23:02 / 03.05.2017
15 871

O‘g‘il bola kelajakda bepusht bo‘lib qolishining sababchisi taglikmi?

O‘g‘il bola kelajakda bepusht bo‘lib qolishining sababchisi taglikmi?
Tagliklar paydo bo‘lishi bilan yosh onalar hayoti ancha yengillashdi, desak, xato qilmaymiz. Endi kuniga 10 marta bolaning tagini almashtirib, yuvishning hojati qolmadi. Bundan tashqari, kechasi bola tagini ho‘llab qo‘ysa ham, ota-onasi va o‘zining shirin uyqusini buzmaydi. Xullas, taglikning foydali tomonlari juda ko‘p. Lekin bunday tagliklar bola sog‘lig‘i uchun xavfli, degan gap ham yo‘q emas.

Matoli tagliklar hozirgi tagliklardan foydalimi?
Bu noto‘g‘ri mulohaza. Chunki matoli taglik namlikni shimib olish xususiyatiga ega emas. Bunday taglik bolaning terisini quruq saqlay olmaydi, qolaversa, mato namlansa, yumshoqligini yo‘qotadi. Natijada bola terisi qizarib, achishishi mumkin. Zamonaviy tagliklar namlikni o‘ziga tortib olib, bolaning terisini quruq saqlaydi. Agar undan to‘g‘ri foydalanib, har 3-4 soatda almashtirib turilsa, bola hech qanday zarar ko‘rmaydi.

Bolaning oyog‘ini qiyshaytiradimi?
Malakali mutaxassislarning ta’kidlashicha, tagliklar bolaning to‘g‘ri o‘sishiga hech qanday zarar ko‘rsatmaydi. Qolaversa, tagliklar oyoq va son bo‘g‘imlariga xalaqit qilmaydi.

Taglikda teri “nafas olmaydi”mi?
Bilsangiz, sifatli tagliklar havo o‘tkazish xususiyatiga ega. Ular boshqalardan narxi va ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Lekin har qancha sifatli va qimmat taglikdan foydalansangiz ham, har safar uni almashtirayotganda kamida yarim soat bolaning terisiga dam berishga odatlaning.

O‘g‘il bolalar uchun xavflimi?
Onalar orasida “o‘g‘il bolaga taglikni ko‘p kiydirish kelajakda bepushtlikni keltirib chiqaradi”, degan gap yuradi. Aslida-chi? Aynan shu mavzuda izlanish olib borgan olimlar allaqachon taglikning o‘g‘il bola salomatligiga hech qanday zarar qilmasligini isbotlab berishgan. Agar taglik kiydirib, gigiena qoidalariga to‘g‘ri amal qilinsa, albatta.

Qizlar uchun-chi?
Yuqorida aytilganidek, tagliklar o‘g‘il bolalar uchun katta xavf keltirmaydi, ammo qizlarga kelganda, undan ehtiyotkor bo‘lish talab qilinadi. Negaki, e’tiborsizlik tufayli go‘dakda sistit va boshqa virusli kasalliklar paydo bo‘lishi xech gap emas. Shuning uchun mutaxassislar har gal qiz bolaning tagligini almashtirayotganda uni, albatta, yuvintirish kerakligini ta’kidlashadi. Shunday ekan, nam salfetkani chetga surtib, suvni iliting va shirintoyingizni yuvintirishga odatlaning.

Taglik necha yoshgacha kiyiladi?
Ma’lum bo‘lishicha, bola 12-20 oyligidan boshlab tuvakka o‘tirish darajasiga etadi. Aynan mana shu paytda u o‘zining xatti-harakatlariga nisbatan javobgarlik seza boshlaydi. Ammo bu bola 1 yoshidan boshlab, taglik bilan butunlay xayrlashishi kerak, degani emas. Bolaning necha yoshgacha taglik kiyishi yoshiga emas, boshqa narsaga bog‘liq. Masalan, bolani kunduzi tuvakka o‘tqizish mumkin, lekin tunda tagi ho‘l bo‘lib bezovtalanmasligi uchun esa taglikdan foydalanish o‘rinli. Bunday holatda bola qachonki ertalab tagi to‘liq quruq bo‘lib uyg‘onsa, shunda taglik bilan xayrlashsa bo‘ladi. Yana bir holat: ayrim bolalar taglikda o‘zini yaxshi his etmaydi va kiyganda ko‘p bezovtalanadi, mana shunday vaziyatlarda taglikdan iloji boricha ertaroq qutulish tavsiya etiladi. Shuningdek, juda faol bolalarni taglikdan erta ajratish maqsadga muvofiq.

Muddatga e’tibor bering
Taglikdan foydalanishning kunduzgi normasi 2-3 soatni tashkil qiladi. Bordiyu, bola 1 soatda tagini to‘ldirib qo‘ysa, unda darhol boshqasiga almashtirish kerak bo‘ladi. Uyqu paytida yuqorida belgilangan muhlatga atigi bir soat qo‘shish mumkin. Mabodo bola tagi namligini sezmay uxlashda davom etsa, uni uyg‘otmay turib ham almashtirish mumkin.

Tekin maslahat
Bolani har safar toza havoga olib chiqishdan oldin va uyqu qaytgandan so‘ng, uxlashidan avval va keyin tagligini almashtirishni qoidaga aylantiring. Taglikdan belgilangan vaqtdan ziyod foydalanmang. Bu tavsiya ko‘proq taglikni tejash maqsadida “to‘lishini” kutadigan onalarga tegishli. Hozir do‘konlarda bolalar uchun maxsus ishlab chiqarilgan nam salfetkalar soni va turi juda ko‘p. Esingizda bo‘lsin, har qanday qimmat va o‘ta sifatli nam salfetka baribir toza iliq suv o‘rnini bosa olmaydi. Shu sabab, bunday vositalardan iloji boricha kamroq foydalaning. Foydalangan taqdirda ham salfetkaning tarkibini o‘rganib chiqishga erinmang. Bolalar gigienasi uchun mo‘ljallangan salfetkaning tarkibida kremi borlaridan foydalanmagan ma’qul.

Tavsiya
Har gal taglikni almashtirayotganda, bolaning terisiga paxta yog‘i yoki oddiy zaytun moyini surting va 10-20 daqiqa quyosh nuri tushadigan joyda olib o‘tiring. Ana shu vaqt mobaynida bolaning terisiga diqqat bilan razm solib, qizil dog‘lar yoki taglikdan qisilgan izlar yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Bordiyu, taglik bolaning sonlarini qisayotgan bo‘lsa, uni bir o‘lcham kattasiga almashtiring.

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘g‘il bola kelajakda bepusht bo‘lib qolishining sababchisi taglikmi?