
Ikkinchi jahon urushi vaqtida slovakiyalik balerina Edit Yeva Eger nemislar tomonidan Osvensim lageriga tashlanganida 16 yoshda edi.
U Osvensimda dahshatli yovuzliklarning guvohi bo‘lgan. Uning hikoyalaridan tayyorlangan videolavha har bir insonning tinchlikni qadrlashga, urush yovuzliklarini, tarix saboqlarini unutmaslikka undaydi.

«Men 16 yoshda edim, meni yoqtiradigan yigit bor edi. Bizni liq to‘la vagonda olib ketar ekan, men tanish ovozni eshitdim. U Erik edi. Odamlar orasidan u ko‘zlarimga boqdi, qo‘llarini uzatdi, ammo bizni odamlar to‘lqini har yoqqa uloqtirdi. «Men shu yerdaman» dedim. Ovozimni vagonning taqur-tuquri bosib ketdi. Uning ovozini eshitdim, «men hech qachon sening ko‘zlaringni unutmayman, men hech qachon sening qo‘llaringni unutmayman». Men esa o‘ylardim. Agar men bugun tirik qolsam, ertaga u ko‘zlarimni, qo‘llarimni ko‘radi. Sen mening ko‘zlarimni qayta ko‘rishing uchun tirik qolishim kerak, senga qo‘llarimni qayta ko‘rsatishim uchun ham tirik qolishim kerak. Onam meni quchoqlab deydi: «Biz qayerga boramiz, bizni nimalar kutib turibdi, bilmayman. Ammo unutma, faqatgina xotiralaringni hech kim ololmaydi».
Bizni guruhlarga ajrata boshlashdi. Men, singlim Magda va onam. Doktor Yozef Mengel so‘radi: «Bu sening opangmi yo onang». «Mening onam». Mana shu birgina iqror bir umr vijdonimni qiynadi. Onamni mendan tortib olishdi, boshqa xonaga olib ketishdi. Men shunda o‘zim qatori asiralardan so‘radim, «onamni qachon ko‘raman» deb. Ulardan biri tutun chiqib turgan trubani ko‘rsatib, « ana onang yonayapti», dedi. Singlim meni qattiq quchoqlab shivirladi, ruh hech qachon o‘lmaydi, qalb hech qachon o‘lmaydi.
Bir kuni baragimizga shifokor Mengel kirib keldi. «Kim yaxshi raqsga tushadi», dedi. Do‘stlarim meni ko‘rsatishdi. «O‘yna» degan buyruqni eshitdim, mening oyoq-qo‘llarim jonsiz edi. «O‘yna», musiqadan ham baland ovozdan keyin o‘zimga keldim. Nemislar yuzlab qizlarning orasidan o‘limga mahkum qilishni muhokama qilayotgan ekan, ulardan biri men bo‘lishim mumkin. Men o‘zimni sahnada tasavvur qildim, ko‘zlarimni yumdim. Onamning ovozi eshitildi: «sening xotiralaringni hech kim o‘g‘irlay olmaydi». Men Chaykovskiyning «Romeo va Juletta»siga o‘ynay boshladim. Go‘yoki muxlislarim uchun raqsga tushaman, yoritgichlar yorug‘ida raqsga tushaman. Men sevgilim va Romeo uchun raqsga tushaman, men muhabbat uchun raqsga tushaman, men hayot uchun, tiriklik, tirik qolish uchun raqsga tushaman.
Raqsim yoqsa menga non berishardi. Va nonni singlim Magda va uning xonadoshlariga bo‘lib berardim. Biz bir-birimizga yordam berishimiz kerak edi. Bizni keyinchalik Osvensimdan fashistlar katorgasiga jo‘natishdi. U yerda o‘lim marshi o‘tkazilardi. Marshda kim orqada yoki to‘xtab qolsa otib tashlanardi. Men shu yerda o‘lsam kerak, deb o‘yladim va to‘xtadim, men o‘lishni istayotgan edim. Ammo men non bergan qizlardan biri suyab qoldi. Atrofimda o‘liklar va qon...
Bizni 1945 yil 4 may kuni ozod qilishdi. Ahvolim juda yomon edi, bir necha kasalliklarga chalingandim, tishlarim to‘kilib ketgan edi. Men uyga ota-onamsiz, bobo-buvimsiz qaytdim. Bu esa ularni yana qayta yo‘qotish bilan barobar edi. Birgina umidim – Erikni tirik ko‘rish edi. Men uning uyiga har kuni bordim. Har safar meni bo‘m-bo‘sh uy kutib olardi va bir kuni xabar oldim, u yanvar oyida Osvensimda, ozod qilinishga bir kun qolganida vafot etgan ekan. Mening tonglarim maqsadsiz otar edi. Faqat maktabgina meni yorug‘likka olib chiqdi. Ammo men bitiruv kechasiga bormadim. Meni tirik qolganim uchun ayborlik hissi ezayotgan edi. Nima uchun men tirik qoldim, deb tinimsiz o‘zimga o‘zim savol berardim. Tirik qolganim uchun o‘zimni kechirolmasdim, boshqalar o‘rniga yashayotganim uchun kechirolmasdim.
Keyinchalik psixolog sifatida urushda yaralangan yoki zo‘rovonlikka uchraganlarga yordam bera boshladim. Vetnam faxriylariga g‘amxo‘rlik qilish jarayonida ikkita bir xil yaralangan, oyoq-qo‘llari ishlamaydigan askarlarga duch keldim. Biri tinmay tirik qolganidan nolirdi, o‘zini aybdor his qilardi, ikkinchisi esa shukr qilardi, aytardiki, tiriklik biz uchun yana bir imkoniyat. Men agar o‘zimni kechirolmasam, qanday qilib boshqalarga yordam bera olaman deb o‘yladim. Oxiri Osvensimga bordim. U yerda men o‘zimni kechirdim. Tirik qolganim va yashayotganim uchun o‘zimni kechirdim. Endi u qizaloq yo‘q, u kuchli ayolga aylangan. Iztiroblar bizni kuchli qiladi. Unutmang, xotiralaringiznigina hech kim o‘g‘irlay olmaydi, ololmaydi». “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar