Donbassda yashovchilar urush ehtimoliga qanday qaramoqda?
18 fevral kuni Donbassdagi vaziyat keskinlashib, tan olinmagan DXR va LXR respublikalari rahbariyati aholini Rossiyaga evakuatsiya qila boshladi, keyingi kuni tongda umummilliy safarbarlik e’lon qilindi. Rossiya hududiga (asosan Rostov oblastiga) 60 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Ammo Donbassda yashovchilarning ko‘pchiligi o‘z uylarida qolishga qaror qilgan. «Meduza» ularning ayrimlari bilan gaplashdi.
Donetsk markazi, 2022 yil 19 fevral. Foto: AFP / Scanpix / LETA
Yelena. Shaxtyorsk
Bizda sokinlik, juda tinch. Faqat bugun Gorlovka tomonda portlash ovozlari eshitildi. Ammo transport ishlamoqda, barcha kommunikatsiya tizimlari ishlamoqda, aloqa bor, internet bor. Bilishimcha, Novoazovskda ham tun osuda o‘tgan — garchi u yer front chizig‘i yaqinidagi shahar bo‘lsa ham, hech qanday otishmalar bo‘lmagan.
2014-2016 yillarda men bu yerdan ketmaganman, doim shu yerda bo‘lganman — o‘sha urushni boshdan kechirganman. 2014 yilda do‘konlar ishlamagan, transport yurmagan — bu ikki oy davom etgan. Shaxtyorskda otishmalar bo‘lgan. Hatto erta tongdan tanklar jangi kuzatilgan [2014 yil iyulida] — o‘shanda ukrainlar tanklari kolonnasi o‘qqa tutilgan, ularni shuncha tarqatib yuborishgandi. Umuman olganda, o‘shanda voqealar ancha shiddatli kechgan — ustimizdan snaryadlar uchib o‘tgan, hozir esa bunday emas.
Shaxtyorskdagi shahar ma’muriyatining yonib ketgan binosi. 2014 yil 2 dekabrda olingan surat.
Valeriy Sharifulin / TASS
[Hozir] ko‘pchilikka smslar kelmoqda, xususan barcha evakuatsiya qilinishi kerakligi haqida. Yosh bolalari borlarga va qariyalarga qo‘ng‘iroq qilishmoqda [evakuatsiya haqida xabardor qilish uchun]. Bugundan bolalarning o‘qishi to‘xtatilishi haqida farmon chiqdi, yana uyda o‘tiramiz.
Mobilizatsiya tufayli ayrim onalar vahimaga tushgan: «Oy, bolamni olib ketishlarini xohlamayman». Men aytaman: «Bu bolamning huquqi, istasa — marhamat. Shunday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday bo‘laqolsin». Mening o‘g‘lim — chaqiruv yoshida, u — rezervist, bir necha bor mashg‘ulotlarga borgan. Men u bilan gaplashdim, unga povestka kelgani borasida qiziqdim: u aytdiki, hozircha hech narsa yo‘q.
Donetskdagi chaqiruv punkti. 2022 yil 19 fevral
Aleksandr Yermoshenko / Reuters / Scanpix / LETA
Men o‘zim hech qayerga ketishni istamayman. Bizni hech kim kutib turgani yo‘q — o‘zingiz bilasizki, ish ham. Hech kim ketishni istayotgani yo‘q. Odamlar urush bo‘lishiga ishonmaydi. Men ham ishonmayman: qarab turing, hech narsa bo‘lmaydi. Ishonchim komil. Biz endi qo‘rqmaymiz, biz shuncha yildan beri barchasiga ko‘nikib ketganmiz.
Menimcha, buning barchasi siyosat. [Qachondir] Rossiya bizning respublikalarni tan olishni xohlardi. Keyin [prezident Vladimir] Putin dedi: «Yo‘q, yo‘q, men tan olmayman». Endi pretsedent yaratish kerak. Endi Ukraina DXR va LNRga hujum qilsa, biz nima qilishimiz kerak? Biz ularni taniymiz, chunki bu yerda ko‘pchilik — Rossiya pasportlarini olishgan.
Bular barchasi nega aynan hozir ro‘y berayotgani tushunarsiz. [So‘nggi yillarda] biz Ukraina bilan ham, Rossiya bilan ham tinch-totuv yashab kelayotgandik. Ukrainaga xotirjam borib kelardik — muammo bo‘lmasdi, barchasi normal edi. Faqat koronavirus boshlanganida blokpostlarimizni yopishdi, faqat DXR shtabi ruxsati bilan chiqish mumkin edi, chiqish uchun ruxsat olish esa juda qiyin edi. Biz Rossiya orqali borishimizga to‘g‘ri kelardi — men bir safar Kiyevga yetib borish uchun 28 soat sarfladim.
[Menimcha], Ukraina hujum qilmoqchi emas [LXR va DXRga]. Men kecha «Ukraina 24» orqali Ukraina yangiliklarini kuzatdim va u yerda [xalq deputati Dmitriy] Razumkov chiqish qildi. U aytdi: «Biz bunday qilmaymiz [hujum qilmaymiz], bu bizning hudud, bizning odamlar».
Avvaliga barcha Rossiya 16 fevral kuni hujum qilishini kutayotgandi. Mening Ukrainada qarindoshlarim bor, ular ham qo‘rqishmoqda, chunki shunday vahima qo‘zg‘atishgan. Ayni vaqtda biz ham bu yerda shunday vahima bilan o‘tiribmiz. Endi bizga Ukraina hujum qilar ekan. Bular bari siyosat, deb hisoblayman. Hech narsa bo‘lmaydi. Gorlovkadagi tungi otishmalar… Menimcha, bu DXR tomonidan provokatsiya.
Haqiqiy harbiy harakatlar bo‘lmaydi, menga ishonavering. Men to‘liq ishonaman, bu shunday sahna ko‘rinishi. Yana bir hafta va barchasi o‘tib ketadi. LXR va DXRdagi kartinka ko‘rsatiladi va bo‘ldi.
Ammo, albatta, barcha Rossiya bizni tan olishini istaydi, chunki [masalan] u holda bank tizimi butunlay boshqacha ishlagan bo‘lardi. Hozir barchasi qandaydir tushunarsiz. Agar bizni tan olishsa, o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Hozir esa biz tan olinmaganmiz — xuddi Dnestrbo‘yi kabi.
Natalya Seregina. Donetsk
Men hech qayerga ketmoqchi emasman, chunki sevgidan voz kechmaydilar… Men, albatta, qolish — qo‘rqinchli emas deya olmayman. Faqat ahmoqlar va maqtanchoq tentaklar qo‘rqmasligi mumkin. Ammo qayerga qochasan? Bu yerda mening keksa ota-onam, erim, bolalarim, qarindoshlarim, barchamiz shu yerda. [Qolamiz] qo‘rquv bilan…
Menda urushning oldini olish mumkinligiga aniq ishonch yo‘q. Barchasi bo‘lishi mumkin. Tinchlik bo‘lishiga haddan tashqari ko‘p ishonib yuborish ishonch oqlanmasligi bilan tugashi va odam irodasini yo‘qotishi mumkin.
Istalgan vaqtda barchasi rejadan chetga chiqib ketishi mumkin. Ammo men o‘zimni va bolalarimni hech qayerga ketmaslikka ko‘ndirdim. Bilasizmi, katta farzandlarim — davlat xizmatchilari. Axir ular hech qayerga keta olmaydi. Kenjam ham oxirigacha biz bilan qoladigan bo‘ldi.
Donetsk, shahar markazi. 2022 yil 19 fevral. Foto: AFP / Scanpix / LETA
Denis. Donetsk
Men evakuatsiyaga qarshiman. Bu yer mening yerim, u meni saqlaydi.
