Kanserogenlar, bo‘yoqlar, lazzat kuchaytirgichlar — bular sizning sevimli taomingiz tarkibida uchraydigan xavfli ingrediyentlarning kichik bir qismidir. Marie Claire nashri nafaqat qomatga, balki salomatlikka tahdid soluvchi mahsulotlar ro‘yxatini taqdim etadi.
Chips va kartoshka fri
Qizib turgan yog‘da qovurilgan kartoshka, shubhasiz, juda mazali, ammo salomatlik uchun foydali emas. Avvalo, uglevodlar bilan birga yog‘larning yuqori dozasi qomatga salbiy ta’sir qiladi, ammo bundan tashqari, bunday fastfudni me’yordan ortiq iste’mol qilish qaytarib bo‘lmaydigan semirishga olib kelishi mumkin. Gap shundaki, chips va kartoshka fri tayyorlashning asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan haddan tashqari qizib ketgan yog‘da o‘ta zararli kanserogenlar to‘planadi.
Agar chipslar haqida alohida gapiradigan bo‘lsak, u zamonaviy usulda ancha tez va oson tayyorlangani bilan juda zararli. Ilgari kartoshka parraklaridan qarsildoq delikates tayyorlangan bo‘lsa, bugun bunday kartoshkalarni topish imkonsiz. Yangi avlod chipslari tarkibi: kraxmal, un va turli xil oziq-ovqat qo‘shimchalari, ta’m kuchaytirgichlardir.
Kolbasa
Birinchidan, faqat go‘shtdan tayyorlangan kolbasa savdo rastalaridan butkul g‘oyib bo‘ldi, uning o‘rnini soxta mahsulotlar egalladi. Ammo bu turli xildagi kolbasalarning barcha kamchiliklari shugina emas. Asosiy muammo kolbasa tarkibidagi ko‘p miqdordagi yog‘dir. Shuningdek, konservantlar, stabilizatorlar, quyuqlashtiruvchi moddalar, emulsifikatorlar, antioksidantlar, oziq-ovqat bo‘yoqlari, xushbo‘y moddalar — bu ishlab chiqaruvchining xilma-xilligi va markasidan qat’i nazar, har qanday kolbasalarning taxminiy tarkibidir.
Tez tayyorlanadigan lapsha
Talabalarning sevimli taomi. Ishlab chiqaruvchilar lapsha o‘ramiga nima deb yozmasin, ichida haqiqiy mahsulotlar bo‘lmaydi. Lekin siz konservantlar, quyuqlashtiruvchi moddalar, stabilizatorlar, oziq-ovqat bo‘yoqlari va lazzat kuchaytirgichlarning haqiqiy kokteylini topasiz.
Mayonez va ketchup
Bu ikki sous mashhur bo‘lib, deyarli har bir taomga ketchup va mayonez qo‘shiladi va shu orqali organizmga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazamiz. Har bir supermarketda turli xillari sotiladigan ketchup nafaqat zararli stabilizatorlar, emulsifikatorlar va konservantlar manbai, balki ko‘p miqdorda bo‘yoq va shakarni o‘z ichiga oladi, ya’ni u amalda shakardan iborat.
Mayonezga kelsak, unda transyog‘lari deb ataladigan yog‘lar ko‘p. Bunday sun’iy ravishda yaratilgan yog‘lar diabetning jadal rivojlanishiga yordam beradi va immunitet tizimining faoliyatini yomonlashtiradi — ular organizmni kasalliklardan himoya qiluvchi foydali fermentlarni yo‘q qiladi.
Shokolad batonchiklari
Ushbu mahsulot glisemik indeksning eng yuqorisida turadi, ya’ni ularning tarkibidagi shakar bir zumda so‘riladi. Shu bilan birga ularda hech qanday foydali moddalar — masalan, asal va quritilgan mevalardan farqli o‘laroq — yo‘q. Sifatli mahsulotlar ham bor, ular ham zavq, ham foydali hisoblanadi. Ammo ko‘pchilik shokolad batonchiklari sun’iy ravishda ishlab chiqariladi va organizm uchun foydali bo‘lgan shakar miqdori haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Aniq misol uchun, keling, tushuntirib beraylik: bir kishi uchun shakarning kunlik normasi maksimal 50 gramm, bir dona shokolad batonchikida bu miqdor bir necha hissa ko‘p bo‘lishi mumkin.
Popkorn
Makkajo‘xori o‘zining asl shaklida iste’mol qilinsa, organizmga hech qanday xavf tug‘dirmaydi, aksincha, uning tarkibida kletchatka va ko‘plab A, C, E vitaminlari, tiamin, niatsin, foliy kislotasi, temir, kaliy, magniy, fosfor, sink kabi foydali moddalar mavjud. Lekin popkornning sof makkajo‘xori bilan bog‘liq joyi yo‘q, chunki foydali moddalar shunchaki tuz, karamelizatorlar, sariyog‘ va lazzat kuchaytirgichlar bilan o‘rin almashadi. Aytgancha, popkornning bir porsiyasidagi tuz dozasi ayrim chipslar yoki kartoshka fridagi tuzdan ko‘p. Ortiqcha tuz iste’mol qilish hali hech kimga foyda keltirmagan, chunki organizmda bunday tajribalar qon bosimining oshishiga olib keladi va buyraklar faoliyatining buzilishiga olib keladi.
Kam yog‘li mahsulotlar
Yog‘siz tortlar, pishiriqlar, yogurtlar va boshqa mahsulotlar vazn yo‘qotish uchun haqiqiy najot bo‘lib tuyuladi. Biroq, bunday mahsulotlardan ehtiyot bo‘lish kerak. Gap shundaki, mahsulotdagi yog‘ miqdorining pasayishi uglevodlar — kraxmallar, shakar va shirinlagichlar ulushining ko‘payishi bilan qoplanadi. Ma’lum bo‘lishicha, kam yog‘li va parhezli ovqatlarni iste’mol qilish oddiy shirinlikdan ko‘ra ko‘proq semirishga yordam beradi. Bundan tashqari, bunday mahsulotlarda yog‘ning sun’iy ravishda kamaytirilishi, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarini cheklash davrida bizga juda zarur bo‘lgan barcha vitaminlar va ozuqa moddalarini yo‘q qiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring