2024 yilgi “Oltin to‘p” sohibi Rodri Ernandesning “Manchester Siti”dagi taqdiri hamon noaniqligicha qolmoqda, deb yozdi fichajes.net. Hozirda 29 yoshli ispan yarim himoyachi klubning asosiy ustuni hisoblanadi, ammo uning kelajagi haqida turli mish-mishlar tobora kuchaymoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Siti” rahbariyati Rodri bilan 2027-yilda tugaydigan shartnomani uzaytirishni rejalashtirmoqda. Biroq bu jarayonga “Real Madrid”ning qiziqishi jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin — madridliklar uni o‘z tarkibida ko‘rish niyatida.
Shu bilan birga, Xosep Gvardiola ehtimoliy o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ispaniyalik mutaxassisning rejasida “Kristal Pelas” yarim himoyachisi Adam Uorton bor. Fichajes nashrining ma’lumoticha, Gvardiola Uortonni Rodriga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, Uorton texnik jihatdan yetuk, pozitsion fikrlash qobiliyati yuqori va Gvardiola uslubiga mos futbolchi. Ammo transfer jarayoni oson kechmasligi mumkin. 21 yoshli ingliz futbolchisiga nafaqat “Siti”, balki uning ashaddiy raqibi — “Manchester Yunayted”, shuningdek, bir necha yetakchi yevropa klublari ham qiziqish bildirmoqda.
Gvardiola esa jamoa uchun asosiy ustuvor vazifa — markazda barqarorlikni saqlash ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Siti” Rodri kabi fikrlash va jamoa ritmini boshqara oladigan o‘yinchiga ehtiyoj sezmoqda.
Rodrining “Real”ga ehtimoliy ketishi yoki shartnoma uzaytirilishi haqida hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan. Ammo futbol dunyosida bu mavzu atrofida qizg‘in muhokamalar davom etmoqda — chunki “Siti”ning o‘yinida Rodrining roli hanuz beqiyos hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!