3 518
Shimoliya Koreyadan qochgan yuqori martabali amaldor Kim Chen Inning sirlarini fosh qildi
Shimoliy Koreyaning sobiq rahbari Kim Chen Ir va uning vorisi Kim Chen In.
Foto: Reuters
Shimoliy Koreya razvedkasida yuqori lavozimda faoliyat yuritgan, keyinroq mamlakatdan qochishga muvaffaq bo‘lgan polkovnik BBC nashriga mamlakat rahbari Kim Chen Inning parda ortidagi faoliyati xususida so‘zlab berdi. Bu – Shimoliy Koreya boshqaruvida ishlagan yuqori martabali mulozimning yetakchi OAVga bergan ilk intervyusidir.
Xavfsizlik vajidan asl ismi oshkor etilmagan va shartli ravishda «Kim Kuk Son» deb atalgan polkovnik ayni paytda Seul shahrida yashaydi, Janubiy Koreya razvedkasi bilan hamkorlik qiladi. O‘z ta’biri bilan aytganda, u 30 yil davomida Oliy rahbarning ko‘zi va qulog‘i sanalgan maxfiy idorada ishlagan.
Polkovnik Shimoliy Koreyaning amaldagi rahbari Kim Chen Inning bolaligidan hozirgi davrigacha yaqindan kuzatishga muvaffaq bo‘lgan. Uning hikoya qilishicha, yosh yigitcha mamlakat rahbari – otasi Kim Chen Irga o‘zining jangovar qobiliyatlarini ko‘rsatishga zo‘r berib harakat qilgan. 2009 yili otasi insultdan keyin yotib qolgach, yosh Kim Chen In xorijga qochgan muxolifat vakillarini o‘ldirish uchun mafxiy guruh tashkil qilgan. Masalan, Shimoliy Koreyaning sobiq yuqori martabali amaldori, keyinroq Seuldan boshpana topgan Xvan Chjan Yopga qarshi suiqasd uyushtirilgan.
30 yil mobaynida Shimliy Koreya maxsus xizmatida faoliyat yuritgan polkovnik «g‘anim» davlatga qochishni ma’qul ko‘rgan. Foto: BBC
«Terror Shimoliy Koreya siyosati, Kim Chen Ir va Kim Chen In obro‘sini muhofaza etishning muhim vositasi bo‘lgan va bo‘lib qolmoqda», – deydi polkovnik.
Hikoya qilinishicha, 2010 yilning 26 martida Janubiy Koreya dengiz kuchlariga tegishli «Chxonan» kemasi Sariq dengizda g‘arq qilingan, oqibatda 46 nafar dengizchi halok bo‘lgan. O‘sha yilning 23 noyabrida Janubiy Koreyaning Yonpxyondo oroliga artilleriya snaryadlari yog‘dirilgan. Hujum natijasida bir necha harbiy halok bo‘lgan, o‘nlab kishi jarohatlangan. Pxenyan hozirga qadar ushbu qo‘poruvchilik harakatlariga daxldorligini rad etib keladi. Polkovnik esa bu aynan maxfiy razvedka guruhi tomonidan amalga oshirilganiga shohidlik beradi.
«Shimoliy Koreyada Oliy rahbarning shaxsan ma’qullovisiz hatto yo‘l ham qurib bo‘lmaydi. «Chxonan» kemasining g‘arq qilinishi va Yonpxyondo orolining o‘qqa tutilishi oddiy xodimlar qarori emas, albatta. Bunday operatsiyalar Kim Chen Inning maxsus buyrug‘i bilan amalga oshiriladi», – deydi yuqori martabali qochoq.
Sobiq amaldorning ma’lum qilishicha, Shimoliy Koreya dushman davlat – qo‘shni Janubiy Koreyaga ko‘p sonli ayg‘oqchi yo‘llagan. Kim oilasining josuslari hatto Yashil uy – Janubiy Koreya prezidenti qarorgohiga qadar kirib borgan.
Shimoliy Koreya dunyodan uzilgan, sayyoramizdagi eng qashshoq davlatlar sirasiga kiradi. Ammo moddiy taqchillikka qaramay, hukumat olti ming kishili hakerlar armiyasini saqlash uchun pulni ayamayotir. Polkovnikka ko‘ra, Pxenyanning virtual askarlari G‘arb mamlakatlarining rasmiy idoralariga hamda yirik shirkatlariga hakerlik hujumlarini uyushtirib keladi.
Mamlakat rahbariyatining hashamatli hayoti uchun katta miqdorda pul zarur. Qayd etilishicha, oshib borayotgan xarajatlarni qoplash uchun rasmiy Pxenyan narkotik hamda qurol savdosi bilan shug‘ullanmoqda. Jumladan, metamfetamin ishlab chiqaruvchi maxfiy laboratoriya faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq mamlakatning Londondagi elchixonasi sobiq xodimi, G‘arbdan boshpana olgan Txe Yon Xo ham rasmiy Pxenyan narkotik savdosi bilan shug‘ullanishini tasdiqlagan edi. Polkovnikning aytishicha, bangifurushlikdan tushgan daromadni Kim Chen Inning shaxsan o‘zi tasarruf etadi.
«Sizga tushunarli bo‘lishi uchun aytay, Shimoliy Koreyada barcha pullar Oliy yetakchiga tegishli deb qaraladi. U bu aqchaga hashamatli uylar qurdiradi, ajnabiy avtoulovlar, tansiq oziq-ovqatlar, kiyim-kechak va serhasham buyumlar xarid qiladi», – deydi sirli suhbatdosh.
Qolaversa, Kim ma’muriyati Eron, Suriya, Myanma, Liviya, Sudan kabi sanksiya ostidagi davlatlarga qurol va harbiy texnologiyalari savdosidan ham mo‘may daromad topadi.
BBC cuhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan polvoknik o‘z davrida oliy rahbariyat ishonchi va izzatini qozongan shaxslardan bo‘lgan. Ammo siyosiy o‘yinlar oqibatida «g‘anim» davlat – Janubiy Koreyaga qochishni ma’qul ko‘rgan.
Polkovnik intervyu so‘nggida Kim ma’muriyati jinoyatlari haqida ochiq gapirgani sababini ham ochiqlagan.
«Bo‘ynimdagi so‘nggi qarz bu! Men Shimoldagi birodarlarim ham diktaturadan xalos bo‘lib, ozodlik havosidan nafas olsa deyman», – deydi polkovnik.
Aholi marhum «dohiy»lar – Kim Ir Sen va Kim Chen Ir haykaliga ta’zim qilmoqda. Foto: Getty Images
Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi ta’sis etilgan 1948 yildan buyon o‘lkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Jumladan, Kim Ir Sen 1948-1994, Kim Chen Ir 1994-2011 yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan «taxt»ni esa 2011 yilda Kim Chen In egallagan.
Dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri sanalgan Shimoliy Koreyaning kommunist rahbariyati turli cheklov va taqiqlarni joriy etgan. Mamlakatda internet va Wi-Fi’dan foydalanish imkoni mavjud emas. Aholi Shimoliy Koreyaning ichki kompyuter tarmog‘idan foydalanishi mumkin. Ichki tarmoq esa «mafkuraviy toza» saytlardan iborat. Mahalliy aholining xorijga qo‘ng‘iroq qilishi hamda chet elliklar bilan suhbatlashishi ham man etilgan. Kommunistik partiya fuqarolarning soch turmagi qanday bo‘lishini-da belgilab bergan. Ortiqcha e’tibor tortuvchi turmak man etiladi. Mamlakat erkaklari sochini «dohiy» Kim Chen In kabi kuzab yurishga odatlangan.
Kapitalistik dunyo mahsuloti bo‘lgan Sosa sola ichimligi savdosi ham taqiqlangan. Umuman, mamlakatda antiqa taqiqlar mavjud. Masalan, Kim Chen In yaqinda mamlakat aholisiga it boqishni taqiqlagan. Rasmiy Pxenyanga ko‘ra, xonadonda it saqlash burjuaziya va kapitalizm sarqiti sanaladi.
Qo‘rquv muhiti hukm surayotgan o‘lkada qatllar ham tez-tez amalga oshiriladi. Jumladan, joriy yil aprelda Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligi xodimi Yevropadan tibbiy asbob-uskunalar sotib olishni ta’minlay olmagani uchun qatl etilgan edi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya aholisining qariyb 60 foizi oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Xalqaro sanksiyalar hamda koronavirus pandemiyasi sabab chegaralarning yopilishi qashshoq aholini yanada og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Vaziyat shu qadar murakkabki, hatto KXDR yetakchisi Kim Chen In mamlakatga ayanchli ocharchilik xavf solayotganini tan olishga majbur bo‘ldi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi