21:51 / 06.12.2016
18 323

Yosharish uchun harakat qilish joizmi?

Yosharish uchun harakat qilish joizmi?

— Odamlar orasida o‘zga millatlar, xususan tibet xalqlari tabobatidan foydalangan holda yosharish usullari urf bo‘lgan. Bu usullar katta yoshlilarga qo‘l kelmoqda. Yosharish umidi qayta uyg‘onmoqda. Dinimizda yosharishga harakat qilishga qanday munosabat bildirilgan. Shu ish to‘g‘rimi?

Savolga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o‘g‘li javob beradi.

— Islom shariatida bandalarning sog‘-salomat bo‘lishlari, uzoq umr ko‘rib, solih amallarni ko‘proq qilishlariga targ‘ib qilinadi. Inson umri u qilgan yaxshi amallar sababidan uzayadi. Chunki qilingan yaxshilik uning umriga baraka kiritadi. Yaxshilik ko‘rgan odam yaxshilik qilgan kishining haqqiga duo qiladi. Insonlarning duosini olish, qalbni yomon o‘y-fikrlardan saqlash kishining umri uzoq bo‘lishiga sababdir.

Abdulloh ibn Busrdan rivoyat qilinishicha, bir a’robiy «Ey Rasululloh, odamlarning eng yaxshisi kim?» deb so‘radi. U zot «Kimning umri uzun va amali chiroyli bo‘lsa (o‘sha odamlarning eng yaxshisidir)», dedilar (Termiziy, Ahmad va Tabaroniy rivoyati. Sanadi sahih). Ushbu rivoyatga ko‘ra, qaysi bandaning umri uzun va qilgan ishlari yaxshi bo‘lsa, u odamlar ichidagi eng afzalidir. Sababi, u uzoq umri davomida juda ko‘p ezgu amallarni bajarib, ko‘pchilikka manfaat etkazgan, qolaversa, oxirati uchun zahira tayyorlagan hisoblanadi. Shundan ma’lumki, mo‘min banda sog‘lom bo‘lishga, uzoq yashashga va yaxshi amallarni qilishga intilishi joiz va marg‘ubdir. Uzoq umr ko‘rishdan maqsad ko‘proq lazzatlanish, kayfu safo qilish bo‘lmasligi kerak. U holda ming yil yashashning ham foydasi yo‘q. Muhimi, ozmi-ko‘pmi mazmunli hayot kechirishga, imon-e’tiqod bilan yashashga intilish lozim.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) «Ey Alloh, men Sendan dangasalikdan panoh so‘rayman, qo‘rqoqlikdan panoh so‘rayman, qarilikdan (ojizlikdan) panoh so‘rayman, baxillikdan panoh so‘rayman», deb aytardilar (Buxoriy va Nasoiy rivoyati).

Bu erda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) qarib, ojiz qolishdan, biror ishga yaramay qolishdan panoh so‘raganlari aytilmoqda. Demak, o‘ta qarib, qartayib, jismoniy harakatdan ojiz qolishdan saqlashini so‘rab duo qilish kerak. Bu yo‘lda yosharish, sog‘likni saqlash uchun harakat qilish lozim bo‘ladi. Boshqa bir rivoyatda kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan afzalligi aytilgan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, yosharishga, yoshlikni uzoq vaqt saqlab qolishga harakat qilish joiz. Agar yaxshi niyatda qilinadigan bo‘lsa, bu harakat uchun ham savob olinadi. Ammo bu ishni halol usullar bilan amalga oshirish kerak. Dinimiz taqiqlagan, nopok narsalarni iste’mol qilish, noma’qul mashq va usullar bilan yosharishga intilish joiz emas. Men tibetliklar bu borada qanday usullarni tavsiya qilishganini bilmayman. Har qanday holatda ham ular ichidan shariatga muvofig‘ini olish joiz bo‘lsa kerak.

Manba: Muxlis.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yosharish uchun harakat qilish joizmi?