Foto: Marie Claire
Sovuq havoda ko‘pincha barmoqlarning uvishishi kuzatiladi va bu haroratning keskin pasayishi bilan bog‘lanadi. Ammo ba’zi hollarda bu alomat butunlay boshqa sababga ko‘ra yuzaga keladi.
Harorat sezilarli darajada pasayib ketganda, issiq qo‘lqoplar yordamga keladi. Shunda ham sovuq havoda barmoqlarning uvishishi juda keng tarqalgan alomatdir. Jarroh Raj Bxatiyaning so‘zlariga ko‘ra, buning sababi issiqlikni ushlab turish va ichki haroratni saqlashga yordam beradigan kapillyarlar, kichik qon tomirlari siqilib qoladi. Ayniqsa, quyi haroratda qo‘lqop taqilsa ham yoqimsiz his-tuyg‘ular sezilishi mumkin. Shuningdek, barmoqlardagi uvishish har doim ham quyi haroratning belgisi bo‘lavermaydi.
Mutaxassislar kuzatuviga ko‘ra, bu eng keng tarqalgan holat – karpal tunnel sindromi. Ushbu sindromda asab tolalari siqiladi va odatda bosh, ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarda uvishish kuzatiladi.
Sindromni aniqlash mumkin bo‘lgan to‘rtta asosiy simptom mavjud:
- barmoq, qo‘l yoki bilakda og‘riq;
- qo‘llarda qon aylanmasligi;
- uvishish va sanchish hissi;
- barmoqlarni harakatlantirishda qiyinchilik.
Karpal tunnel sindromining belgilari kamdan kam hollarda to‘satdan paydo bo‘ladi, noqulaylik asta-sekin boshlanadi va vaqt o‘tishi bilan o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi. Mutaxassislar alomatlar tunda faollashib, uyqu buzilishiga olib kelishi mumkinligini aniqladi. Kunduzi esa odatiy bilakni bukish mashqlari masalan, sochni tarash, kitob ushlash, velosiped va mashina haydash kabi harakatlarda noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Doktor Raj Bxatiya karpal tunnel sindromi bilan og‘rigan odamda buyumlarni ushlab qolish bilan bog‘liq muammolar bo‘lishini kuzatgan. Bundan tashqari, bemorlar ko‘pincha tugmachalarni ham mahkamlay olmaslikdan shikoyat qiladi.
Karpal tunnel sindromini aniqlash va uni sovuq havo bilan bog‘lab, o‘tkazib yubormaslik juda muhim. Chunki bu holatda erta davolash ishlari ahamiyatli hisoblanadi. Murakkab holatlarda simptomlar yomonlashadi va hatto boshqaradigan mushaklarning ishlamay qolishi natijasida bosh barmoqning zaiflashishiga olib kelishi mumkin.
To‘g‘ri, sindrom juda xavfli emas va dastlabki bosqichlarda osonlik bilan davolash mumkin. Tashxis qo‘yish uchun tekshiruv o‘tkazadigan, kerakli tadqiqotlarni tayinlaydigan va zarurat tug‘ilsa davolash rejasini tuzadigan nevrologga murojaat qilish kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring