1 338
Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan harbiy harakatlari moliya bozorlarida sarosimalarga sabab bo‘lmoqda
Ukrainadagi so‘nggi voqealar soyasida jahon moliya bozorlarida tushkunlik yuzaga keldi. Oxirgi yetti yilda ilk bor jahon bozorida neftning bir barreli bahosi 100 AQSH dollaridan ziyodga ko‘tarildi. Ukrainaga hujum haqidagi xabarlar ortidan Brent nefti bir barrelining (156 litr) narxi 105 dollarga chiqdi. JP Morgan tahlilchilariga ko‘ra, yaqin kunlarda bir barrel neft narxining 150 dollarga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Ayni paytda Rossiya rublining qadrsizlanishi kuzatildi: 1 AQSH dollari 90 rublga, 1 Yevro 100 rublgacha chiqib ketdi. Moskva birjasida bir muddat savdolar to‘xtatilgan. 24 fevral tongidan e’tiboran Rossiyaning barcha shirkatlari aksiyalari shitob bilan arzonlab bormoqda. Moskva birjasi indeksi 11 foizga qulagan. Oldi-sotti jarayonida katta sarosima kuzatilmoqda. Investorlar Ukrainaga bostirib kirilgani ortidan Rossiyaga nisbatan G‘arb va’da qilgan yangi keskin sanksiyalar joriy etilayotganidan tashvishda. Bir kun ichida Rossiya kompaniyalarining 150 milliard dollar zarar ko‘rgani aytiladi. AQSH dollari payshanba tongidan buyon qimmatlashayotgani yana inflyatsiya darajasining oshishiga sabab bo‘lmasligi mumkin emas. O‘z navbatida, mazkur holat aholi daromadlarida salbiy aks etadi.
Rossiya yirik kompaniyalarining aksiyalari qulashi ortidan jahondagi yirik birjalarda ham savdolar hissalarning bahosi tushishi bilan boshlandi. Rossiya Markaziy Banki rubl qiymatini ko‘tarib turish maqsadida intervensiya boshlaganini e’lon qildi. Rossiya rublining qadrsizlanishi qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlarida ham kuchli aks-sado berdi.
Qozog‘iston Milliy banki tanga kursini qo‘llab-quvvatlash uchun yarim kun ichida 104 million dollar sarfladi. Regulyator matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu qaror «geosiyosiy vaziyat sezilarli darajada yomonlashganda tashqi sektordan xatarlarni realizatsiya qilish fonida narxlar barqarorligini saqlash zarurati bilan bog‘liq». Qozog‘istonda kun davomida valyuta ayirboshlash shoxobchalarida dollar qimmatlashda davom etdi va kunning ikkinchi yarmidagi birja savdolari yakunlariga ko‘ra, dollar kursi 465,9 tengeni tashkil qildi. Kun davomida tengening tushishi 28 punktni tashkil etdi. Vaholanki, 24 fevral kuni ertalab rasmiy kurs 437 tenge edi.
Qirg‘iziston Milliy banki ham tashqi va ichki valyuta bozoridagi vaziyatga izoh berdi. Milliy bank xabarida ta’kidlanishicha, Ukrainadagi voqealar munosabati bilan hamda AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan Rossiyaga qarshi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar haqidagi ma’lumotlar fonida Rossiya rubli kursining yuqori o‘zgaruvchanligi tashqi moliya bozorlarida kuzatilmoqda. Bu ichki valyuta bozorida dollar kursining oshishiga olib keldi. Qirg‘iziston Milliy bankning fikricha, bunga «ko‘p jihatdan psixologik omillar va bozor ishtirokchilarining umidlari sabab bo‘lmoqda».
«Milliy bank» bank hamjamiyati vakillari bilan mavjud vaziyat va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish masalalarini muhokama qildi. «Ukraina atrofidagi inqiroz fonida ichki valyuta bozorida dollarga talab ortib bormoqda. Vaziyatni barqarorlashtirish uchun Milliy bank valyuta intervensiyalarini amalga oshirdi. Zarur hollarda Milliy bank valyuta bozorida ishtirok etishda davom etadi, uni moslashtirish uchun zarur resurslar va vositalarga ega bo‘ladi», — deyiladi Qirg‘iziston Milliy banki xabarida.
24 fevral kuni Qirg‘iziston banklari AQSH dollari kursini keskin oshirdi. Ertalab Amerika valyutasi 84,9 somdan sotildi, soat 15:25da dollar kursi 95 somgacha ko‘tarildi. Ayrim banklarning mobil ilovalarida valyuta ayirboshlash imkoniyati o‘chirib qo‘yilgan.
Tojikistonda ham rublning somoniga nisbatan kursi keskin tushib ketdi. 24 fevral kuni ayrim kredit tashkilotlari («Esxata bank» va «Amonatbank») 1000 Rossiya rubli Tojikiston Milliy banki belgilagan kurs bo‘yicha 128 somoniy, bir kun avvalgidan 13 somoniyga arzonlashganini tasdiqladi. Tojikiston Milliy banki rubl kursining somoniyga nisbatan keskin tushib ketgani haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi yoki rad etmadi. Tojikistonda 2016 yildan beri Markaziy bank ko‘rsatmalariga ko‘ra rubldagi o‘tkazmalar qabul qilish vaqtidagi kurs bo‘yicha konvertatsiya qilingandan so‘ng faqat somoniyda beriladi.
Xullas, bir tomonda harbiy operatsiyalar, ikkinchi tomonda xalqaro moliya bozorlaridagi karaxtlik davom etmoqda.
Abduvali SOYIBNAZAROV,
xalqaro sharhlovchi
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
xalqaro sharhlovchi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Samarqandda voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlandi
Jaloliddin Masharipov: "Qatar ustidan g‘alaba qozonsak, Jahon chempionati masalasini 90 foizga hal etamiz"
AQSHda Tramp siyosatidan qochmoqchi bo‘lganlarga 4 yillik sayohat taklif qilindi