08:15 / 21.03.2017
3 901

Boylikni saqlab qolish haqida: "Bu maydonda faqat paranoiklargina omon qoladi..."

Sarmoyachi hamda Wall Street Journal sharhlovchisi Morgan Xauzel qanday sifatlar sarmoyachi va korporasiyalarga muvaffaqiyat cho‘qqisida uzoq vaqt qolishga yordam berishi borasida mulohaza yuritadi. Insider Pro shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Avraam Germanski 1920-yillarda multimillioner, qurilish magnati bo‘lgan. Bundan tashqari, u birja o‘yiniga qiziqqan, u fond bumi davrida o‘z mablag‘larining katta qismini aksiyalarga kiritgan. 1929 yilda bozorning tanazzulga uchragan vaqti uning uchun hamma narsaning intihosidek tuyulgan.
Boylikni saqlab qolish haqida: "Bu maydonda faqat paranoiklargina omon qoladi..."
1929 yilning 24 oktyabrida Germanski g‘oyib bo‘ladi. The New York Times 26 oktyabrdagi sonida Germanskining advokati Bernard Sendler uning qayerdaligini bilganlar xabar berishini so‘ralgan qisqa e’lonni chop etgan. Vaziyatning naqadar fojiaviyligini etkazib beruvchi atigi ikki gap:

G‘oyib bo‘lgan kishining do‘sti Germanskining bevasiga uni payshanba kuni kechqurun Uoll-stritda birja binosi yonida ko‘rganini aytgan. Uning eri Brodvey tomon yo‘nalib, tiker lentani parchalab, ularni havoga uloqtirayotgan bo‘lgan.

Taxminan xuddi shu payt boshqa bir sarmoyachi xuddi shu shaharda mutlaqo boshqacha vaziyatga duch kelgan.

29 oktyabrda, Jessi Livermor uyga qaytganida ayoli uni yupatishga va kamtar hayot tarziga qaytishga tayyor bo‘lgan: u bozorning rekord darajada tushishiga oid yangiliklardan xabar topib, ularning bor budi yo‘q bo‘lgan degan qarorga kelib bo‘lgandi.

Biroq Jessi hammasi joyida ekanligini aytgan. U birjada shunday o‘yin qilganki, inqiroz paytida umrining qolgan qismidan-da ko‘p pul yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.

"Aytmoqchisizki, biz kasodga uchramadikmi?", - deya so‘radi uning ayoli. "Yo‘q, azizim, bu hayotimdagi eng yaxshi kun bo‘ldi - biz mislsiz darajada boyib ketdik va endi istaganimizni qilishimiz mumkin", - deya javob berdi u.

Livermor bir kunda hozirgi hisobda 3 milliard dollarga teng pulni ishlab olgan edi.

Bir qaraganda bu - butunlay qarama-qarshi hikoyalar. Germanski vayron bo‘ldi, Li­ver­mor dunyodagi eng badavlat kishiga aylandi. Biroq atigi to‘rt yildan keyin uning hikoyasi ham qayg‘uli yakun topadi.

Li­ver­mor fond bozorida borgan sari yirik stavkalar qilib, pullarini yo‘qota boshladi. 1993 yilda vayron bo‘lgan va uyatdan o‘zini qo‘yarga joy topa olmagan sarmoyachi g‘oyib bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘i uni qidirishga otlandi. New York Times'ning o‘sha yilgi nomerida shunday yozuvlarni ko‘rish mumkin edi: "Jessi L.Livermor yo‘qoldi, fond bozori operatori, 1100 Park Avenyu. Uni oxirgi marta kecha kunduzgi soat 3 da ko‘rishgan". Livermor qaytdi, biroq baribir bunday yo‘qotishdan o‘ziga kela olmadi - va oxir-oqibat o‘z joniga qasd qildi.

Har xil vaqtda bo‘lsa-da, Germanski va Livermorni bir taqdir kutgan: boyish - bu bir narsa. Bu boylikni saqlab qolish esa - mutlaqo boshqa narsa.

Iqtisodiyotda hamma narsa davriy tushunchaga ega. Hech qanday shart-sharoitlar abadiy emas: ularni yaxshi qiluvchi kuchlar ertami-kechmi yo‘nalishni qarama-qarshi tomonga burib yuboradi.

Aksiyalar narxi ko‘tariladi, qimmatbaho aksiyalar sarmoyachining xato qilishga haqqi yo‘qligini bildiradi, bu esa bozorning kasodga uchrash ehtimolini oshiradi. Aks vaziyatda ham xuddi shunday. Resessiya sarmoyachilarning umidsizligiga sabab bo‘ladi. Umidsizlik esa ishlab chiqarishning yomonlashuviga olib keladi, ishlab chiqarishning yomonlashuvi etishmovchilikni keltirib chiqaradi, etishmovchilik esa yangi marralarga undaydi.

Muvaffaqiyatni qo‘lga kiritgan odamlar va kompaniyalar bir siklga bog‘lanib qolishadi.

Qizig‘i shundaki, boylikni saqlab qolish yo‘lidagi eng katta to‘siq boylikning o‘zi bo‘lishi mumkin.

Nima uchun deysizmi? Biror bir sohada qanchalik muvaffaqiyat qozonsangiz, shunchalik hammasini to‘g‘ri qilayotganingizga ishonib qolasiz. Bunga qancha ko‘p ishonsangiz, o‘zgarishlarga shuncha kam tayyor bo‘lasiz. O‘zgarishlarga tayyor bo‘lmaslik esa ertami-kechmi tanazzulga yuz tutish ehtimolini oshiradi.

Boyishning million xil usuli bor, boylikni saqlab qolishning esa birgina yo‘li bor: ko‘pincha paranoyaga etib boruvchi kamtarlik. Yana bir qiziq jihat shundan iboratki, kamtarlikka boylikdek ziyon etkazadigan narsa bo‘lmasa kerak.

Aynan shuning uchun kompaniyalarning Dow Jones reytingi tarkibi muntazam ravishda o‘zgarib turadi, Forbes milliarderlari ro‘yxati esa 10 yil ichida taxminan 60 foizga yangilanadi.

Intel asoschisi Endi Grouv shunday degan: "Muvaffaqiyatli biznesning inqiroz urug‘i o‘zi bilan birga bo‘ladi". Biror vaziyatga tez munosabat bildirish va unga har tomonlama qarashning o‘rnini o‘ziga bo‘lgan ishonch va odatiy tartibni saqlab qolishga bo‘lgan intilish egallaydi. Harvard Business Review 1996 yilda Grove kompaniyasi boshqaruvi falsafasi haqida quyidagicha yozgan:

"Grouv qo‘rquv muayyan darajada foydali, deb hisoblaydi, ayniqsa, muvaffaqiyatga erishib bo‘lgan kompaniyalar uchun. Qo‘rquv o‘z-o‘zidan mamnunlik hissiga qarshi kurashuvchi va oxir-oqibat omad kelitiruvchi ajoyib echim bo‘lishi mumkin. Paranoyaning yengil notasi - butun dunyoni sizga qarshilikda gumon qilish - Grove falsafasi shuni tavsiya qiladi".

Charli Rouz kunlardan bir kun milliarder Maykl Moris, Sequoia Capital rahbaridan nima uchun uning kompaniyasi bu qadar muvaffaqiyatli ekanini so‘radi. Moris ba’zi venchur firmalar 5 yoki 10 yil yaxshi ishlashi, lekin Sequoia 40 yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganiga ishora qildi. Rouzning savoliga u quyidagicha javob berdi:

Moris: O‘ylashimcha, biz doim ishsiz qolishdan qo‘rqamiz.

Rouz: Rostdanmi? Unda bu qo‘rquvmi? Bundan chiqdi, faqat paranoiklar omon qolar ekanda?

Moris: Bunda haqiqat ko‘p... Biz ertangi kun kechagidek bo‘lmasligiga umid qilamiz. Biz tinchlana olmaymiz. Biz kechagi muvaffaqiyat ertangi omadni keltirishini kutib o‘tira olmaymiz.

Bozorni tushunish yo hatto og‘ir mehnat ham emas. Qo‘rquv va kamtarlik.


Kamtarlik sizning tavakkaldan qochishingiz kerakligini bildirmaydi. Sequoia bugun ham 30 yil avvalgidek tavakkal qiladi. Biroq u kecha ish bergan usullar ertaga qo‘l kelishiga hech kim kafolat bera olmasligini yaxshi tushunib etgan holda, bu ishni yangi sohalarda, yangicha yondashuvlar va yangi hamkorlar bilan amalga oshiradi.

IBM va Xerox qurilma ta’minotidan xizmatlar sotuviga o‘tganda shunday qilishdi.

Netflix oqimli eshittirishga sarmoya kiritib, DVD-biznesiga chek qo‘yganida shunday yo‘l tutgan.

General Electrics o‘z lampalari bilan mashhur firmadan idish yuvish mashinalari ishlab chiqaruvchisi, keyin bank, undan keyin esa shamol energiyasi etkazuvchisiga aylanganida taxminan har 20 yilda o‘z yondashuvini o‘zgartirgan.

Bu kompaniyalarning har biri ma’lum bir vaqtda to‘xtab, hammasi to‘g‘ri degan qaror chiqarib, tinchlanishi mumkin edi - biroq ular bularning barchasini yo‘qotmaslik uchun bunday qilishmadi. Ular biroz paranoik, sabrsiz va rivojlanib borayotgan dunyodan qolishmaslik uchun avvalgi muvaffaqiyatlaridan voz kechishga tayyor bo‘lishgan. Bu oson emas, albatta.

Odamlar bir necha o‘n yillab Coke, Gillette va American Express kompaniyalarini mutlaqo o‘zgarmas kompaniyalar sifatida namuna qilib ko‘rsatishgan. Biroq hozir bu kompaniyalarning barchasi sezilarli qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Coca-Cola 13 yildan buyon talab kamayishi bilan kurashib kelmoqda. Dollar Shave Club qayerdandir paydo bo‘lib, Gillette'ning bozordagi 14 foiz ulushini tortib oldi. AmEx'ning eng yirik sarmoyachilariidan biri Charli Manger shu haftada "Agar 10 yildan keyingi to‘lov tizimining holatini tasavvur qila olaman deb o‘ylasangiz, juda qattiq adashasiz", deb aytdi. Faqat paranoiklar omon qoladi.

Biz Avraam Germanski haqida oz ma’lumotga egamiz - faqat uning boyligini yo‘qotgani-yu, "sinib", g‘oyib bo‘lgani ma’lum. Biroq biz hayoti hujjatlashtirilgan Livermor haqida ko‘proq narsa bilamiz.

Livermor qanday boyish mumkinligini yaxshi bilgan. Biroq XX asr boshida o‘z davlatini saqlab qolish hammaning ham qo‘lidan kelmagan. U mol-dunyo to‘plab, keyin oxirgi tiyinigacha yo‘qotgan, shunday holat kamida to‘rt marotaba takrorlangan va ularning birortasi sakkiz yildan ortmagan.

Livermor uchinchi tanazzuldan keyin o‘z xatosini tan oldi: muvaffaqiyat uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib yuborgandi, bu tuyg‘u eski usullarni o‘zgartirmagan holda stavkalarni oshirishga chorlagan va har safar jar yoqasiga olib kelgan, chunki dunyo o‘zgarayotgan, bozor esa unga qarshi pozisiyaga o‘tayotgan bo‘lgan.

"Men ba’zan manmanlik juda qimmatga tushadigan xavfli saboq ekanligi haqida o‘ylab qolaman. Ko‘plab ajoyib shaxslarning tanazzuli aynan manmanlik tufayli yuz bergan. Bu - har bir insonga juda qimmatga tushadigan kasallik", - deydi u.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boylikni saqlab qolish haqida: "Bu maydonda faqat paranoiklargina omon qoladi..."