Lexus oʻzining ilk uch qatorli elektr krossoveri TZ modelini taqdim etdi

Lexus brendi oʻz tarixida ilk bor uch qatorli oʻrindiqlarga ega toʻliq oʻlchamli elektr krossoveri — Lexus TZ modelini rasman namoyish qildi. Avtomobilning uzunligi 5100 mm, gʻildiraklar bazasi esa 3050 mm ni tashkil etadi. Tekis pol konstruksiyasi tufayli uchinchi qator oʻrindiqlari kattalar uchun ham yetarlicha kenglik va qulaylikni taʼminlaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Texnik jihatdan krossover ikki motorli tizim bilan jihozlangan boʻlib, umumiy quvvati 420 ot kuchiga teng. 95,82 kVt·soat sigʻimli akkumulyator bir quvvatlanishda 480 km masofani bosib oʻtish imkonini beradi. Avtomobil 100 km/soat tezlikka 5,4 soniyada erishadi va Toyota Highlander elektr platformasi negizida qurilgan.
Saloni Driving Lounge konsepsiyasi asosida yaratilgan boʻlib, premium materiallar, 21 ta dinamikdan iborat Mark Levinson audio tizimi va panoramali tom bilan jihozlangan. Shuningdek, ikkinchi qatorda alohida qulay oʻrindiqlar, atmosferaviy yoritish va salonni xushboʻylantirish tizimi mavjud.
Xavfsizlik masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan: model Lexus Safety System+ 4.0 ADAS tizimi bilan taʼminlangan. Lexus TZ AQSh bozoriga 2026-yil oxirida chiqarilishi rejalashtirilgan va u Lucid Gravity, Cadillac Vistiq, Volvo EX90 hamda Kia EV9 kabi raqobatchilarga qarshi kurash olib boradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!