11:23 / 23.12.2021
1 397

Ispaniyada yegulik uchun sakkizoyoqlarni yetishtiradigan birinchi ferma ochilishi mumkin

Ispaniyada yegulik uchun sakkizoyoqlarni yetishtiradigan birinchi ferma ochilishi mumkin
Foto: Getty Images
Ko‘plab davlatlarda — Osiyodan tortib O‘rta Yer dengiziga qadar sakkizoyoqlar iste’mol qilinadi. Har yili dunyo bo‘ylab 350 ming tonnaga yaqin sakkizoyoq ushlanadi, bu 1950 yilga ko‘rsatkichlardan o‘n barobarga ko‘p. Tabiatdagi sakkizoyoqlar soni muntazam kamayib bormoqda, narxlari esa ko‘tarilyapti. Bu turli davlatlardagi ko‘plab kompaniyalarni ushbu hayvonlarni ko‘paytirish bo‘yicha tadqiqotlarni boshlashga undamoqda. Bu haqda BBC News’ga tayanib, Meduza xabar berdi.

Shtab-kvartirasi Ispaniyada joylashgan Nueva Pescanova transmilliy korporatsiyasi Kanar orollarida sakkizoyoqlar yetishtiruvchi fermani qurib, 2023 yildan ularni sotishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Fermani Gran-Kanariya orolidagi Las-Palmas shahrida ochish rejalashtirilgan. U yerda yiliga 3 ming tonnagacha sakkizoyoq go‘shti yetishtirilishi mumkin. Kompaniyadagilarning ma’lum qilishicha, tijoriy ferma yovvoyi tabiatdan sakkizoyoqlar tutishni kamaytirishga imkon beradi.

Nueva Pescanova BBC News jurnalistlarining ko‘plab so‘rovlariga javob qaytarmay, sakkizoyoqlar qanday sharoitda yetishtirilishini, ular saqlanadigan akvariumlar o‘lchami qanday bo‘lishi, nima bilan boqilishi va qaysi usulda so‘yilishini oshkor etmagan.

Nueva Pescanova rejalarini 2019 yilda xalqaro tadqiqot guruhi qoralagan edi, uning ishtirokchilari yegulik maqsadida sakkizoyoqlarni yopiq sharoitda ko‘paytirish — bu «etik va ekologik sabablarga ko‘ra» yomon g‘oya. Ularning so‘zlariga ko‘ra, sakkizoyoqlar murakkab nerv tizimi va katta miyaga ega, rangini o‘zgartirish, alohida odamlarni tanish va o‘ynash orqali atrof-muhitga moslasha oladi.

Compassion in World Farming (CIWF) tashkiloti 2021 yilning oktabrida turli mamlakatlar hukumatlariga, jumladan, Ispaniyaga murojaat qilib, sakkizoyoqlarni tijoriy maqsadlarda yetishtirishni taqiqlashni so‘ragan. Tashkilotdagilarning ta’kidlashicha, hozirda bu hayvonlarni «insoniy so‘yish»ning ilmiy jihatdan tasdiqlangan usuli yo‘q.

CIWF tadqiqoti rahbari doktor Yelena Lara BBC News bilan suhbatda Nueva Pescanova’ni tanqid qilgan. «Bular ajoyib hayvon. Ular yolg‘iz yashaydi va juda aqlli. Shu sababli ularni kognitiv simulyatsiya yo‘q bo‘sh akvariumlarga joylashtirish noto‘g‘ri», — deydi Yelena Lara. Uning hisoblashicha, «Mening ustozim — sakkizoyoq» (My Octopus Teacher) hujjatli filmini ko‘rgan har qanday inson buni tushunadi.

Bristol universitetidan bo‘lgan biolog, doktor Yakob Viter esa jurnalistlar bilan suhbatda inson va sakkizoyoqning ajdodi umumiy ekani va u 560 million yil oldin yashaganini ma’lum qilgan. Olimning so‘zlariga ko‘ra, insonlar va sakkizoyoqlarning umumiy jihatlari juda ko‘p: intellekt, turli vazifalarni uddalash qobiliyati, o‘yinqaroqlik, qiziquvchanlik.

Doktor Yelena Lara Nueva Pescanova’ning kompaniya fermasi yovvoyi tabiatdagi sakkizoyoqlar tutilishini qisqartirish imkonini beradi, degan asoslarini mantiqsiz deb atagan. «Bu baliqchilar kamroq tutishini bildirmaydi», — deydi u. Laraning qo‘shimcha qilishicha, sakkizoyoqlarni yetishtirish yovvoyi baliqlar zaxirasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Sakkizoyoqlar — yirtqich hayvon va ular omon qolishi uchun o‘z og‘irligidan ikki—uch barobar ko‘proq ovqatlanishi kerak. Hozirda tutiladigan baliqlarning uchdan bir qismi yovvoyi hayvonlarni boqishga sarflanadi. Shu sababli sakkizoyoqlarni boqishga tutilgan baliqlar yo‘naltiriladi.

Yaqinda Buyuk Britaniyada sakkizoyoqlar krab va qisqichbaqalar bilan bir qatorda ongli mavjudot deya tan olindi. Bu ekspertlar guruhi 300 dan ortiq ilmiy tadqiqotlarni tahlil qilib, sakkizoyoqlar rohatlanish, xavotir va xursandchilik, shuningdek, og‘riq va azobni his qila oladi, degan xulosaga kelganidan so‘ng amalga oshgan.

«Ular favqulodda murakkab jonzot. O‘ylaymanki, agar ularni ko‘paytirish va yegulik sifatida iste’mol qilishni istasak, buni hurmat qilishimiz kerak», — deydi doktor Viner.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ispaniyada yegulik uchun sakkizoyoqlarni yetishtiradigan birinchi ferma ochilishi mumkin