
Inson organizmi doimo biz bilan muloqot qiladi. Ba’zan u bizga ochlik yoki chanqoq orqali emas, balki to‘satdan paydo bo‘lgan aniq mahsulotga bo‘lgan ishtiyoq orqali murojaat qiladi. Nutrisiologlar ta’kidlashicha, aynan shu ishtiyoq ko‘pincha ochlikdan emas, balki organizmdagi fiziologik yoki hissiy o‘zgarishlar tufayli yuzaga keladi.
Ko‘p hollarda stress, gormonal o‘zgarishlar, vitaminlar tanqisligi yoki suvsizlanish hissi bizning qand, tuz yoki yog‘li yeguliklarga bo‘lgan kuchli xohishimizda aks etadi. Lekin bu har doim ham organizmga zararli oziq-ovqatlarni iste’mol qilish kerakligini anglatmaydi. Aslida bu, ichakda yashovchi bakteriyalarning muayyan energiya manbasini talab qilishi bilan bog‘liqdir.
Qachonki odamlar ichakdagi bakteriyalarning bu «talablari»ga tez-tez bo‘ysunsa, shuncha tez ularning sog‘lom holati buziladi. Bu esa qorinda shishish, yallig‘lanish, ovqat hazm qilish tizimidagi muammolarni keltirib chiqaradi.
Xo‘sh, organizmning bizdan so‘rayotgan bu istaklari aslida nimadan dalolat? Biz zararli mahsulotlar o‘rniga sog‘lom analoglarni tanlab, bu orqali o‘zimizni lazzatdan mahrum qilmasdan, shu bilan birga salomatligimizni ham saqlab qolishimiz mumkinmi?
Agar tuzli narsa istasangiz…
Bu holat ko‘pincha tanadagi kaliy, magniy yetishmasligi yoki tananing suvsizlanganligidan darak beradi. Bundan tashqari, stress yoki toliqish tufayli organizmda natriy moddasiga ehtiyoj ortishi mumkin. Bu holat buyrak usti bezlari tomonidan nazorat qilinadi.
Foydali yechimlar sifatida tuzlangan sabzavotlar (masalan, kimchi), uy sharoitida tayyorlangan sabzavotli chipslar, limonli suv, turli dukkakli mahsulotlar va tabiiy suzmani iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Uglevodlarga bo‘lgan kuchli xohish nimani anglatadi?
Qonda shakar miqdorining o‘zgarishi, serotonin gormonining pasayishi, kletchatka yetishmasligi, doimiy stress yoki ichakdagi zamburug‘li infeksiyalar — bularning barchasi sizda uglevodlarga ishtiyoqni kuchaytirishi mumkin. Bunday infeksiyalar uglevodlarning ko‘payishidan faol ravishda foydalanadi.
Sog‘lom tanlovlar sifatida murakkab uglevodlarni, masalan, butun donli bo‘tqalar, kinoa, grechka, jo‘xori, shuningdek qaynatilgan tuxumni iste’mol qiling. Oqsil va foydali yog‘lar qo‘shilgan ovqatlar bu istakni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Shirinlikka bo‘lgan ishtiyoq nima degani?
Shirinliklarga bo‘lgan kuchli xohish xrom, magniy, foydali yog‘lar yetishmasligi yoki stress holatini bildiradi. Shuningdek, ichakdagi zararli bakteriyalar shakarni o‘z yashashlari uchun energiya sifatida talab qilishi mumkin.
Bu holatda zararsiz va foydali alternativalar sifatida mevalar, xurmo, tabiiy asal, kokos suvi, tabiiy yogurt kabilarni tanlash tavsiya etiladi. Ular shakarni tabiiy ravishda mo‘tadillashtiradi va organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Shokoladsiz yashashni tasavvur qila olmaysizmi?
Agar shokolad iste’moliga ishtiyoqingiz ortib borsa, bu ko‘pincha magniy tanqisligi yoki gormonal o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘ladi. Charchoq yoki ruhiy tushkunlik holatida ham bu ko‘p kuzatiladi. Sababi, shokolad serotonin va dopamin gormonlarini ko‘paytiradi va kayfiyatni yaxshilaydi.
Foydali yechim sifatida yuqori kakao (80% va undan yuqori) tarkibiga ega bo‘lgan qora shokolad, banan va yer yong‘oqi pastasi yoki tabiiy kakao bilan tayyorlangan smuzilarni tanlang.
Nordon yoki achchiq ta’mlarga ishtiyoq sizga nimani bildiradi?
Achchiq yoki nordon ovqatlarga bo‘lgan xohish C vitamini, elektrolitlar yetishmasligi yoki ovqat hazm qilish tizimidagi muammolarni anglatadi. Achchiq va nordon ta’mlar metabolizmni tezlashtirib, oksidativ stressga qarshi kurashadi.
Amaliy tanlov sifatida amla (hind do‘lanasi), fermentlangan ichimliklar (kombucha, kefir), sitrus mevalari, uy sharoitida tayyorlangan tuzlamalar, ko‘katlar va yong‘oqlar tavsiya etiladi.
Zararli va yog‘li ovqatlarga ishtiyoq bo‘lsa-chi?
Bu holat foydali yog‘lar, oqsil va kletchatkaning yetishmasligi yoki organizmning umumiy energiyasining kamayishiga ishora qiladi. Shuningdek, natriyning past darajasi ham sabab bo‘lishi mumkin.
Bu vaziyatda avokado, yong‘oqlar, urug‘lar, tandirda pishirilgan baliq yoki tovuq, kokos mahsulotlari, shuningdek kinoa yoki jigarrang guruchdan tayyorlangan mahsulotlarni iste’mol qiling.
Gazlangan ichimliklarga kuchli ishtiyoq nimani anglatadi?
Gazli ichimliklarga bo‘lgan kuchli istak ko‘pincha suvsizlanish va kalsiy tanqisligidan kelib chiqadi. Organizm instinktiv ravishda shakar va gazli ichimliklarga moyillik ko‘rsatadi.
Shunday vaziyatlarda laym, yalpiz va tabiiy jaggeri bilan tayyorlangan suv, kokos suvi, limonli suv yoki uyda tayyorlangan morslar ko‘proq foydali bo‘ladi.
Har qanday holatda ham, tana bilan muloqot qiling, uning signallarini o‘rganib, sog‘lom tanlov qiling. Shu yo‘l bilan sog‘lomlik va lazzat uyg‘unligini saqlab qolasiz. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar