date

Britaniyalik bokschi Entoni Joshua avtohalokatga uchragani ma’lum bo‘ldi

Britaniyalik bokschi Entoni Joshua avtohalokatga uchragani ma’lum bo‘ldi

O‘ta og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Entoni Joshua Nigeriyada jiddiy yo‘l-transport hodisasiga duch keldi. Mahalliy huquq-tartibot idoralari hamda xalqaro OAV tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 29-dekabr kuni Ogun shtati hududidan o‘tuvchi Lagos — Ibadan avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.

Xabar qilinishicha, bokschi o‘tirgan avtomobil yo‘l chetida harakatsiz turgan yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Fojiali to‘qnashuv oqibatida kamida ikki nafar inson halok bo‘lgani aytilayotir. Ayni paytda hodisa sabablari o‘rganilmoqda, tegishli idoralar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Entoni Joshuaning o‘zi esa ushbu avtohalokatda yengil tan jarohatlari olgan. U ehtiyot chorasi sifatida shifoxonaga olib ketilib, to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, sportchining hayotiga hech qanday xavf yo‘q. Bokschining vakillari ham uning ahvoli barqaror ekanini va hozirda shifokorlar nazorati ostida ekanini tasdiqladi.

Ma’lumki, Joshua so‘nggi kunlarda shaxsiy tashrif bilan Nigeriyada bo‘lib turgan. U o‘zining oilaviy ildizlari bog‘liq bo‘lgan ushbu mamlakatga vaqti-vaqti bilan tashrif buyurib turadi.

Hozircha YTHning kelib chiqish sabablari va ehtimoliy huquqiy oqibatlari yuzasidan qo‘shimcha axborot berilmadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Entoni Joshua — Buyuk Britaniyaning eng taniqli professional bokschilaridan biri hisoblanadi. U 1989-yil 15-oktyabrda Uotford shahrida tug‘ilgan, London–2012 Olimpiadasi chempioni. Faoliyati davomida WBA, IBF, WBO hamda IBO yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempioni unvonlarini qo‘lga kiritgan. Kuchli nokautli zarbalari va jismoniy quvvati bilan tanilgan bokschi 2025-yilda bir yillik tanaffusdan keyin ringga qaytib, 19-dekabr kuni Jeyk Polni oltinchi raundda nokaut bilan mag‘lub etgan edi.

Muxlislar esa hozirda eng asosiysi — Joshuaning sog‘lig‘i joyida ekani va uning faoliyati davom etishiga hech qanday jiddiy to‘siq yo‘qligidan xotirjam.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyalik bokschi Entoni Joshua avtohalokatga uchragani ma’lum bo‘ldi