14:00 / 31.10.2023
321

Xurmo salomatlik uchun foydalimi yoki zararli?

Xurmo salomatlik uchun foydalimi yoki zararli?

Ko‘pchilik sevib isteʼmol qiladigan xurmoning salomatlik uchun foydali ekanligi tadqiqotlar natijasida isbotlangan. Biroq ayrim holatlarda xurmo organizmga zarar yetkazib qo‘yishi ham mumkin.

Xurmoning foydali jihatlari haqida bilasizmi?

Xurmo antioksidantlar – organizmga oksidlanish jarayoni bilan kurashishga yordam beruvchi tabiiy birikmalarning ajoyib manbai hisoblanadi.

Bizning tanamizda doimiy ravishda erkin radikallar hosil bo‘ladi. Ular oqsil sintezi, hujayralarning bo‘linishi va immun tizimi mexanizmlari faoliyatida ishtirok etuvchi kislorodning qayta faollashgan shakli hisoblanadi. Yallig‘lanish, infeksiyalar, meʼyoridan oshib ketgan jismoniy faollik, ruhiy stress, yomon ekologiya tanadagi erkin radikallar miqdorini ko‘paytirishi, oksidlovchi stressga olib kelishi va turli xastaliklar – yurak-qontomir tizimi, neyrodegenerativ kasalliklar, astma, revmatoid artriti, saratonning ko‘plab turlariga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga xurmo tarkibida organizmni himoya qilishga yordam beruvchi ko‘plab foydali moddalar ham bor:

• Beta karotin – mevalarning to‘q sariq rangini taʼminlab beradigan va organizmga antioksidant kabi taʼsir ko‘rsatuvchi tabiiy pigment. Xurmo tarkibida ushbu vitamindan o‘rtacha 253 mkg saqlanadi – bu bir kunlik meʼyorning 30-35% ini tashkil etadi.

• Taninlar – fenol birikmalari bo‘lib, u mevalarga taxir taʼm beradi. Ushbu moddalar erkin radikallarni birlashtirishi, hujayralarga zarar yetishining oldini olishi, qon bosimiga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi va insult xavfini kamaytirishi mumkin.

• Flavonoidlar – oksidlovchi stress bilan kurashish va qon bosimini tushirishga yordam beruvchi o‘simlik polifenollari. Ushbu modda tromblar hosil bo‘lishining ham oldini oladi. Tajribalarning birida xurmo tarkibidagi fenol komponentlari – gallik va ellagik kislotalar ichaklarda hamda terida saraton hujayralarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi isbotlangan.

Albatta, xurmoni saraton kasalligining oldini olishga yordam beradigan meva sifatida taʼriflash qiyin, boisi tajriba meva tarkibidan ajratib olingan hujayralar ustida o‘tkazilgan. Shunga qaramasdan, xurmo sog‘lom turmush tarzi tarafdorlarining taomnomasiga ajoyib qo‘shimcha bo‘ladi oladi. Organizmni yallig‘lanish va xavfli kasalliklardan himoya qilishga ham yordam beradi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, xurmo tarkibidagi fenol komponentlari miqdori sentyabr oyida ko‘payadi, keyin esa asta-sekin kamayishni boshlaydi. Shunday ekan, xurmoning foydasidan maksimal darajada bahramand bo‘lishni istasangiz, uni kuz faslining o‘rtalarigacha to‘yib isteʼmol qilishni tavsiya etamiz.

Xurmo salomatlikka zarar keltirishi ham mumkin...

Xurmo tarkibidagi ayrim komponentlar organizmga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

Ichaklar o‘tkazuvchanligi yomonlashadi

Xurmo tarkibidagi taninlar oshqozondagi kislota bilan o‘zaro taʼsirga kirishib, fitobezoarlarni shakllantiradi. Bu hazm qilinmaydigan qumoqlar hisoblanadi va taomning ichaklar bo‘ylab harakatlanishini qiyinlashtiradi. Natijada ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin sohasida og‘riq va qabziyat kuzatilishi mumkin.

Bunday holatlar kamdan-kam qayd etilsa-da, ichaklar salomatligi bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan vaziyatda xurmoni haddan tashqari ko‘p isteʼmol qilish mumkin emas.

Xurmo – ortiqcha kaloriya degani...

Xurmo tarkibining 80%ini suv tashkil qiladi, shunga qaramasdan 100 g xurmoning ozuqaviy qiymati 70 kkal.dan ortiq. Bundan tashqari, 100 g meva tarkibida 12,5 g glyukoza va fruktoza saqlanadi. Shu tariqa, kuniga bir dona xurmo yeb, 100 kkal va 2 choyqoshiq shakar isteʼmol qilgan bo‘lasiz.

Kaloriyalar ko‘rsatkichi haddan tashqari yuqorilab ketmasligi uchun xurmoni desertga qo‘shimcha sifatiga emas, desert o‘rnida tanovul qiling. Bir kunlik isteʼmol miqdorini esa 3-4 donadan oshirib yubormang. Ana shunda organizmni xurmoning salbiy taʼsiridan himoyalagan bo‘lasiz.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xurmo salomatlik uchun foydalimi yoki zararli?