07:00 / 06.01.2022
3 721

Olmaotadagi aeroport namoyishchilar tomonidan egallab olindi

Olmaotadagi aeroport namoyishchilar tomonidan egallab olindi
Foto: «Vlast.kz»
Olmaotada boshlangan norozilik namoyishi ommaviy tartibsizliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi, olomon shahar hududidagi aeroportni egallab oldi, deya xabar qilgan «Orda.kz».

«Ma’lumotlarga ko‘ra aeroport hududida 50 ga yaqin bosqinchilar yuribdi. Ular aeroport xodimlari hududdan ketganidan keyin ichkariga kirgan. Aeroportda yo‘lovchilar yo‘q. Biz tezkorlik bilan ularni xavfsiz joyga evakuatsiya qildik», – deya ma’lum qilgan aeroport matbuot xizmati.

Shuningdek, aeroport rasmiylari bosqinchilar hududni egallashidan avval harbiylarning noma’lum yerga g‘oyib bo‘lganini qayd etgan.

Olmaotadan tashqari Aqtaudagi aeroport ham faoliyatini to‘xtatgan. Avval Olmaotadagi namoyishchilar shahar hokimiyati binosi va prezidentning shahardagi rezidensiyasini egallagan. Ikkala binoda ham yong‘in kuzatilgan.

Qozog‘istondagi bir qancha zavod, fabrika va korxonalar ham faoliyatini to‘xtatgan, xususan, Qorag‘anda viloyati Balxash shahridagi Metallurgiya zavodi ham yopilgan. Zavod ishchilari namoyishchilarga qo‘shilib ketgan.

Qozog‘istondagi norozilik namoyishlari avtomobillar uchun yonilg‘i hisoblanuvchi neftdan olinadigan gaz narxining ko‘tarilgani oqibatida 2 yanvarda boshlandi. Narxlar 1 litr uchun 50-60 tengedan birdaniga 120 tengega ko‘tarildi. Hukumat buni 1 yanvardan boshlab gaz narxini belgilash erkin bozor shartlari asosida amalga oshirilishi va talab hamda taklif munosabatlariga asoslanishi bilan izohladi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham narxlar pasayishi haqida Twitter’da tvit qoldirdi. Aqto‘be ma’muriyati ham narx 50 tengega tushganini bildirdi. To‘qayev «noxolis shaxslarning da’vatlariga uchmaslikka» chaqirdi. U ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarga ega talablar alohida o‘rganilishi haqida ijtimoiy tarmoqda yozdi.

Keyinchalik Qosim-Jo‘mart To‘qayev namoyishchilarga yana bir marta murojaat qildi. Qozog‘iston prezidenti namoyish o‘tkazayotganlardan provokatsiyaga uchmaslikni so‘ragan, miting o‘tkazishning ham o‘z qonun-qoidalari borligini, ayniqsa hissiyotga beriladigan yoshlar qaltis va qonunga zid harakatlar bilan o‘z kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatib qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Olmaota shahri va Mangistay viloyatida 19 yanvarga qadar favqulodda holat tartibi joriy qilindi.

Ammo baribir vaziyat keskinlashishda davom etdi va Qozog‘iston prezidenti hukumat iste’fosini qabul qildi. 5 yanvarning ikkinchi yarmida To‘qayev Qozog‘iston xalqiga yana videomurojaat yo‘lladi va Xavfsizlik kengashi raisining vakolatlarini ham qabul qilib olgani, mamlakatdagi namoyishlar ortida moliyaviy qo‘llab-quvvatlanayotgan fitnachilar turganini ma’lum qildi.

Olmaota politsiyasi shaharda 120 dan ortiq avtomobil, jumladan, 33 ta politsiya mashinalari yoqib yuborilgani, 120 ta do‘kon, 180 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 100 ga yaqin idora vayron qilingani haqida xabar bergan. «Xabar 24» telekanali Jamoat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tayanib, Olmaotada 190 kishi shifokorlarga murojaat qilgani, ulardan 40 nafari kasalxonaga yotqizilgani, yana yetti nafar jabrlanuvchi reanimatsiyadaligi, yaralanganlar orasida 137 nafar politsiya xodimi va 53 nafar tinch aholi vakillari borligi haqida xabar bergan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olmaotadagi aeroport namoyishchilar tomonidan egallab olindi