00:30 / 14.02.2022
2 417

Lugansk okoplaridagi ukrainalik askarlar 8 yillik urushga chek qo‘yishni istamoqda

Lugansk okoplaridagi ukrainalik askarlar 8 yillik urushga chek qo‘yishni istamoqda
Foto: Yandex
Ukrainaning Donbass hududida sakkiz yildan beri urush davom etadi. Front chizig‘idagi ukrainalik askarlar noaniqliklardan to‘yganini aytib, 2014 yildan beri ularni okoplarda harakatlanishga majbur qilayotgan mojaroning bir tarafga o‘nglanishini istamoqda, deb yozadi Reuters.

«Biz bu nihoyasiz urushdan to‘ydik. Hammasini bir yoqli qilish kerak, bu noaniqliklarga chek qo‘yish uchun yo bizga hujum qilishsin yoki biz hujumga o‘taylik. Hammamiz bundan charchadik. Esimda, 2014, 2015, 2016 yillarda ishtiyoq kuchli edi», — dedi xavfsizlik nuqtai nazaridan familiyasini sir tutgan 27 yoshli Bohdan.

Sobiq konchi va Dnepropetrovsk yaqinidagi Pavlograd shahrida aviatsiya muhandisligi talabasi bo‘lgan Bohdan so‘nggi bir yil davomida Ukraina sharqida joylashgan Lugansk hududidagi frontda xizmat qilmoqda.

Sharqiy frontdagi yirik qurollardan bir muncha vaqt sado chiqmasa-da, minomyot va granatalarning ovozi qor bilan qoplangan dalalar sukunatini buzadi. Okoplarda oylab vaqt o‘tkazayotgan askarlar har xil vaziyatlarga tayyorlanish, qolaversa, zerikishni yengish uchun qo‘llaridan kelganini qilmoqda. Bohdan o‘zi qurib olgan sport zalida shtanga va arqon bilan mashq qiladi.

2014 yildan beri faol xizmatda bo‘lgan lvovlik sobiq politsiyachi, isyonchilarning pozitsiyalaridan bir kilometr nariga tashlangan 44 yoshli boshqa bir askar Konstyantin esa, agar keng ko‘lamli to‘qnashuvlar boshlansa, mashg‘ulotlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini aytdi.

«Agar biror narsa boshlansa, nima bo‘lishini oldindan aytib ham, harakatlarni rejalashtirib ham bo‘lmaydi. Askar o‘z mahoratiga, ko‘nikmalari va tajribasiga tayanishga majbur bo‘ladi. Eng muhimi, qo‘rquvga tushmaslik, chunki qo‘rquv odam nazorat qila olmaydigan narsa», — deydi u.

Lugansk va Donbass hududlaridagi harbiy mojaro 2014 yilda Moskva tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ayirmachilar Ukraina hukumati nazoratidan chiqib, o‘zlarini mustaqil «xalq respublikalari» deb e’lon qilgandan so‘ng boshlangan. Ular da’vo qilgan respublikalar hali hech qayerda tan olinmagan.

Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, 8 yil ichida hududda yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida 15 mingga yaqin odam halok bo‘lgan. Rossiya mojaro ishtirokchisi ekanini inkor etadi, lekin isyonchilarni turli yo‘llar bilan, jumladan, yashirin harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish, COVID-19 ga qarshi vaksina yetkazib berish, 600 000 dan ortiq aholiga Rossiya pasportlarini berish orqali qo‘llab-quvvatlamoqda, deb ta’kidlaydi Reuters.

Ukraina Mudofaa vazirligidagi manbaga ko‘ra, Kiyev Donbassda 35 ming ayrimachi jangarilar va 2000 rossiyalik muntazam kuchlar borligini taxmin qilmoqda, ammo Rossiya buni rad etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lugansk okoplaridagi ukrainalik askarlar 8 yillik urushga chek qo‘yishni istamoqda