
Sog‘lom hayot tarzi haqida gap ketganda, ko‘pchilik parhez menyusi, mahsulotlar kaloriyasi yoki shakar miqdoriga e’tibor qaratadi. Ammo bir muhim jihat ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi — bu ovqatlanish vaqti. Agar siz kechki payt ovqatlanishni kechiktirishga yoki tun yarmida “tamaddi qilish”ga odatlangan bo‘lsangiz, bu odatni qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgan bo‘lishi mumkin.
Janubiy Kaliforniya universiteti qoshidagi Uzoq umr ko‘rish instituti direktori Valter Longo ushbu mavzuga jiddiy yondashib, inson tanasi kechqurun qanday faoliyat yuritishini ilmiy jihatdan o‘rgangan. Uning xulosasi oddiy va aniq: oxirgi ovqat uyqudan kamida uch soat oldin bo‘lishi kerak.
Kechki ovqatdan uyqugacha — uch soat. Bu shunchaki maslahat emas
Longoning so‘zlariga ko‘ra, tanamiz tungi soatlarda hujayralarni tiklash, gormonlarni muvozanatlash, toksinlarni chiqarish bilan band bo‘ladi. Agar bu vaqtda oshqozon ovqat hazm qilishga majbur bo‘lsa, boshqa tizimlar to‘liq faoliyat yurita olmaydi. Bu esa charchoq, uyqusizlik, qonda qand miqdori oshishi va ortiqcha vaznga olib kelishi mumkin.
U shunday deydi: “Kechki ovqat tananing biologik soatlariga xalaqit beradi, insulin ishini buzadi va uyquga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.”
Minus uch soat qoidasiga amal qilmaslik qanday xavf tug‘diradi?
Agar bu tartib muntazam ravishda buzilsa, inson tanasida quyidagi o‘zgarishlar yuz berishi mumkin:
- Charchoq va kunduzgi energiya yetishmovchiligi;
- Uyquning buzilishi, og‘ir uyquga ketish;
- Qonda qand darajasining oshishi;
- Hatto parhezga rioya qilgan holda ham vazn oshishi;
- Ertalab bezovtalik va yomon kayfiyat.
Kechki ovqat aksar hollarda hissiy ehtiyojdan kelib chiqadi — inson och bo‘lmasligi mumkin, ammo ruhiy charchoqni bosish, mukofot yoki shunchaki dam olish ifodasi sifatida ovqatga yuzlanadi. Bu esa psixologik va fiziologik muammolarni kuchaytiradi.
Kechki ovqat odatini qanday o‘zgartirish mumkin?
1. Jadvalni shakllantiring
Uyquga soat 23:30 da yotadigan bo‘lsangiz, kechki ovqat 20:30 gacha yakunlanishi kerak. Barcha uchun “soat 18:00da ovqat yeyish kerak” degan qoida mos kelavermaydi. Asosiysi — uyqu oldida uch soat vaqt qoldirish.
2. Tushlik — asosiy taom
Tushlikda to‘laqonli ovqatlanish kechqurun “ovqatdan tasallanish” istagini kamaytiradi. Kechki payt ovqatni jon deb yemaslik uchun kunduzi yaxshi ovqat yegan bo‘lish kerak.
3. Kechki menyuni oldindan o‘ylang
Kechki payt “endi ovqat qilsam, soat kech bo‘ladi” degan vaziyatlarni oldini olish uchun kechki taomni oldindan tayyorlab qo‘yish yoki kamida rejalashtirish lozim.
4. Tamaddi o‘rniga marosim yarating
Ovqatlanishning o‘rniga choy damlash, vanna qabul qilish, kitob o‘qish yoki serial ko‘rish kabi tinchlantiruvchi odatlarni rivojlantiring. Bu ruhiy ovqatni fizik ovqat bilan almashtirmaslikka yordam beradi.
5. Hamma narsani taqiq deb qabul qilmang
Agar ba’zan kechroq olma ilinji yoki bir bo‘lak pishloq yeyishga to‘g‘ri kelsa — bu tragediya emas. Eng muhimi — odatli tartibni saqlash.
Yengil kechki ovqat ham muammo tug‘diradimi?
Odatda, “yengil taomlar — joyida” degan qarash mavjud. Biroq, haqiqat shundaki: hatto yengil salat yoki yogurt ham ovqat hazm qilish mexanizmlarini ishga tushiradi va tananing tiklanish jarayoniga xalaqit berishi mumkin. Uyqudan oldin kamida 3 soat vaqtda ovqatni to‘xtatish eng ma’qul yo‘l.
Xulosa o‘rnida:
Sog‘lom hayot bu shunchaki fitnes va parhez emas — balki ritm, intizom va tananing tabiiy sikllariga moslashuvdir. Kechki ovqat bilan uyqu orasidagi uch soat — sizdan ko‘p narsani talab qilmaydi, ammo natijasi juda katta bo‘ladi. Tanangizga shu oddiy hurmatni ko‘rsating — u sizga ertangi kunni yengil va faol boshlash imkonini beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar