07:56 / 13.03.2022
2 635

Nega NATO Ukraina uzra parvozlarni taqiqlamayapti?

Nega NATO Ukraina uzra parvozlarni taqiqlamayapti?
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Britaniya parlamenti vakillariga “Iltimos, Ukraina osmonimiz xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qiling. Iltimos, qilinishi kerak bo‘lgan ishni bajaring!“ – deb murojaat qildi.

Zelenskiy video havola orqali o‘zining iltimosi bilan yana bir bor Ukraina shaharlarini bombardimon qilayotgan Rossiya kuchlarini quvish uchun G‘arbning qiruvchi samolyotlari joylashtirilishi lozim bo‘lgan uchish taqiqlangan hudud yaratishga chaqirdi.

Mamlakatning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Xarkov to‘xtovsiz havo hujumlari natijasida vayron bo‘ldi. Ko‘chalar vayronalar va bomba kraterlariga to‘lib ketdi. Qamaldagi Mariopol portida bolalar shifoxonasi bombardimon qilindi, natijada uch kishi, jumladan bir qizcha halok bo‘ldi.

Zelenskiy Tvitterda Rossiyani hujumda ayblab: “Dunyo qachongacha terrorni mensimaydigan sherik bo‘lib qoladi? Hoziroq osmonni yoping! Qotilliklarni to‘xtating!“ – deb yozdi. Biroq hozircha prezidentning chaqiriqlari javobsiz qolmoqda.

G‘arb davlatlari Moskvaning harbiy tajovuzini qoralash va bir vaqtning o‘zida uning harbiy apparatini ishdan chiqarish uchun bir qator halokatli sanksiyalarni qo‘llashda qat’iyat ko‘rsatgan bo‘lsa ham parvozlar taqiqlangan hudud demokratik davlatlar o‘tishni istamaydigan to‘siqligicha qoldi.

Nisbatan yangi konseptsiya, uchish taqiqlangan zona - 1990-yillarning boshlarida Ko‘rfaz urushi paytida, 35 davlatdan iborat koalitsiya Saddam Husaynning Iroq kuchlarini Quvaytdan siqib chiqarish uchun birlashganda paydo bo‘lgan.

Nazariya oddiy: uchish taqiqlangan zona - bu faqat ma’lum samolyotlargina uchishi mumkin bo‘lmagan cheklangan hudud. Bu qurolsizlantirilgan zonaning havo ekvivalenti sifatida ko‘rish mumkin. Amalda esa, konseptsiya ham murakkab, ham xavfli.

Uni amalga oshirish uchun shartlarni buzganlarning barchasini aniqlash va kerak bo‘lganda urib tushirish uchun kuzatuv va qiruvchi samolyotlarni joylashtirish kerak.

1991 yilda AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya Iroqning mintaqada yashovchi etnik kurd ozchilikka qarshi vahshiyliklarini oldini olish uchun shimoliy Iroqda uchish taqiqlangan hududni, janubdagi shia musulmonlarini himoya qilish uchun alohida zonani joriy qilgan.

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, o‘n yil davomida, 2003 yilda Iroqqa bostirib kirgunga qadar AQSH va uning ittifoqchilari 280 000dan ortiq parvozlarni amalga oshirgan.

Uchish taqiqlangan zonalar NATO tomonidan 1993 yilda Bosniya urushi paytida tashkil etilgan, bu alyansning qurolli mojarodagi ilk ishtiroki edi. 2011 yilda ular Liviyadagi fuqarolar urushi davrida qo‘llanib, isyonchi kuchlarga Muammar Qazzofiy hukumatini ag‘darish uchun yo‘l ochgan.

Endi Rossiya xalqaro sanksiyalarga to‘sqinlik qilib, quruqlik, dengiz va havo orqali bostirib kirishda davom etar ekan, Zelenskiy alyansdan Ukraina uzra parvozlarni taqiqlovchi hudud joriy etish haqidagi talablarini ikki baravar oshirmoqda.

Biz har kuni takrorlayapmiz: Ukraina osmonini yoping! Agar shunday qilmasangiz, yoki bizga o‘zimizni himoya qilishimiz uchun samolyot bermasangiz, bundan yagona xulosa kelib chiqadi: siz bizni sekinlik bilan o‘lishimizni xohlaysiz!“ – degan edi Zelenskiy.

Xo‘sh, nega Ukrainada ham uchish taqiqlangan hududlar yaratilmayapti?

Iroq, Bosniya va Liviyadan farqli o‘laroq, Ukrainadagi parvozlar taqiqlangan hudud NATOni dunyodagi ikkinchi eng qudratli armiyaga ega bo‘lgan yadroviy kuchga - Rossiyaga qarshi qo‘yadi. Rahbarlar bundan qochishni istashi aniq.

Men NATOni harbiy mojaroga aralashishga undayotgan barcha da’vatlarni mas’uliyatsiz deb hisoblayman“, dedi Litva Bosh vaziri Ingrida Simonite. Bryusselda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg jurnalist har safar bu qizil chiziqni ko‘targanida ta’kidlaydi. “Biz umidsizlikni tushunamiz, lekin agar shunday qilsak, Yevropada ko‘proq mamlakatlar va ko‘proq azob-uqubatlarni o‘z ichiga olgan to‘laqonli urush xavfiga duch kelamiz“, – dedi u o‘tgan hafta.

Zelenskiyning iltimosini bajarish NATOga a’zo davlatlardan Rossiya kuchlarini kuzatish va quvish uchun Ukraina havo hududiga o‘z qiruvchi samolyotlarini joylashtirishni talab qiladi. Kuzatuv operatsiyalari doimiy va tizimli bo‘lib, 603 km² ulkan hududni qamrab olishi kerak edi.

G‘arb davlatlari ham o‘z samolyotlarini urib tushirishdan himoya qilish uchun Moskvaning quruqlikdagi havo mudofaa tizimlariga hujum qilishga majbur bo‘ladi. Bu alyans uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin, chunki ushbu tizimlarning ba’zilari Ukrainadan tashqarida joylashgan bo‘lishi mumkin va bu NATOni havo ustunligini kafolatlash uchun Rossiya yoki Belarus hududiga zarba berishga majbur qiladi.

Bu ssenariy, ehtimol, ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikka olib kelishi hamda NATOning jamoaviy mudofaa to‘g‘risidagi 5-moddasi ishga tushishiga olib keladi. Vayron qiluvchi yadro urushi haqidagi qo‘rquvlar bir kechada aql bovar qilmaydigan narsadan reallikka aylanadi.

Biz bu mojaroning bir qismi emasmiz. Va biz bu mojaroning kuchayib, Ukrainadan tashqariga tarqalib ketmasligini ta’minlash uchun javobgarmiz“, - dedi Stoltenberg.

Xavf shu qadar yuqoriki, Polshaning barcha MiG-29 qiruvchi samolyotlarini AQSHning Germaniyadagi bazasi orqali Ukrainaga yuborish haqidagi taklifi Pentagon tomonidan rad etildi, chunki bu “butun NATO ittifoqi uchun jiddiy xavotirlar“ keltirib chiqaradi.

Moskvada Putin allaqachon har qanday uchinchi tomon tomonidan parvozlar taqiqlangan hudud “qurolli mojaroda ishtirok etish“ sifatida ko‘rilishi haqida ogohlantirgan bo‘lsada, u G‘arb tomonidan kiritilgan va Rossiyaning markaziy qismidan boshlab hamma narsani nishonga olgan qattiq sanksiyalarni ham urush e’loniga o‘xshatdi.

Alyansning amaliy ishtiroki Putinga Ukrainaga bostirib kirishni NATO tajovuziga qarshi omon qolish urushi sifatida qayta nomlash uchun oson bahona beradi va rossiyaliklar harbiy kampaniyani qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo Kiyevda Zelenskiy barcha xavotirlar va bashoratlarini rad etib, Ukraina osmonini “barcha Rossiya raketalari“ va “Rossiya harbiy samolyotlari“ga yopish lozimligini isbotlashda davom etmoqda. Stoltenbergga keskin javob bergan Ukraina prezidenti tinch aholi qurbonlari aybini G‘arb zimmasiga yuklashgacha bordi. “Bugundan buyon o‘lgan barcha odamlar ham siz tufayli, sizning kuchsizligingiz tufayli, sizning birdamligingiz tufayli o‘ladi”, dedi Ukraina prezidenti.

Parvozlar taqiqlangan zona geografik maqsadli bo‘lsa ham, operatsiya har bir NATOga a’zo davlatdan rozilikni talab qiladi. Bu vaziyatning kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday urinishlarga siyosiy ishtahaning pastligini hisobga olsak, hozircha bu aniq oxiri ko‘rinmaydigan majburiyat.

Alyans uchun muammolarni yanada qiyinlashtirgan holda, parvozlarni taqiqlash zonasini joriy etishga bo‘lgan har qanday urinish, prinsipial jihatdan, Bosniya va Liviya bosqinlarida bo‘lgani kabi BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

Uning doimiy a’zolaridan biri sifatida Rossiya bosqinni qoralovchi yoki harbiy aralashuvga ruxsat beruvchi har qanday rezolyutsiyani bekor qilish uchun veto huquqidan foydalanishi aniq.

Shu bilan bir qatorda, Ukraina hukumati Iroq hukumati 2014 yilda «Islomiy davlat» deb atalgan tashkilotga qarshi kurash uchun yuborilgan Amerika boshchiligidagi koalitsiya bilan qilganidek, xorijiy kuchlarni mamlakatga kirishga rasman taklif qilishi mumkin.

Zelenskiyning so‘nggi chiqishlarini hisobga olsak, G‘arb uni rad etishga bir necha bor urinishlariga qaramay, taklif hali ham stolda turganga o‘xshaydi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Nega NATO Ukraina uzra parvozlarni taqiqlamayapti?