San-Fransisko ko‘chmas mulk bozorida g‘ayritabiiy o‘sish kuzatilmoqda

San-Fransisko ko‘chmas mulk bozori o‘zining qimmatligi bilan doim ajralib turgan bo‘lsa-da, hozirgi rekord darajadagi savdolar barcha tasavvurlardan oshib ketdi. Masalan, Cow Hollow mavzesidagi uy 7,95 million dollarga baholangan bo‘lsa-da, yakunda 15 million dollarga sotildi. Sotuvchilar 2020-yilda 7,8 million dollarga xarid qilgan mulkini besh yilga yetmay ikki barobar qimmatroqqa pullashga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Bozordagi bu holat faqat o‘ta qimmatbaho uylar bilan cheklanib qolmayapti. Presidio Heights hududidagi 4,4 million dollarga baholangan uy bir hafta ichida 8,2 million dollarga sotilgan bo‘lsa, Bernal Heights mavzesidagi uy ham belgilangan narxdan 1 million dollar qimmatroqqa xaridor topdi. Redfin ma’lumotlariga ko‘ra, San-Fransiskoda hashamatli uylar savdosi yiliga 22 foizga o‘sgan va ular o‘rtacha 12 kun ichida sotilmoqda.
Bunday keskin o‘zgarishlarning asosiy sababi shahar texnologik iqtisodiyotining rivojlanishi bilan bog‘liq. OpenAI va Anthropic kabi sun’iy intellekt sohasidagi gigant kompaniyalar xodimlari o‘z aksiyalarini ikkilamchi bozorda sotish orqali katta mablag‘ga ega bo‘lishdi. Bu likvidlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chmas mulk bozoriga yo‘naltirilmoqda.
Kelajakda SpaceX, OpenAI va Anthropic kabi kompaniyalarning IPOga chiqishi vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin. Yuzlab milliard dollarlik qiymatga ega kompaniyalarda ishlovchi minglab xodimlar o‘z aksiyalarini naqd pulga aylantirgach, hozirgi narxlar oddiy holatdek ko‘rinib qolishi ehtimoli yuqori.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!