Foto: BBCRussian
So‘nggi yigirma yil ichida Kremlga yaqin hisoblangan oligarxlar Rossiyadan tashqaridagi hashamatli mulklarga katta miqdorda sarmoya kiritgan. Xususan, xalqaro sanksiyalar ostidagi o‘nga yaqin rossiyalik Buyuk Britaniyada taxminan 800 million funt sterling qiymatidagi ko‘chmas mulklarga egalik qiladi.
BBC surishtiruvlariga ko‘ra, rus oligarxlari tomonidan sotib olingan mulklar orasida Angliya janubidagi ko‘p million funt sterlinglik dala hovlilar va Londonning eng qimmat joylarida joylashgan hashamatli kvartiralar bor.
Umuman olganda, Rossiyaning Ukrainaga harbiy harakatlar boshlashi fonida AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi mingdan ortiq rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslarga sanksiya qo‘ydi.
Jamoatchilikka ochiq bo‘lgan ofshor hujjatlar, Buyuk Britaniya yer reyestri va sud hujjatlari hamda bu borada avvalgi hisobotlarda qayd etilgan ma’lumotlar asosida kimning nimaga egalik qilishi bo‘yicha surishtiruv natijalari e’lon qilindi.
Mart oyi boshida Buyuk Britaniya hukumati «Chelsi» futbol klubining egasi hisoblangan Roman Abramovichga nisbatan sanksiyalar kiritdi.
Qayd etilishicha, 55 yoshli milliarder Buyuk Britaniyada 50 dan ortiq hashamatli turar joylardan tarkib topgan katta mulk portfeliga ega, ularning aksariyati London g‘arbida joylashgan. Bundan tashqari, u Britaniyaning Fordstam Limited kompaniyasi yordamida Chelsea Village mavzesidagi o‘nlab kvartiralarga, shuningdek, «Stemford Bridj» stadioni atrofidagi mehmonxona va turar joy majmuasiga egalik qiladi.
Uning Londondagi eng qimmat mulki sifatida Billionaires Row ko‘chasida joylashgan 15 xonali uy ko‘rsatilgan. Abramovich g‘arbiy Londonda joylashgan ushbu hashamatli binoni 2011 yilda ofshor kompaniya orqali 90 million funt sterling evaziga sotib olgan. 2016 yilda esa yerosti suzish havzasini qurishni o‘z ichiga olgan 28 million funt sterling qiymatidagi rekonstruksiya qilish ishlari uchun ruxsat ham oladi, biroq loyiha amalga oshmay qolgan. Mahalliy kengashga taqdim etilgan hujjatlarda saroyning mavjud suzish havzasi «kichkina» va «noqulay» deya ta’riflangan.
Abramovich 2017 yilda King’s Road’da joylashgan va bahosi 8,7 million funt sterling bo‘lgan kvartirani sotib olishda ham Fordstam Limited kompaniyasi xizmatlaridan foydalanadi. Multimilliarder 2019 yilda Lots Road ko‘chasidagi uch qavatli penthaus uchun ham 22,3 million funt sterling to‘laydi.
Roman Abramovich ushbu ko‘chmas mulklar haqida BBC so‘roviga javob berishdan bosh tortgan.
3 mart kuni Buyuk Britaniya hukumati «Kreml bilan yaqin aloqasi» tufayli Alisher Usmonovning mamlakatdagi aktivlarini butunlay muzlatib qo‘ydi va Birlashgan qirollikka kirishiga cheklov o‘rnatdi. Avvalroq, Yevropa Ittifoqi ham rossiyalik oligarxga qarshi xuddi shunday sanksiyalar kiritgandi.
O‘zbekistonda tug‘ilgan tadbirkor «Arsenal» klubining sobiq aksiyadori hisoblanadi. Shuningdek, «Everton»ning asosiy sarmoyadori Farhod Moshirining yaqin sherigi hamdir. Sanksiyalar sabab «Everton» klubi Usmonovning kompaniyalari bilan barcha bitimlarni to‘xtatdi, xususan, klub mashg‘ulot maydonchalari USM homiyligidan voz kechdi.
Usmonovning umumiy boyligi 18,4 milliard dollar (14 milliard funt sterling)ga baholangan. Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, milliarder London shimolidagi Beechwood House va Surreydagi 16-asrda qurilgan Sutton Place majmuasiga egalik qiladi.
Biroq Usmonovning matbuot kotibi milliarderning Buyuk Britaniyadagi mulklarining katta qismi, shuningdek, 600 million dollarlik (456 million funt sterling) yaxtasi avvalroq boshqa shaxslarga «ishonchli boshqaruv» uchun berilganini ma’lum qilgan.
Britaniya hukumatining nishoniga tushgan ikkita uyning egalik huquqini aniqlash juda qiyin kechgan. Bu ushbu ko‘chmas mulklarning Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan trestlar va kompaniyalarning murakkab tarmog‘i orqali xarid qilingani bilan bog‘liq.
London shimolidagi Haygeytda joylashgan Bichvud-haus. Foto: SHUTTERSTOCK
Xususan, Beechwood House 2008 yilda ofshor shirkat yordamida 48 million funt sterlingga sotib olingan. Sutton Place xaridida esa Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ikki firma faol ishtirok etgan.
Britaniya hukumati Oleg Deripaskaga qarshi sanksiyalar qo‘llashda uni 2 milliard funt sterling boylik egasi va Roman Abramovichning «bir paytlardagi biznes sherigi» deya ta’riflagan.
Mart oyi boshidagi sud majlisida Deripaska Veybrijdagi Hamstone House saroyining egasi sifatida tilga olingan. Sakkiz gektar yerda joylashgan ushbu bino 2001 yilda Kiprning Edenfield Investments Limited kompaniyasi tomonidan 7,1 million funt sterling evaziga xarid qilingan.
