Kattalarning immunitetini qanday yaxshilash mumkin? Umuman olganda, uni ko‘tarishning iloji bormi? Kimdir sovuq ob-havo bunga salbiy ta’sir qiladi deb, kimdir esa u bilan umuman aloqasi yo‘q, deb o‘ylaydi. Keling, buni mutaxassis bilan birga aniqlaymiz.
Inson immunitetini qanday oshirish mumkin — bu savol hamon dolzarbdir. Immunitetimiz organizmni patogenlardan himoya qiladi. Ammo ba’zida u kuchsizlanadi: organizmga mikrob muvaffaqiyatli kirib, bizni kasal qiladi. Bu jarayonga aralashib, immunitetingizni mustahkamlash mumkinmi? Oziq-ovqat mahsulotlari yordam beradimi? Ma’lum vitaminlar yoki qo‘shimchalar kerakmi? Yoki turmush tarzini o‘zgartirish kerakmi?
Immunitet tizimini mustahkamlash uchun nima qilish lozim?
Ilmiy nuqtayi nazardan “immunitetni oshirish” degan narsa yo‘q. Darhaqiqat, immunitet doimiy ravishda mustahkamlanishi bizga kerak emas. Gap shundaki, u mikroblarga reaksiyaga kirishadigan ko‘plab turdagi hujayralarni o‘z ichiga oladi. Ushbu tug‘ma immunitet reaksiyasi virus organizmning teri, nafas olish yo‘llari va shilliq pardalar kabi himoya vositalari orqali kirib, hujumga tayyor bo‘lganda paydo bo‘ladi. Agar immunitet reaksiyalari biz xohlagan vaqtda “ko‘tarilishi” mumkin bo‘lsa, organizm doimiy hujum holatida bo‘lar edi va biz doimo o‘zimizni yomon his qila boshlardik. Misol uchun, astma, ekzema, oziq-ovqat allergiyalari kabi muammolar “zaif” emas, balki haddan tashqari faol immunitet tizimining belgilaridir.
Garchi ko‘plab mahsulotlar umumiy marketing so‘ziga aylangan immunitetni “ko‘taradi” deb da’vo qilinsa-da, bu tushuncha to‘laqonli ilmiy tasdiqlanmagan. Immunitetimiz oq qon tanachalari va leykotsitlar kabi hujayralardan iborat. Ayni paytda olimlar tizimning muvaffaqiyatli ishlashi uchun hujayralarning qaysi birikmasi optimal miqdor ekanligini ham bilishmaydi.
Keyingi gal ma’lum bir vitamin immunitet tizimini “mustahkamlash”ga yordam berishini o‘qiganda, bilingki, u haqiqatan ham uni muvozanatda saqlashga yordam beradi. Masalan, C vitamini tug‘ma va moslashuvchan immunitet tizimining hujayra funksiyalarini rag‘batlantirish orqali uni qo‘llab-quvvatlashi ma’lum. Boshqacha qilib aytganda, bunday dorilarning vazifasi kuchaytirish emas, balki muvozanatni topishdan iborat.
Ammo ularning immunitetga hech qanday ta’siri yo‘q, degani emas. Tadqiqotchilar organizmning immunitetini qanday oshirishni faol ravishda o‘rganmoqda: ovqatlanish, jismoniy mashqlar, yosh, psixologik stress va boshqa omillarning immunitetga ta’siri va hokazo.
Yosh va immunitet bir-biriga qanday bog‘liq?
Yosh ulg‘ayishi bilan immunitet zaiflashadi — bu 70 yoshdan oshgan odamlarning kasallik va infeksiyalarga ko‘proq moyil bo‘lishining asosiy sababidir. Ba’zan keksa qarindoshlardan: “Tez-tez kasal bo‘lib qolaman, immunitetni qanday oshirish kerak?” degan shikoyatlarni eshitamiz. Biroq bu hammada ham sodir bo‘lmaydi. Yaxshisi shuki, immunologik soatni orqaga qaytarish usullari mavjud. Immunitet tizimining pasayishi balog‘at yoshida boshlanadi, bu jarayon turmush tarzi omillari bilan tezlashishi mumkin. Misol uchun, chekuvchi, semirib ketgan yoki harakatsiz hayot tarzi bilan shug‘ullanadigan odamlarning immuniteti biologik yoshiga qaraganda “qari” bo‘ladi.
Inson immunitetini qanday mustahkamlash mumkin: 6 usul
- To‘liq sog‘lom uyqu
Uyqu paytida organizm dam oladi va tiklanadi. Uyqu buzilishi (uyqusizlik, kam uyqu, tez-tez uyg‘onish) bilan organizmning to‘liq dam olishi va tiklanishi uchun vaqti bo‘lmaydi. Buning oqibatida asab tizimi doimiy zo‘riqishda bo‘ladi. Uyqu yetishmasligi bilan mehnat qobiliyati, hissiy holat buziladi, xotira, aqliy qobiliyatlar buziladi va organizm immunitet himoyasi pasayadi. Bu holatning uzoq muddat davom etishi bilan immunokompetent hujayralarning funksional faolligi pasayadi, ularning tiklanish qobiliyati pasayadi.
- Turli xildagi oziq-ovqatlar
Oziq-ovqat bilan nafaqat ozuqa moddalarini, balki organizmga zarur bo‘lgan vitaminlar, minerallar va kletchatkani ham olamiz. Ikkinchisi immunitet tizimining normal ishlashi uchun, ayniqsa, muhimdir. Organizmdagi kletchatka ichak bakteriyalari tomonidan parchalanadi. Bular patogen bakteriyalarning ko‘payishiga to‘sqinlik qiladi va immunitet tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ichak mikroflorasini yaxshilash uchun to‘g‘ri ovqatlantiring!
- D vitaminini profilaktika maqsadida qabul qilish
Deyarli har bir odamda D vitamini yetishmasligi kuzatiladi. Bu modda immunitet tizimining ishlashi, shuningdek, umuman organizmning to‘liq ishlashi uchun zarur. D vitamini o‘ziga xos immunomodulyator ta’sirga ega: uning faol shakllari immunitetni himoya qilishning barcha mexanizmlarini tartibga soladi. D vitaminining retseptorlari immunitet tizimida va immunokompetent hujayralarda topilgan. D vitamini nafaqat immunitet tizimini mustahkamlaydi, balki uning turli aloqalarini tartibga soladi, uyg‘unlashtiradi.
- Stressni minimallashtiring
Stressning hayotimizdagi rolini kamaytirish juda qiyin. Stress paydo bo‘lganda steroid gormonlar, asosan, kortizol ishlab chiqariladi. Ularning vazifalaridan biri immunitet tizimini tushirishdir. Surunkali stress ostida o‘smaga qarshi kuzatuv uchun mas’ul bo‘lgan NK hujayralari soni deyarli ikki baravar kamayadi, immunitet hujayralari sitokinlarga nisbatan sezgir bo‘lib qoladi. Shu bois ular patogenlarga qarshi kurasha olmaydi.
- Emlash
Bu usul bizning immunitet tizimimizni o‘rgatishdir. Emlashning mohiyati shundaki, zaiflashgan yoki o‘ldirilgan patogenlar yoki ularning tarkibiy qismlari organizmga kiradi. Bu miqdor kasallikni keltirib chiqarmasdan javob berish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Emlanganda immunitet tizimi yuqumli agentni tanib olishni o‘rganadi, maxsus qurol — antitanachalarni ishlab chiqaradi, bunday antigen bilan takroriy uchrashgan taqdirda xotira hujayralarini yaratadi. Natijada sun’iy orttirilgan faol immunitet hosil bo‘ladi.
Sovuq iqlim immunitetni zaiflashtiradimi?
Har bir onaning bolasiga qarata: “Qalpog‘ingni kiy, yo‘qsa, shamollab qolasan!” degan da’vatini eshitganmiz. Ular haqmi?
O‘rtacha past harorat infeksiyaga moyilligimizni oshirmaydi. Qishning “shamollash va gripp mavsumi” bo‘lishining ikkita sababi bor. Qishda odamlar ko‘proq vaqtini yopiq joylarda, mikroblarini yuqtirishi mumkin bo‘lgan boshqa odamlar bilan yaqin munosabatda o‘tkazadilar. Bundan tashqari, havo sovuq va namlik kamroq bo‘lsa, gripp virusi havoda uzoqroq turadi.
Ammo tadqiqotchilar kasal bo‘lmaslik uchun immunitet tizimini qanday mustahkamlash bilan birga bu masalani hamon o‘rganishmoqda. Sichqonlar bilan o‘tkazilgan ba’zi tajribalar shuni ko‘rsatdiki, sovuq sharoit infeksiyani yengish qobiliyatini ham kamaytirishi mumkin. Ammo odamlar xususida nima deyish mumkin? Olimlar ko‘ngillilar sovuq suvda qisqa vaqt cho‘milgan yoki noldan past haroratlarda qisqa vaqt davomida yalang‘och holda ushlab turilgan tajribalar o‘tkazdilar. Natijalar noaniq chiqdi. Misol uchun, tadqiqotchilar sovuqda chang‘i uchishni faol mashq qiladiganlarda yuqori nafas yo‘llari infeksiyalari ko‘payganini qayd etdi. Ammo bu infeksiyalar sovuq iqlim yoki boshqa omillar, masalan, kuchli jismoniy mashqlar tufayli kelib chiqadimi, bunisi noma’lum.
Kanadalik bir guruh tadqiqotchilar sovuq iqlimning o‘rtacha ta’siridan xavotirlanishning hojati yo‘q — bu inson immunitet tizimini pasaytirmaydi, degan xulosaga keldi.
Xo‘sh, tashqari sovuq bo‘lsa, o‘ranib olish shartmi? Bordi-yu, o‘zingiz noqulay bo‘lsangiz yoki sovuqqonlik yoki gipotermiya kabi muammolar xavfi mavjud bo‘lsa, uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lishni xohlasangiz, javob “ha”. Boshqa hollarda immunitet haqida xavotirlanishingiz shart emas.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring