23:00 / 14.01.2022
2 385

Qozog‘iston iqtisodiyoti endi nima bo‘ladi?

Qozog‘iston iqtisodiyoti endi nima bo‘ladi?
Qozog‘istondagi voqealar mamlakat taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Bu haqida «Daryo» tanishib chiqqan «Renessans Kapital» hisobotida aytiladi.

Bu bosqich iqtisodiyotning jadal o‘sishiga, uy-joy qurilishi va moliya sektori rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Omonatchilar qochib ketishi va jamg‘armalar xorijiy valyutaga konvertatsiya qilinishining oldini olish maqsadida banklar va boshqa moliya institutlari ishi to‘xtatilgan edi.

Valyuta savdosi to‘xtatilishi munosabati bilan milliy valyuta kursi barqarorligicha qoldi, biroq Qozog‘iston valyutasi uch foizga (bir dollar uchun 435–440 tengegacha) zaiflashishi prognoz qilinmoqda.

Bank sektori beqarorlashuvi bo‘yicha jiddiy xavf ko‘rmayapmiz, biroq chakana kreditlashda dinamik o‘sish imkoniyatini kutyapmiz, — deyiladi hisobotda.

Tahlilchilar budjet ko‘rsatkichlari bo‘yicha sezilarli xavfni ko‘rmayapti va o‘rta istiqbolda xarajatlarni moliyalashtirish uchun soliq yuki oshirilishini kutmoqdalar.

Qozog‘istonning davlat qarzi mintaqadagi boshqa neft eksportchilariniki kabi,nisbatan kichik (YAIMning, taxminan, 30 foizi).

Xalqaro zaxiralar 11 oylik import hajmini qoplaydi va pul bozori hamda to‘lov tizimi barqarorligini ta’minlash uchun barcha vositalar mavjud.

Biznes mamlakat bo‘ylab asta-sekin o‘z faoliyatini tiklamoqda. Milliy valyutadagi to‘lovlar tizimi faoliyati, umuman, normal holatga qaytdi, xorijiy valyutada savdo ishlari kecha tiklandi.

Qozog‘iston tadbirkorlari milliy palatasi o‘tgan haftada ko‘rilgan zararni 94 mlrd tengega (taxminan, 215 mln dollarga) baholagan. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasi, jumladan, kichik va o‘rta biznes, shuningdek, transport sohasi zarar ko‘rdi. Prezident allaqachon bu zararni qisman qoplashga va’da bergan.

«Renessans Kapital», umuman olganda, biznes muhiti va mahalliy valyuta nuqtai nazaridan ba’zi yon tasirlar bo‘ladi, deb hisoblaydi, ammo bu iqtisodiy o‘sish va barqarorlikka ta’sir qilmasligi kerak.

Budjet siyosatining yumshatilishi, hatto (yoqilg‘i va boshqa bir qator ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar uchun) narxlar qo‘shimcha tartibga solinishiga qaramay, inflyatsiya yanada barqaror bo‘lishiga olib keladi.

Mutaxassislar pandemiya oqibatlarini ijobiy bartaraf qilgan Milliy bank moliyaviy barqarorlikni saqlab qola olishidan umid qilmoqda.

Umuman olganda, Qozog‘iston uchun 2022 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy o‘sish prognozi deyarli o‘zgarmadi — YAIM 5,3 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Foiz stavkalarining oshishi moliya tizimiga og‘ir ta’sir qilishi mumkin, lekin o‘rta istiqbolda bank sektori faqat iqtisodiyotni fiskal rag‘batlantirishdan foyda ko‘radi.

Savdo balansi, budjet va xalqaro zaxiralar ko‘rsatkichi hali ham barqaror.

Boshqa tahlilchilar ham shunga o‘xshash fikrda — S&P agentligi norozilik namoyishlari va hukumat almashinuvi mamlakatdagi kredit reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerakligini qayd etgan.

O‘zbekistonga qanday ta’sir o‘tkazishi borasida «Renessans Kapital» O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun jiddiy iqtisodiy oqibatlar bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

Lekin ayrim mahsulotlarni tranzit qilishda kechikishlar bo‘lishi mumkin. Import qilingan go‘shtni yetkazib berishda shunday bo‘ldi ham, biroq yaqin kelajakda vaziyat normallashishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston iqtisodiyoti endi nima bo‘ladi?