date

Yaponiyada Takaiti davri boshlanmoqdami? Yangi ittifoq e’lon qilindi

Yaponiyada Takaiti davri boshlanmoqdami? Yangi ittifoq e’lon qilindi

Yaponiya siyosiy maydonida yangi burilish ro‘y berdi — mamlakatdagi yetakchi Liberal-demokratik partiya (LDP) va Yaponiya Innovatsiya partiyasi 20-oktyabr kuni koalitsiya tuzganini rasman e’lon qildi, deb yozdi bbc.com.

Innovatsiya partiyasi hamraisi Xirofumi Yosimura bayonot vaqtida shunday dedi:

«Biz Yaponiyani birgalikda oldinga harakatlantirmoqchimiz. Bu ittifoq mamlakat uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi».

Shu bilan, Yaponiyada 26-yil davom etgan siyosiy an’ana o‘zgardi. Ilgari LDP buddistlar tashkiloti — «Komeyto» partiyasi bilan birga hukmronlik qilib kelgandi. Biroq partiya rahbarligida Sanae Takaitining saylanishi bilan «Komeyto» hukumat tarkibidan chiqish qarorini qabul qildi.

LDP rahbarligiga saylovlar va yangi koalitsiya tuzilishi o‘rtasidagi ikki hafta mamlakat siyosiy hayotida kutilgan burilish davri bo‘ldi. Takaiti Yaponiya tarixida birinchi ayol bosh vazir bo‘lishi mumkinligi bilan alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Innovatsiya partiyasi bilan tuzilgan ittifoq Takaitining g‘alabasini ta’minladi. Biroq yangi koalitsiya parlamentda ko‘pchilikni qo‘lga kiritish uchun hozircha ikki o‘rin yetishmaydi. Shu sababli, hukumat faoliyatida ma’lum qiyinchiliklar bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.

Kyodo agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Innovatsiya partiyasi vakillari hozircha yangi hukumat tarkibiga qo‘shilmaslikni ma’qul ko‘rgan.

Sanae Takaiti — Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abening shogirdi, shuningdek, Britaniyaning sobiq bosh vaziri Margaret Tetcherning siyosiy qarashlariga yuqori hurmat bilan qaraydi.

Associated Pressning yozishicha, Takaitining bosh vazirlik lavozimiga kelishi Yaponiyada gender tengligi borasida qadam sifatida qabul qilinmayapti. Ko‘plab feministlar uning ayrim qarashlarini konservativ deb baholamoqda.

U, jumladan, ayollarga nikohdan keyin o‘z familiyasini saqlab qolishga ruxsat berishga qarshi. Yaponiya qonunchiligiga ko‘ra, turmush qurgan juftliklar yagona familiyani tanlashi shart. Takaiti shuningdek, ayollarni Xrizantema taxti vorisligi ro‘yxatiga kiritish g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatlamaydi.

Yaponiyada yangi koalitsiyaning tuzilishi nafaqat siyosiy, balki madaniy burilish sifatida ham baholanmoqda. Takaiti rahbarligi mamlakat uchun yangi siyosiy bosqich boshlanishining belgisi bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada Takaiti davri boshlanmoqdami? Yangi ittifoq e’lon qilindi