Biz 2014 yilda ham hech qayerga qochmagandik va hozir ham qolishga qaror qildik. Men 45 yoshdaman, yaqinda infarktni boshdan kechirdim, stenokardiya (yurak muskullarining siqilishi, shuning natijasidagi og‘riq) bor, ammo agar haqiqiy qirpichoq boshlansa, albatta, men hatto panshaxa bilan bo‘lsa-da, ukrofashistlarga qarshi boraman. Harbiy harakatlar boshlanib ketgudek bo‘lsa, mening asosiy vazifam — o‘z oilamni va yerimni himoya qilish bo‘ladi.
Shahardagi haqiqiy vaziyat haqida gapirsam, aytishim mumkinki, haqiqiy holat zombiqutida aytishayotgani va ko‘rsatishayotganidan butunlay farq qiladi. Ko‘pchilik ketishga tayyor emas. Bu yerda 2014 yildan buyon yashab kelayotganlar bundan keyin ham yashashda davom etishadi.
Yevgeniy. Donetsk
Men chekka hududda yashayman. Kecha tushdan keyin va bugun — uzroqroqda otishdi. Men shahardagi infratuzilmalarni o‘zimiznikilar minalashtirgan deb hisoblayman. Menga ular hatto bezovtalanmayotgandek tuyulmoqda. Hech bo‘lmasa Gollivuddan kimnidir yollash kerak edi, ishonarli biror nima o‘ylab topish uchun. Shahar markazida «UAZik» portlamoqda va bu «UAZik» politsiya boshlig‘iniki ekanini aytishmoqda — bu hatto kulgili emas. Men birorta politsiya boshlig‘ini «uazik»da ko‘rmaganman. Menimcha, barchasini DXR rahbariyati qilmoqda. Ukrainaga bosqiniga ishonaman, ammo bu Ukrainaga emas, boshqalarga kerak.
Donetsk markazida portlagan mashina qoldiqlari. 2022 yil 18 fevral
Nikoliy Trishin / TASS / Scanpix / LETA
Farovon kontingent — biznesmenlar, siyosatchilar, banditlar — barchasi bu hududni 2014 yilda tark etishgan. Men qolganman, menga endi nima bo‘lishi qiziq edi. Ammo men bu hukumat uchun urushmayman. Men vatan himoyasiga bormayman, chunki men boshqa mamlakatni vatanim deb bilaman. Men ukrain bo‘lib tug‘ilganman va ukrain bo‘lib o‘laman, Rossiya pasportini olmayman.
Umuman, «hukumat» — bu shu odamlar uchun kompliment. Qanday qilib ta’lim ko‘rmagan odamlar ta’lim ko‘rgan odamlarni boshqarishi mumkin? [DXRning sobiq rahbari Aleksandr] Zaxarchenko o‘zimizga o‘xshagan odam edi — qora xalqdan chiqqandi.
[DXRning hozirgi rahbari Denis] Pushilin esa, eslashingiz uchun aytaman: 2010 yilda, men «Donbass Arena»da ishlaganimda, stadion tashqarisida MMM (moliyaviy piramida) palatkasi turardi, Denis Vladimirovich esa kampirlarning oyoq kiyimini kiyib olib, pulni qayerga qo‘yish kerakligi haqida va’z qilardi. Nima deb o‘ylaysiz, bu uning uchun urushga borishga arziydigan prezidentmi? Bu respublika emas — bu ***** [yerunda].
Aleksandr. Makeyevka
2014 yil bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, hozirda jimlik, ko‘chalar tinch. Ha, portlatishmoqda, ammo qayerdadir uzoqlarda. Odamlar vahimaga tushmoqda, bozorga bormoqda, kartoshka va makaronlarni, nimaga ko‘zi tushsa, barchasini sotib olmoqda. Va grechka ham, grechka — eng asosiysi.
2014-2015 yillarda men Ukraina hududiga ketgandim, chunki hali nima bo‘lishi noma’lum edi. Hozir esa ko‘nikib qolganman — mayli, portlatishsa portlatishsin.
Makeyevkadagi ijtimoiy yotoqxonada yashovchi kishi. Bu yerda urushda uyi vayron bo‘lgan yoki yaroqsiz holatga kelganlar yashaydi. Donetsk oblasti, 2018 yil noyabr. Foto: Mixail Tereshchenko / TASS
Evakuatsiya e’lon qilishdi. Ayrimlar negadir qayerlargadir jo‘nab qolishdi. Ishlaydiganlar esa ishini davom ettirmoqda. Hozirgacha ham xavf mavjud edi, ammo endi ketish kerakligini aytib vahima qo‘zg‘atishdi.
Do‘stlarim va tanishlarim shunday deyishmoqda: «Nima bo‘libdi. Qayerga? U yerda nima qilamiz?» Yangiliklarni o‘qisangiz, borganlar yozishmoqda: «Biz keldik, avtobuslar polida o‘tiribmiz, hech narsa berishmayapti». Menimcha, uyda qolgan yaxshiroq. Men qoldim, ertaga ishga chiqaman.
Qayerga boramiz? Mayli bordik, deylik. Bizni kim kutib turibdi? Hech kim. Barcha qarindoshlarimiz Ukrainada. Rossiyaga borish — to‘rga ilinadigan hech narsa yo‘q. U yerdagilarga bizsiz ham qiyin. Agar kichik shaharlarni olib qarasak — Moskva yoki Piterni emas — unday shaharlarda odamlarning hayoti biznikidan yaxshiroq emas. Hech qanday farqi yo‘q.
[Shu bilan birga] bizda so‘nggi yillarda barchasi yanada yomonlashdi — yo‘llar, ish. Yo‘llar xarobaga aylangan, odamlar har kuni o‘tishadi, g‘ildiraklar teshiladi. Bu urush tufayli emas, boshqaruvning ahvoli shu. Hokimiyat tepasidagi odamlar — o‘z hamyonini pulga to‘ldirish bilan band.
Men harbiy xizmatga chaqirilganman. Hozir uyma-uy yurib, povestka berishayotgan ekan, ammo hozircha menikiga hech kim kelmadi. Men urush qilishni istamayman. Buni kerak emas deb hisoblayman. Odamlar hokimiyatni bo‘lishish, cho‘ntaklarini qappaytirish bilan ovora. Kimgadir portfel [va lavozim], kimgadir pullar kerak. Hozir hukumat tepasida turganlar avval hech kim bo‘lishgan. Hozir ularda vakolat paydo bo‘lgan va ular nimadir o‘ylab topishga harakat qilmoqda. Kim urushga borishni istagan bo‘lsa — allaqachon ketgan. Hozirda armiya — shunchaki pul ishlash manbayi.
Internetda ko‘pchilik [hozirgi vaziyatni] 1941 yoki 1945 yil bilan taqqoslamoqda. O‘shanda odamlar vatan uchun jang qilishgan, nemislar hujum qilishgandi, hozir esa kimga qarshi jang qilasiz? Boshqa tomondagi birodarlar va opa-singillarga qarshimi? Ukraina hududida ko‘pchilikning qarindoshlari yashaydi. Juda ko‘pchilikning. Ha, balki, hammaning. Urushga borishdan ma’ni yo‘q.
Umumiy kayfiyat shunday: «Bizni qayerga bo‘lsa ham, qabul qilishsin». Rossiya qabul qilsa ham — yaxshi, yashayveramiz. Ukraina qabul qilsa — bu ham yaxshi. Hozir biz oraliq hududdamiz. U yerda [Rossiyada] yaxshiroq, u yerda ham [Ukrainada] yaxshi. O‘zimizda esa, odatdagidek, ishlar chatoq. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi