion dollar), Janubiy Koreyada (1,7 trillion dollar), Angliyada (2,7 trillion dollar), Italiyada (2,1 trillion dollar), Kanadada (1,7 trillion dollar), Meksikada (1,3 trillion dollar), Janubiy Afrikada (372 milliard dollar) va Indoneziyada (1,1 trillion dollar ekani hisobga olinsa, ushbu kompaniyalarning o‘sib borayotgan kuchini yanada yaqqolroq ko‘rish imkoni paydo bo‘ladi.

Avstraliya va Facebook mojarosi
Katta iqtisodiy qudratga erishgan ushbu kompaniyalarning davlatlar bilan hokimiyat uchun kurashi endilikda yanada aniqroq namoyon bo‘lmoqda. Masalan, 2020 yilda AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida AQSH kompaniyasi – Twitter sobiq prezident Donald Trampning postlarini bloklab qo‘yish orqali saylov jarayoniga qandaydir ta’sir ko‘rsatgani masalasi hali-hamon munozara mavzusi bo‘lib kelmoqda. Hokimiyat uchun kurashning yana bir misoli so‘nggi haftalarda Avstraliya hukumati va Facebook o‘rtasida sodir bo‘ldi.

Fevral oyida Avstraliyada parlamentning quyi palatasi tomonidan ma’qullanib, Senatga taqdim etilgan ijtimoiy media to‘g‘risidagi qonun loyihasi Avstraliya hukumati bilan Facebook’ni qarama-qarshi bir vaziyatga olib keldi. Ushbu loyihada Avstraliyada joylashgan axborot tashkilotlarining Facebook va Google’da e’lon qilingan kontent uchun ulush olishi belgilab qo‘yilgan. Facebook ushbu qonun loyihasiga qarshi ekanligini bildirdi va 2021 yil 18 fevraldan boshlab Avstraliyaning axborot tashkilotlari va ba’zi hukumat veb-saytlarini blokladi.

«Ular bizni qo‘rqita olishmaydi», deb bayonot berdi Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison mazkur vaziyatni tanqid qilar ekan. Morrison Facebook kompaniyasining qarorini «qo‘pol va hafsalani pir qiluvchi» deb atadi. «Gigant texnologik kompaniyalar dunyoni o‘zgartirayotgan bo‘lishlari mumkin, ammo ular dunyoni boshqara olishmaydi», dedi Avstraliya bosh vaziri.

Avstraliya hukumati tomonidan o‘z suveren huquqlarining tabiiy natijasi sifatida ishlab chiqilgan ushbu qonunga Facebook tomonidan bu tarzda munosabat bildirilishi – Facebook’ga kirish huquqining taqiqlab qo‘yilishi butun dunyo bo‘ylab kuchli rezonansga sabab bo‘ldi. Facebook keyinchalik, Avstraliya bilan kelishuvga erishgani va taqiqni olib tashlab, ortga qadam tashlaganiga qaramay, yuqorida sodir bo‘lgan jarayon, ya’ni xalqaro kompaniyaning o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakatning suveren huquqlaridan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun urinishi, aslida, texnologik kompaniyalar va davlatlar o‘rtasidagi raqobat va kurashning o‘ziga xos ko‘rinishidir.

Chegara qayerda o‘zi?
Ayni paytgacha ushbu kompaniyalarning siyosiy va tijoriy jarayonlarni o‘z foydasiga yoki muayyan bir davlat foydasiga manipulyatsiya qilish strategiyasi va bu boradagi urinishlari asosan Rossiya va Xitoy tomonidan tanqid qilib kelinayotgan edi. Xususan, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Jahon iqtisodiy forumi (WEF) «Davos kun tartibi 2021» doirasida 2021 yil yanvar oyida qilgan nutqida texnologik kompaniyalar va davlatlar o‘rtasidagi kuch kurashiga urg‘u berilgani ham ancha muhokamaga sabab bo‘ldi.

«Xizmat ko‘rsatuvchi muvaffaqiyatli bir kompaniya bilan ulkan ma’lumotlar bazasini to‘plash orqali jamiyatni o‘z xohishiga ko‘ra qo‘pol ravishda boshqarishga urinuvchi, qonuniy demokratik institutlarning o‘rnini egallab olgan kompaniya o‘rtasida qanday farq bor, chegara qayerda o‘zi?», deya savol qo‘yadi Putin.

«Texnologiya gigantlari, asosan, raqamli texnologiya sohasidagi kompaniyalar jamiyatda tobora muhim rol o‘ynay boshladi. AQSHdagi saylov jarayonlarida ham guvohi bo‘lganimizdek, ushbu kompaniyalar endilikda shunchaki iqtisodiy gigant emaslar. Ushbu kompaniyalar, aslida, ba’zi sohalarda davlat bilan raqobatlashmoqda», deydi Putin o‘z fikrini davom ettirar ekan.

Rossiya prezidentining ushbu fikrlari G‘arb doiralar tomonidan «antidemokratik» deb baholandi va tanqid ostiga olindi.

Qanday ehtimollar bor?
Ammo bu safar vaziyat haqiqatdan ham boshqacha. G‘arbiy blokning muhim mamlakati sanalmish Avstraliyaday bir davlat global texnologik kompaniyalar bilan qarama-qarshi vaziyatga tushgani – haqiqat. Shu nuqtayi nazardan, Avstraliya bosh vazirining Facebook’ga qilgan murojaatini kelgusi davrda mazkur kompaniyalarning Rossiya, Xitoy va G‘arb blokidagi boshqa davlatlar bilan raqobat va hokimiyat uchun kurash olib borishining aniq misoli sifatida baholash mumkin.

Kelgusida butun dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlar va global kompaniyalarning davlatlar tomonidan nazorat ostiga olinishi bo‘yicha harakatlar amalga oshirilishi ehtimoli mavjud. Shu nuqtayi nazardan, ushbu kompaniyalarga nisbatan monopoliyaga qarshi qonunlarga bo‘ysunmaslik ayblovi bilan katta miqdordagi jazo choralari qo‘llanishi mumkin. Shuningdek, ushbu kompaniyalar ustidan shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish tartiblarining buzilishi yoki soliq da’volari bo‘yicha tergov ishlari olib borilishi ham ehtimoldan yiroq emas.

Shu o‘rinda AQSHning 50ta shtatidan 46tasi, Vashington shtati va Guam oroli, AQSH Federal savdo komissiyasi (FTC)ning Facebook ustidan 2020 yil 10 dekabr kuni «raqamli bozorda o‘z ustunligini suiiste’mol qilish, monopoliya o‘rnatish va raqobatga imkon bermaslik» ayblovi bilan sudga ikki da’vo kiritilganini ham eslab o‘tish joiz.

Vaziyat jiddiy tashvish uyg‘otmoqda
2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli iqtisodiy faoliyat to‘xtab qolishi natijasida butun dunyo miqyosida ishsizlik va qashshoqlik darajasi oshib ketgan bir paytda yirik texnologik kompaniyalar va ijtimoiy media platformalarining egalari trillionlab dollarlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu vaziyat esa tobora kuchayib borayotgan ushbu kompaniyalarga nisbatan nafaqat Rossiya va Xitoyda, balki AQSH va Yevropa Ittifoqida ham jiddiy tashvish uyg‘otdi.

Shu bois bugungi kunda yuqorida nomi tilga olingan kompaniyalarga qarshi monopol ayblovlar, shaxsiy ma’lumotlarning yetarli darajada himoyalanmaganligi, ayniqsa, ularning saylov jarayonlari va siyosiy voqealarni o‘z manfaatlari yo‘lida manipulyatsiya qilishi haqidagi da’volar har doimgidan-da ko‘p bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Davlatlar va texnologik gigantlar raqobati: kurashda kimning qo‘li baland keladi?