Haqiqiy baxt va erkinlik insonning ichki dunyosida yashaydi

Inson hayotida eng ko‘p izlanadigan tushunchalardan biri — baxtdir. Kimdir uni boylikdan qidiradi, kimdir obro‘-e’tibordan, yana kimdir esa muhabbat yoki katta yutuqlardan topishga harakat qiladi. Ammo mashhur yozuvchi va mutafakkir Loran Gunel ta’kidlaganidek, haqiqiy baxt tashqi omillarda emas, insonning ichki dunyosida yashiringan bo‘ladi.
Ko‘pchilik insonlar baxtni kelajak bilan bog‘laydi. “Falon narsaga erishsam baxtli bo‘laman”, “katta pul topsam hayotim o‘zgaradi” degan fikrlar odamni doimo ortdan quvishga majbur qiladi. Lekin vaqt o‘tishi bilan inson bir haqiqatni anglaydi: agar qalbda xotirjamlik va ichki qoniqish bo‘lmasa, tashqi yutuqlar ham uzoq davom etadigan baxtni bermaydi.
Loran Gunelning yana bir muhim fikri — haqiqiy erkinlik haqida. Uning ta’kidlashicha, erkin inson — bu boshqalarning fikridan qo‘rqib yashamaydigan odamdir. Chunki jamiyatda ko‘pchilik o‘z orzulari emas, atrofdagilarning bahosi asosida yashaydi. Kimdir tanqid qiladimi, kimdir kulmaydimi, degan xavotir insonni haqiqiy hayotidan uzoqlashtirib qo‘yadi.
Aslida esa insonning hayoti uning fikrlari bilan bevosita bog‘liq. Qanday o‘ylasangiz, hayotingiz ham shunday shakllanadi. Doimiy qo‘rquv, norozilik va tushkunlik insonni sekin-asta ichidan yemirsa, ijobiy fikrlash va ishonch insonga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shuning uchun ham hayotni o‘zgartirishni istagan odam avvalo o‘z qarashlari va ishonchlarini qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.
Har bir inson har kuni tanlov qiladi. Kimdir bor imkoniyatlar uchun shukr qilib, baxtli yashashni tanlaydi. Yana kimdir esa doimiy nolish, shikoyat va o‘zini qurbon qilib ko‘rsatish yo‘lini tanlaydi. Vaqt o‘tgan sari bu tanlov inson taqdirini belgilab boradi.
Muallifning eng ta’sirli fikrlaridan biri — inson o‘zini kechirishni o‘rganishi kerakligi haqida. Chunki ko‘pchilik o‘z xatolarini yillab ko‘tarib yuradi. O‘tmishdagi xatolar uchun o‘zini ayblash esa insonni ruhan charchatadi va yangi hayot boshlashga to‘sqinlik qiladi.
Ishonch esa barcha muvaffaqiyatlarning birinchi qadami hisoblanadi. O‘ziga ishonmagan inson hech qachon katta orzular sari dadil yura olmaydi. Ishonch bor joyda harakat bo‘ladi, harakat bor joyda esa o‘zgarish va natija paydo bo‘ladi.
Loran Gunelning ushbu fikrlari insonni chuqur o‘ylashga undaydi. Chunki haqiqiy baxt ham, erkinlik ham, muvaffaqiyat ham avvalo insonning o‘z qalbi va tafakkuridan boshlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!