Deripaskaning Belgrave maydonida uyi Ukrainadagi urushga qarshi namoyishchilar tomonidan egallab olingan.
Milliarderning Bukingem saroyi yaqinida ham mulki borligini tasdiqlovchi dalillar mavjud. 17 asrda qurilgan terrasali uy 2004 yilda Britaniya Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan Atibe Limited ofshor kompaniyasi tomonidan 4,7 million funt sterlingga sotib olingan. Ushbu ofshor firma EN+ (Deripaska ulushi bo‘lgan energetika va metallurgiya guruhi) yillik moliyaviy hisobotida ham ko‘rsatilgan.
Milliarderning matbuot kotibi qo‘llanilayotgan sanksiyalar «juda noto‘g‘ri» va «asossiz» ekanligini ma’lum qilgan.
«Janob Deripaska hech qachon siyosat bilan shug‘ullanmagan. Uni Rossiya hukumati yoki Vladimir Putinga yaqin, deb taxmin qilish noto‘g‘ri», - deyiladi uning bayonotida.
Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlarni boshlashi ortidan Buyuk Britaniyada yashovchi milliarder Mixail Fridman ham sanksiyaga uchraganlar ro‘yxatiga kiritildi. Uning LetterOne investitsiya kompaniyasidagi aksiyalari muzlatib qo‘yildi. Bu milliarderning «prezident Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarga egaligi» bilan izohlangan.
Fridman BBC’ga Buyuk Britaniya hukumati tomonidan sanksiyalar joriy etilganidan hayratda ekanligini va uning Vladimir Putin bilan chambarchas bog‘liqligi haqidagi da’vo «mutlaqo noto‘g‘ri»ligini ma’lum qilgan.
Umumiy boyligi 12 milliard dollarga baholangan Fridman 2016 yilda 65 million funt sterling evaziga London shimolidagi Athlone House nomli ulkan ko‘chmas mulk majmuasini sotib olgan.
Athlone House, London. Foto: SWNS
Petr Aven Yevropa Ittifoqining sanksiya hujjatlarida «Prezident ruxsatisiz mustaqil ishlamaydigan» Vladimir Putinning eng yaqin oligarxlaridan biri sifatida qayd etilgan. Uning Britaniyadagi aktiv va aksiyalari muzlatib qo‘yildi.
Britaniya yer reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Aven Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya yordamida Surreydagi Ingliston House uchun 8 million funt sterling to‘lagan.
Shuningdek, milliarder Kandinskiy, Luiza Burjua va Genri Mur asarlarini o‘z ichiga olgan shaxsiy san’at kolleksiyasiga ham ega.
Petr Aveyenning kolleksiyasi. Foto: RICK PUSHINSKY
U o‘ziga nisbatan qo‘llanilayotgan sanksiyalarni «tushunarli, ammo adolatsiz» deya ta’riflab, sanksiya qo‘llanilishi uchun asosli sabab ko‘rmaganini va hech qachon Vladimir Putin talablari ostida ishlamaganini aytgan.
Buyuk Britaniya hukumati tomonidan «Vladimir Putinning Ukrainani beqarorlashtirishda ishtirok etgan yaqin sherigi» deya atalgan German Xon ham mart oyining boshida sanksiyaga uchradi.
Kiyevda tug‘ilgan Xon va uning rafiqasi Anjelika Angliyada bir nechta mulkka egalik qiladi. Panama hujjatlarida er-xotinning Seyshel orollaridagi Apilosa korporatsiyasida ulushi borligi keltirib o‘tilgan.
Hujjatlarda qayd etilishicha, German Xon 2008 yilda Bukinghem saroyi yaqinida 62 million funt sterlingga ikkita kvartira sotib olgan.
Shuningdek, er-xotin 2014 yilda 26 million funt sterlingga qasr xarid qilishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uy 2021 yil 24 dekabrda Ravenmorrow Limited kompaniyasiga 31 million funt sterlingga sotilgan. Hozirda mulk kimga tegishli ekanligi noma’lum. Chunki o‘tgan yilning dekabr oyida tashkil etilgan Ravenmorrow Limited’ning benefitsiari ko‘rsatilmagan.
Shuningdek, Igor Shuvalov 11 million funt sterlingga baholangan ikkita hashamatli kvartiraga, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan yaqin munosabatlari sabab sanksiyaga tushganlar ro‘yxatiga kiritilgan Mixail Gutseriyev Londondagi 40 million funt sterlingga baholangan ofis binosiga, VTB bankining rahbarlaridan biri Yuriy Solovyov Hempsted va Vestminsterdagi ikkita penthausga, «Vladimir Putin rejimining eng muhim moliyachilaridan biri» sifatida ta’riflangan «Gazprombank» boshqaruvi raisi Andrey Akimov ham Londonda ko‘chmas mulklar va firmalarga egalik qiladi, deyiladi BBC surishtiruv ma’lumotlarida.
Bundan tashqari, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning o‘gay qizi sifatida keltirilgan Polina Kovaleva Londonda joylashgan 4 million funt sterling qiymatidagi mulkka va Kensington shahridagi kvartiraga ega.
2012 yilda Upper Ribsden saroyi Britaniya Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan Ravendark Holdings Limited kompaniyasi tomonidan 27,5 million funt sterlingga sotib olingan. Bu xarid ortida esa Vladimir Putinning eng yaqin do‘stlaridan biri Arkadiy Rotenberg nomi tilga olinadi. U va Putin Sankt-Peterburgda dzyudo bilan shug‘ullanishgan.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi