
Bugun, 3 noyabr kuni Qatarning poytaxti Doha shahrida 2025 yilgi U-17 jahon chempionatiga start beriladi. Yoshlar mundiali deb ataladigan bu musobaqa futbolning kelajak yulduzlari uchun katta sinov va imkoniyat sahnasi hisoblanadi. O‘zbekiston terma jamoasi bu yil ham musobaqada ishtirok etib, Osiyo chempioni sifatida jahon sahnasiga chiqmoqda, deb xabar berdi O‘FA matbuot xizmati.
Bu musobaqa yurtimiz uchun ham tarixiy ahamiyatga ega — chunki O‘zbekiston U-17 terma jamoasi o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida to‘rtinchi bor qatnashmoqda. Ilgari jamoa 2011-yilda Meksikada va 2023-yilda Indoneziyada o‘tgan mundiallarda chorak finalgacha yetib borgan. 2013-yildagi BAAdagi musobaqada esa 1/8 finalda to‘xtagandi.
Islombek Ismoilov boshchiligidagi jamoamiz bu safar “J” guruhiga tushdi. Bizga raqib sifatida Paragvay, Irlandiya va Panama o‘smirlar terma jamoalari tushgan. Har bir raqibning o‘z uslubi, tajribasi va xavfli o‘yinchilari bor.
PARAGVAY — Janubiy Amerikaning tayyor jangchilaridan biri
Paragvay U-17 jamoasi musobaqaga Janubiy Amerika chempionatida 5-o‘rinni egallab yo‘llanma oldi. Ular bugungacha jahon chempionatida besh marta qatnashgan va ikki marta — 1999 hamda 2019-yillarda chorak finalgacha yetgan. Jamoani tajribali murabbiy Mariano Uglessich boshqarmoqda.
E’tibor markazidagi o‘yinchi — jamoa sardori Alan Ledesma. U maydon markazidagi o‘yinni nazorat qilish, pas taqsimlash va kurashchanligi bilan ajralib turadi. Janubiy Amerika chempionatida Paragvay ikkita penalti seriyasida g‘alaba qozongan bo‘lib, har ikki holatda ham Ledesma aniq zarbasi bilan hal qiluvchi rol o‘ynagan.
PANAMA — tezkor va kuchli qanot hujumchilari bilan tanilgan jamoa
Panama o‘smirlar terma jamoasi musobaqaga KONKAKAF U-17 saralash bosqichida guruh g‘olibi sifatida yo‘l oldi. Bu ularning jahon chempionatidagi uchinchi ishtiroki bo‘ladi. Eng yaxshi natijasi — 2011-yildagi 1/8 final bosqichigacha yetish.
Jamoani argentinalik murabbiy Leonardo Pipinio boshqarmoqda. Uning tizimidagi asosiy figura — chap qanot hujumchisi Estevis Lopes. Yosh va iqtidorli futbolchi saralash bosqichida jamoaning uchta goliga bevosita hissa qo‘shgan. U tezkorligi, kuchli zarbalari va ijodkor o‘yini bilan raqib himoyachilarini qiynovchi o‘yinchi sifatida tanilgan. Hozirda u Panamaning “Kosta del Este” klubidan Argentinaning “River Pleyt” yoshlar jamoasiga ijara asosida o‘tgan.
IRLANDIYA — debyutant, lekin xavfli tarkibga ega
Irlandiya o‘smirlar terma jamoasi ilk bor jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Ular UYEFA U-17 Yevropa chempionatidagi ishtirok orqali mundialga yo‘l oldi. Tarkibda asosan Yevropaning yetakchi klublarida tajriba orttirayotgan futbolchilar jamlangan.
Jamoani Kolin O’Brayn boshqarmoqda. Uning eng yorqin shogirdi — hujumchi Jeyden Umeh. U Portugaliyaning “Benfika” klubi akademiyasida to‘p tepayotgan va murabbiylar tomonidan “futbolning yangi umidi” sifatida baholanmoqda. Tezligi, harakatchanligi va gol urish qobiliyati bilan u guruhdagi har qanday raqib uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
O‘zbekiston — Osiyo chempioni sifatida yangi tarix yozmoqchi
O‘zbekiston terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tayotgan mundialga Osiyo chempioni sifatida keldi. Islombek Ismoilov qo‘l ostidagi yoshlar nafaqat taktik jihatdan, balki psixologik jihatdan ham yuqori tayyorgarlikda ekanini ko‘rsatmoqda.
Yosh “oq bo‘rilar”ning birinchi bahsi 5 noyabr kuni Paragvayga qarshi bo‘lib o‘tadi. Bu o‘yin guruh taqdirini belgilab berishi mumkin. Keyingi turlarda esa jamoamiz Irlandiya va Panamaga qarshi maydonga tushadi.
Qatardagi musobaqa 3–27-noyabr kunlari “Espayr” akademiyasi maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Turnir futbolning kelajak yulduzlari uchun katta imkoniyat yaratadi — va O‘zbekiston yoshlari ular orasida o‘z nomini yozib qoldirishni niyat qilgan.
Muxlislar esa Ismoilov shogirdlaridan nafaqat munosib ishtirok, balki yangi tarixiy natija kutishmoqda. Bu safar O‘zbekistonning U-17 jamoasi nafaqat Osiyoning, balki butun jahonning diqqat markazida bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.