Real Madridda jiddiy mojaro: Valverde shifoxonaga yotqizildi

Real Madrid kiyim almashtirish xonasida vaziyat keskinlashmoqda. Ispaniya matbuotida tarqalgan xabarlarga koʻra, jamoa ichida murabbiy Álvaro Arbeloaga nisbatan norozilik kuchaygan va futbolchilar oʻrtasida jiddiy kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. "Marca" nashri olti nafar futbolchi bosh murabbiy bilan muloqot qilishdan bosh tortayotganini maʼlum qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Vaziyat ayniqsa mashgʻulotlar chogʻida avj olgan. Federico Valverde va Aurelien Tchouameni oʻrtasida yuz bergan janjal mushtlashuvga aylanib ketishiga sal qoldi. Natijada, Federico Valverde jarohat olib, shifoxonaga yotqizilishiga toʻgʻri keldi. Klub rahbariyati ushbu voqeani "juda jiddiy" deb baholadi.
Klub prezidenti Jose Angel Sanchez yuzaga kelgan inqirozni bartaraf etish maqsadida shoshilinch yigʻilish oʻtkazdi. Jamoa ichidagi muhit "porox bochkasi"ga qiyoslanmoqda, chunki Vinicius Junior, Kylian Mbappé va Jud Bellingem kabi yulduzlar oʻrtasida ham tushunmovchiliklar kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, Dani Ceballosning murabbiy bilan munosabatlari uzilgani, Dani Carvajalning esa jamoadagi oʻrnidan norozi ekani maʼlum boʻldi. Antonio Rüdiger va Alvaro Carreras oʻrtasidagi avvalgi mojaro haqidagi mish-mishlar esa oʻz tasdigʻini topmadi. Real Madrid rahbariyati mavsum yakuniga qadar jamoada barqarorlikni tiklashga urinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!