00:10 / 03.10.2017
49 887

Surunkali toliqish: sabablari, belgilari, eng yaxshi tavsiyalar...

Surunkali toliqish: sabablari, belgilari, eng yaxshi tavsiyalar...
Kishilarning sutkalik aqliy va jismoniy mehnati chegaralangan. Agar bosh miyaga “toliqish signali” berib turilmasa, odam organizmida chin ma’nodagi fojia yuz berishi aniq.

Doimiy faollikda bo‘lgan kishi vaqti-vaqti bilan dam olishi, ovqatlanishi, uxlashi, qisqasi, mehnat faoliyati hamda ro‘zg‘or tashvishlari bilan bog‘liq kundalik “xavotirlar to‘qmog‘i”dan biroz chalg‘ib turishi lozim.

Insonning ishchanlik qobiliyatini — mobil qurilmaning quvvatlovchi batareykasiga o‘xshatish mumkin. O‘z vaqtida quvvat oldirilmagan telefon apparati o‘chgandan keyin ancha vaqt “chehrasini ochmasdan” quvvat olgani kabi kishilar ham “zahiradagi” ishchanlik qobiliyatini hadeb ishlataverishi — surunkali toliqishga yetaklaydi!

Yaxshiyamki miya faoliyatida “unutish” hamda “umumlashtirib eslab qolish” qobiliyati mavjud. Aks holda bosh miya faoliyati, ayniqsa ko‘rish, eshitish, ta’m bilish va doimiy muloqotda bo‘lishga (fikrlashga) doir quvvat, aniqrog‘i kishining hayotida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar tafsiloti xotirasida uzog‘i bilan 3–5 soatlik “muhrlanishga” yetgan bo‘lar edi.

Odam uzog‘i bilan 3–4 sutka uxlamasligi mumkin, biroq bu “imkoniyat” tana a’zolarining, xususan miya faoliyatining “yemirilishi” evaziga sodir bo‘ladi.

Surunkali toliqishlarning yig‘indisi — kishi organizmida turli kasalliklar “g‘olib” bo‘lishiga olib keladi.

Keling, bugun siz bilan surunkali toliqish belgilari hamda uni “bartaraf etish” amaliyotiga to‘xtalib o‘tamiz...

Surunkali toliqishning belgilari:
· jismoniy mehnatdan tez charchash;
· umumiy holsizlik;
· bezovta uyqu;
· dori­darmonga organizmning ta’sirchanligi oshishi;
· kayfiyatning beqarorligi (o‘zgaruvchan kayfiyat);
· ishtahaning bug‘ilishi;
· mehnatga layoqatning susayishi;
· och va yorqin rangli kiyimlarni yoqtirmaslik.

Sizda yuqorida keltirilgan surunkali toliqishning belgilaridan qay biri uchraydi?

– Hech qaysi? Siz anchayin xotirjam inson ekansiz! To‘g‘risini aytganda, Siz baxtli insonsiz!

– Nima, deyarli barchasi? Unda ahvol chatoq...

Surunkali toliqishning kelib chiqish sabablari:
· uzoq vaqt davom etgan ruhiy siqilish va og‘ir qayg‘u;
· og‘ir jismoniy mehnatdan zo‘riqish;
· vaqtida dam olmaslik (to‘yib uxlamaslik va uxlay olmaslik);
· ishning bir xilligi (mehnat faoliyatidan zavq olmaslik, zerikish, noinoq kollektiv);
· doimiy shovqin ta’sirida ishlash;
· ijobiy ruhiy holatning (xursand bo‘lish, zavqlanish, rohatlanishning) bo‘lmasligi.

Xo‘sh, surunkali toliqishning sabab va belgilarini bilib oldik. Endi uning nimasi bilan xavfli ekanligini ko‘rib chiqaylik:
  • organizmnining harakatchiligi kamayadi;
  • immunitetni susaytiradi;
  • mushaklarning toliqishi oqibatida turli jarohatlar olish ehtimoli oshadi;
  • orttirilgan surunkali hamda mavsumiy kasalliklarning o‘tishi (davolanish jarayoni) sekinlashadi;
  • asab tizimi faoliyatida nuqsonlar paydo bo‘ladi (doimiy stress, jahl, jerkish va hokazolar);
  • yurak qon­tomir tizimining faoliyati yomonlashadi.

Xordiq chiqarish va xotirjamlik

Uyda: shovqinsiz, nihoyatda tinch muhitda yotib dam oling. Mayin jundan yoki ipak matodan tayyorlangan to‘shakda oyoqlarni uzatib yotsangiz (g‘ujanak bo‘lib yotish yaramaydi) mushakdagi og‘riqlar ketadi va ruhiy zo‘riqish yo‘qoladi.

Jun mato xuddi shovqinni kabi toliqishni ham o‘ziga tortib olish xususiyatiga ega. Kechqurun qo‘l­oyog‘ingizga iliq vanna qabul qiling. Uyqudan oldin issiq sut iching, bu kunduzi orttirilgan charchoqni yengadi.

Ishda: ish faoliyatingiz jismoniy yoki aqliy mehnatdan iborat bo‘lishidan qat’i nazar tez­tez tanaffus qiling. Ishxonangiz hovlisida, balkon yoki deraza ortida chiroyli manzara bo‘lsa, biroz o‘sha tomonga qarab xayol suring.

Bu kichik bir dam olish bilan teng usul.

Ovqatlanish...

Ho‘l mevalarni iste’mol qilishinigiz maqsadga muvofiq. O‘ta yog‘li taomlardan vaqtincha tiyilib turganingiz ma’qul. Ko‘proq sut va sut mahsulotlarini is’temol qilish taningizga quvvat baxsh etadi.

Uglevod va oqsilga boy mahsulotlardan tayyorlangan taomlar aynan siz uchun. Faqat tamaddi qilishni iloji boricha tez­tez, biroq kam­kamdan amalga oshirish tavsiya etiladi. Shunda siz organizmingizni zo‘riqtirib qo‘yishning oldini olasiz.

Ma’lum bo‘lishicha, oshxona idishlari: sariq, qizil va sarg‘ish ranglaridagi taomlarning tangga singishi boshqa, masalan: ko‘k va yashil idishlardagiga nisbatan ancha yaxshi ekan. Shunga ham alohida e’tibor berishingizni so‘raymiz.

His-­hayajon...
Kechqurun iliq dush qabul qilib, xushbo‘y ta’mli choy iching. Yoki bir qoshiq asal yeb, ilib suv bilan ichishingiz mumkin. Bu xotirjam uxlashingizga ko‘mak bo‘radi.

Sifatli kofe yormasidan bir-­ikki siqimini qog‘oz xaltachaga solib, xona stoli ustiga qo‘ying. Undan taralgan hid sizga tetiklik bag‘ishlaydi va kayfiyatingizni ko‘taradi.

Apelsinni parrak-­parrak kesib, ish stoli ustiga qo‘ysangiz, ofisingiz xushbo‘y hidga to‘lishi bilan birga turli asabbuzarliklarning oldini oladi.

Unutmang, yaxshi dam — mehnatga hamdam!

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Surunkali toliqish: sabablari, belgilari, eng yaxshi tavsiyalar...