Ular taxminan yana bir soatdan mo‘lroq yurganlaridan keyin Nargiza mashinani yo‘l chetiga olib to‘xtatdi. Lolaning ajablanib qaraganiga:
— Yana yuz metrcha yursak, GAI posti keladi, — deya javob qildi.
— Niyma bo‘ptiy?
— Moshina biznikimas-ku. O‘g‘irlab qochgansizlar deb qamab qo‘yishadi. Mening haydashga haqim yo‘q. Yaxshisi tushamiz-da, postni aylanib o‘tamiz. Keyin bironta taksi to‘xtatib, uygacha yetib olamiz.
Ularni taqdir yana bir marta siyladi. Qizlar mashinadan tushib hali DAN postini aylanib o‘tmaslaridan, yo‘l chetida qoldirishgan oppoq “Neksiya” yoniga jigarrang “Opel” kelib to‘xtadi. Undan baqbaqasi osilgan, taqirbosh, qorindor bir odam tushib, «Neksiya»ni aylanib qaradi. Bu kimsa sobiq amaldor, nafsini tiyolmay lavozimidan urilib, tadbirkorlik qilib yurgan, onda-sonda Baron bilan yeng uchida ish qiladigan Mansurning otasi Egamqul To‘xtayevich edi. Unga qizlardan kaltak yegan o‘g‘li qo‘l telefoni orqali qo‘ng‘iroq qilib, ikkita bezori qiz hujum qilib, mashinani tortib olishganini aytgandi. Egamqul militsiyaga xabar bermoqchi ham bo‘ldi, biroq o‘ylab turib niyatidan qaytdi. Chunki mojaro avj olsa, o‘zining chigal ishlari ham ochilib ketishidan cho‘chidi.
Egamqul To‘xtayevich o‘g‘lining «toychog‘i»ni sinchiklab ko‘rikdan o‘tkazib so‘ng rulga o‘tirdi va tuyqus ko‘zi kalitga tushdi. Kalitni ohista buradi-yu, kapalagi uchib ketdi…
* * *
Qizlar tong bo‘zarib kelayotgan bir pallada Nargizalarning uyiga yetib olishdi. Ular holdan toygandi, oyoqlarini sudrab to‘rtinchi qavatga chiqquncha tillari osilib qolayozdi.
Lolani oshxonadagi stolga o‘tqizib Nargiza gazga choy qo‘ydi-da, o‘zi yuvinish xonasiga o‘tdi. Kiyimlarini bir-bir yechib tashlay boshladi. U o‘zining qomatini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardi. Oppoq badani, xipcha beliga qarab, o‘ziga-o‘zi maftun bo‘lar, oynaga tikilib to‘ymasdi. Qiz tanasining ko‘karib ketgan joylariga ko‘zi tushib, yig‘lab yuborayozdi. Oshxonada o‘tirgan lo‘li qizdan tortindi ehtimol, pastki labini qattiq tishladi. Lat yegan joylarni nozik barmoqlari bilan avaylab silab birpas turgach, iliqqina suvga kirdi. Uning tanasi yayrab ketdi. Qiz badanida yugurib pastga yumalayotgan suvdan lazzatlanib ko‘zlarini yumgancha “oh” tortib yubordi…
— Voy, Nargiyz! — dedi Lola egniga yaltiroq ko‘k xalat kiyib yuvinish xonasidan chiqib kelgan qizga ko‘zlari yonib qararkan, — buncha chiyroyliysan!
Goh “siz”lab, goh «sen»lab gapirayotgan lo‘li qizning gapidan Nargiza miyig‘ida kuldi.
— Sening o‘zing mendanam chiroylisan, — dedi u ham sensirab, — bitta yuvinib chiq, ungacha senga o‘zimning kiyimlarimni tayyorlab qo‘yaman.
Iliqqina suvda maza qilib yuvinib chiqqan Lola sochlarini quritgichga tutib olgach, Nargizaning bejirimgina kiyimlarini kiydi: endi uning lo‘liligini bilib bo‘lmasdi! Mayin sochlarini ehtiyotlab tarayotganida, Nargiza ortidan kelib quchoqlab oldi:
— Agar o‘g‘il bola bo‘lganimda, lo‘liligingga qarab o‘tirmasdan uylanib olardim, — dedi.
Bu gapdan qizlar baravar xandon otib kulishdi va Lola chaqqon o‘girilib, Nargizani mahkam quchdi.
Shundan so‘ng ular ovqatlanishib, quyosh derazadan mo‘ralay boshlaganda uxlagani yotishdi.
