01:01 / 05.07.2017
14 007

Baxtli va baxtsiz kunlar? O‘qing va xulosa qiling

Baxtli va baxtsiz kunlar? O‘qing va xulosa qiling
Baxt va baxtsizlik doimo inson hayotida yonma-yon yuradi. Odam nimalardandir manmun bo‘lsa yana nimalardir uning ko‘nglini xira qiladi. Bu hayot qonuni. Hech kim doimiy saodatda yashagan emas. Eng muhimi shunday damlarda kimningdir tomonidan berilgan oqilona tasalli va hamdardlik bo‘lib, u kishining hayotga bo‘lgan ishonchini qaytaradi, ko‘nglini ko‘taradi, atrofga ijobiy ko‘z bilan qarashga undaydi. Ayniqsa, oilada er-xotin doimo biri-biriga suyanadi va hayot mashaqqatlarini bosib o‘tishda ularning o‘zaro birdamligi asqotadi. Quyidagi hayotiy voqiya aynan shunday holatni hikoya qiladi:

Mashhur yozuvchilardan biri ish stoliga o‘tirib, qo‘liga ruchkasini oldi va o‘tgan yil davomida hayotida sodir bo‘lgan ba’zi ishlarni yoza boshladi:
“Kasal bo‘ldim va o‘t pufagimni oldirdim, natijada bir necha oy to‘shakka mixlandim. Oltmish yosh to‘ldim, o‘ttiz yil davomida ishlagan nashriyotdagi asosiy ishimdan bo‘shadim. Otam qazo qildilar. O‘g‘lim avtohalokatga uchradi, shundan so‘ng bir necha oy o‘qishga bormagani sababli kursdan kursga o‘tolmadi”. Sahifa oxiriga “Qanday ham baxtsizlik yili bo‘ldi”, deb yozib qo‘ydi. O‘sha vaqt xonaga turmush o‘rtog‘i kirdi. U erining so‘lg‘in holatda o‘tirganini ko‘rib yaqinlashdi va elkasi osha eri yozgan narsalarni o‘qiy boshladi. Lom-lim demay xonani tark etdi.

Birozdan so‘ng qo‘lida boshqa bir varoqni ko‘tarib kirib keldi va uni eri qoralab qo‘ygan varoqning yoniga qo‘ydi. Shu vaqt er unda yozilgan satrlarni o‘qiy boshladi: “O‘tgan yili ancha vaqtdan beri sizga azob berib kelayotgan o‘t pufagi og‘riqlaridan shifo topdingiz. Sog‘-salomat holda oltmish yoshga to‘ldingiz. Ko‘plab kitoblarning nashr etilishida bosh bo‘lganingizdan so‘ng endi nafaqaga chiqib o‘zingiz ham maqola va kitoblar yozishga vaqt topdingiz. Otangiz uzoq umr kechirib, sakson besh yoshga kirib biror odamga ortiqcha yuk bo‘lmasdan hamda biror kasallik bilan uzoq vaqt og‘rinmasdan hayotdan ko‘z yumdi. O‘g‘lingiz avtohalokatdan omon qoldi va biror asoratsiz tuzalib ketdi”.

Ayol o‘z so‘zlarini “Baxtimiz baxtsizligimizdan ko‘ra ko‘proq bo‘lgan bu yil qanday ham yaxshi yil bo‘libdi”, deya tugatibdi. Sahifaning oxiriga etganida yozuvchining yuzida samimiy bir tabassum paydo bo‘ldi.

Sh.Chulpanov
TII o‘qituvchisi

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baxtli va baxtsiz kunlar? O‘qing va xulosa qiling