Lola uyqusida tush ko‘rdi. Katta gulzorda yurganmish. O‘ngu so‘lida chaman bo‘lib ochilib yotgan atirgullar, osmonda bir gala oppoq kabutar gohida pirpirab pastlab uchar, uning boshiga tegay-tegay deganda birdan ko‘tarilib ketarmish. Lola hayron, hech tushunmas, pastlayotgan qushlarning birontasini tutib qolish uchun qo‘lini osmonga cho‘zar, ammo sira ushlab qololmaskan. Bir mahal qayerdanam katta qora kalxat paydo bo‘lib, shunaqangi shiddat bilan uchib kelib kabutarlarga tashlangan ekan, bir yo‘la beshta kabutar qanotlari qayrilib, gullar ustiga qulab tushibdi. Lola ularni olish uchun qancha yugurmasin, hecham yetolmas, oyoqlari joyidan jilmasmish. Shunda u alamiga chidolmay yig‘lab yuboribdi…
— Lola, senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan? — dedi allaqachon uyg‘onib ovqat qilishga ham ulgurgan Nargiza lo‘li qiz uxlayotgan karavotning bir chetiga o‘tirib, uning sochini silarkan.
Lola cho‘chib uyg‘ondi va biroz karaxtlanib o‘tirdi-da:
— Qushlarniy o‘ldirdiy… — dedi talmovsirab.
— Tush ko‘rdingmi? Qo‘yaver, tushga nimalar kirmaydi. Qo‘y, yig‘lama, yaxshisi, endi, xonim, o‘rningizdan turing-da, yuvinib keling, ovqatlanamiz. Vaqt allaqachon peshindan o‘tib ketdi, oyim bechora ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘tirgandir, — dedi Nargiza jilmayib.
Taqdir taqozosi bilan opa-singilday bir-biriga mehribon bo‘lib qolgan ikki qiz tushlik qilib olishdi, so‘ng Nargiza ukasi yotgan kasalxonaga ovqat olib ketdi. Lola birga bormoqchi bo‘lgandi, “opa”si unamadi. “Sen shu yerda o‘tira tur, bugun ukamning yonida qolish mening navbatim, hozir borib kelaman-da, kechga tomon seniyam olib ketaman. Endi birga bormasang, bir o‘zim qo‘rqaman”, dedi Nargiza.
Nargizani jo‘natib, Lola televizorni qo‘ydi, hind filmi ko‘rsatilayotgan ekan. U kinoni ko‘rmoqchi bo‘lib, televizor qarshisiga joylashib o‘tirib oldi. Biroq filmning oxiri ekan, darrov tugab qoldi. Hammasini ko‘rolmaganidan asabiylashgan qiz televizorni o‘chirdi va o‘rnidan turib shkafga taxlab qo‘yilgan choynak-piyolalarning gullarini tomosha qildi. Bexosdan piyolalardagi atirgullar tasviri tushida ko‘rgan gullarni yodiga soldi. Xayolan ularni taqqoslab turganda shkafning bir chetidagi turgan albomga ko‘zi tushdi. Ikkilanmay albomni qo‘liga olib, yerga o‘tirgancha varaqlay boshladi. Nargizaning bolalikda tushgan suratlari. Bir suratda Nargizaning yonida o‘zi tengi bolakay jilmayib turibdi. Harchand urinmasin, qayerda ko‘rganini eslay olmadi. Biroz parishon xayol bilan Lola albomning keyingi betlarini varaqladi.
Va nogahon… o‘zi bozorda duch kelgan yigitning suratiga ko‘zi tushdi. Bu bolaning rasmi qayerdan kelib qolgan ekan? Kim bo‘ladi u Nargizaga? Avariyaga uchragan ukasi shumikan? Yoki bu bola uning sevganimi?.. Nargiza bilan achomlashib ham tushibdi… Bu o‘ylardan Lolaning yuragida rashk alangasi paydo bo‘ldi. Albomni duch kelgan tomonga otib yuborib, gilam ustiga cho‘zilib yotib oldi. Ko‘zini yumib, biroz xayol surdi. “Jinni bo‘p qopsan, Lola, — dedi o‘ziga-o‘zi. — U bola yomon, meni yer bilan bitta qildi. Sarson-sargardon yurganimga o‘sha sababchi. Nargiza bo‘lsa menga uyidan joy berdi, egnimga ust-bosh berdi… Bo‘ldi, tamom, endi lo‘lilik qilmayman. Birovning yoniga tilanib bormayman. Nargizaga iltimos qilib ish so‘rayman. O‘zbekcha gapirishni yaxshilab o‘rganib olsam, birov meni lo‘li deb o‘ylamaydi. Keyin o‘zbeklardan yigit topib, o‘shanga turmushga chiqaman…”
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi