00:49 / 19.11.2017
9 376

Muhabbat haqida hikoya: Sir...

Muhabbat haqida hikoya: Sir...
O‘sha kuni ham u uyda yolg‘iz edi. Ertalabdan dili boshqa-boshqacha bo‘lib uyg‘ondi. Hovlini supurib, uylarni tartibga soldi. Oshxonaga unnab, dasturxonni obdon bezadi; noz-ne’matga to‘ldirdi. Qilayotgan ishlaridan dili yashnab-yashnab ketdi, quvonchga to‘ldi. Qo‘li ishda, xayoli ko‘cha eshigi, darvozasida bo‘ldi. Nimadir “tiq” etsa ham o‘sha tomon andarmon bo‘ldi. Oshxonaning kichkina derazasi shundoqqina hovliga qaragan edi. Hurillab esayotgan yoqimli shaboda hovlidagi rayhon va yalpizlarning yoqimli bo‘yini olib kirardi. Kun qiziyverib, soyalar yoyildi. Osuda hovli qushlarning chug‘ur-chug‘uriyu, musichalarning “hu-hu”lashiga to‘ldi. Ketma-ket “tub-dub” etib tushgan olmalar shovqinini eshitmagan bo‘lsa-da, har tomon yumalab-dumalab hovli yuzini tutganiga ko‘zi tushdi. Avvaliga hayron bo‘lgan kampir, hovliga chiqib og‘rindi. Totli mevalari kichkina-kichkina olma daraxtining ba’zi shoxlari qo‘shni devoridan oshib o‘tgandi. Bu olma birinchi marotoba hosil qilishi edi. Birinchi marotoba bo‘lsa-da, hosili mo‘l, gilosdek bodrab-bodrab tuygan, yaprog‘idan mevasi ko‘p edi. O‘sha shoxlardan tushgan mevalarni qo‘shni ayol qayta hovliga uloqtirgandi.
“Mevada nima ayb!?” degan o‘y o‘tdi kampirning xayolidan.
Bir yuzi lal-lal yonib, biri shikastlangan olmalarni yig‘ib, artib, ishkom ostidagi soyaga terib qo‘ydi.
“Nevaralari yer!”
Bir qozonda qaynatma, biriga osh osdi. Qaynatma, endi tili chiqa boshlagan boladek bidirlab, osh sabzisi yog‘i yangi ko‘z ochayogan qum ostidagi buloqdek biqillab qaynay boshladi. Kampir boshqa ishlari bilan andarmon bo‘ldi. Olov taftini yanada pasaytgan bo‘lsa-da, qaynatma hilvirab, pishib, oshi ezilib ketdi. Qo‘rdagi cho‘g‘ kampirning ko‘ngli kabi miltilladi. Osh sovib, qaynatma to‘ngladi.
Kampir kechga qadar kutdi. Yum-yum yig‘lab, tun yarimiga qadar eshikka ko‘z tikdi; kutganlari kelishmadi. Toliqib, toriqib borayotgan bo‘lsa-da, bir yerda o‘tirgilik ham, turgulik ham bo‘lmadi. Hansirab, harsillab u yoqdan bu yoqqa borib kelaverdi. Mehmonxona, oshxona va tashqi eshik bo‘sag‘asi orasida qatnayverdi. Umidlanaverdi, so‘naverdi. Anvoyi meva va shirinlig-u, pishiriqlarga to‘la dasturxon ochiqligicha, bezotig‘ligicha qolaverdi. Tushga yaqin ko‘zini quvontirgan dasturxoniga endi har safar qaraganda mung‘aytiraverdi. Uzzukun ochiq turgan darvozani tun yarmiga yaqin yopdi, ammo ildirmadi. Qo‘li bormadi. O‘sha kuni onaxon tuz totmadi, ko‘zlariga uyqu ham ilmadi. Bir kechada yana o‘n yilga qaridi. Ko‘nglidan nimalar o‘tdi, bir o‘zi bildi. Ko‘z ostidagi taram-taram ajinlarni ko‘z yoshlari yuvdi.
Ulug‘ yoshda bo‘lishiga qaramay bu kampir qishloqning kayvonisi ham, duoxoni ham emas... Oq-oppoq kiyingan otinoyi, hojionalar kabi bosgan izi, so‘zi, tufugi tabarruk emas. Uning boshqalardan ajralib turadigan biror alohida belgi yoki sifatlari aytarli yo‘q. Deylik, haj safariga bormagan, hoji ona-da emas. Biror rahbarlik lavozimida ham ishlamagan, xuddi shuningdek sudxo‘r-puldor ham emas. Etak-etak farzand, qator-qator nevaralari ham yo‘q, yoki ulardan birlari falon mansabda o‘tirmapti-da, desak. Bir vaqtlar, ha, aynan bir vaqtlardagi, ayni kunda nomu-nishoni ham qolmagan benazir va betakror husni-malohatini inobatga olmaganda.
Uzoq-uzoq yillar, hatto yaqin-yaqin kunlargacha ham uni bilishmas, tushunishmas, anglashmas edi, toki o‘zi anglatmaguncha. Buning hammasiga esa o‘sha, uzoq yillar yuragining tubida saqlagan sir sabab. Shu siri sabab uzoq yillar xo‘rlandi, yakkalandi. Ta’na-dashnomlarga, chidab bo‘lmas malomatlarga qoldi. To‘ylarga chorlanmadi, marakaga qo‘shilmadi, chang bosgan bo‘sag‘asi-da chetlab-chetlab o‘tildi.
Deraza yonida o‘y-xayollar, shu kabi xotiralar iskanjasida ko‘chaga tikila-tikila tongga yaqin ko‘zi ilinibdi. Darvozaning sharaqlab ochilishidan uyg‘onib ketdi. Ikki qizi, kuyovi va nabiralari bir olam, bir olam bo‘lib kirib kelishdi. Kampir ko‘zlaridan duv-duv yosh oqib, bir yayradi, bir yayradi-o‘n yoshga yashardi. Qo‘ni-qo‘nji sovg‘alarga, gullarga to‘ldi.
-Keksalik qurisin, qarilik qurisin-a,-dedi quvonchdan yoshlangan ko‘zlarini artayotgan kampir.
U bir kunga yanglishibdi; tug‘ilgan kuni bugun ekan!
O‘choqlarda olov qayta alangalandi. Sho‘rvalar isitildi, osh ilitildi. Alvon-alvon dasturxon atrofi odamga to‘ldi.
-Sobirjon qani?-katta kuyovini so‘roqladi kampir.
-Kuyovingiz tushga yaqin yetib keladi,-dedi qizi. –Ishxonasidan chaqirtirib qolishdi.
-Qayerda bo‘lsa ham omon bo‘lsin!-dedi kampir.
Hovlini to‘ldirgan qushlarning chug‘ur-chug‘uriga talashib-tortishib o‘ynashayotgan bolalarning shovqini uyg‘unlashib ketdi: uy to‘ldi, hovli to‘ldi. Daraxtlar shoxlari obdon silkitildi. Chinniday yarqiragan hovlining yuzi tishlangan meva, uzilgan gul, yalpiz, daraxt yaproqlari, rayhonlar, shirinlik qog‘ozi bilan to‘ldi.
Ovqatlanib bo‘lishgach, odatdagidek javondan albomlar olindi. Ular varaqlanishi asnosida xotiralar varaqlandi. Gurung-gurungga, suhbat-suhbatga ulandi.
-Oyi! Yoshligingizda juda go‘zal bo‘lgan ekansiz!-dedi kichkina kuyovi. –Qizlaringizdan birortasi ham o‘xshamaydi! Mana, o‘ttiz yoshingizdagi suratingiz, mana bunisi esa qirq yoshdagi suratingiz. Xuddi o‘n to‘qqiz yashar qizdek bo‘lgan ekansiz!
-Qishloqning yalpoq-yapaloq qizlari orasida ba’zida bir qizlar bo‘ladi,- dedi kampirning kichkina qizi, -shaharning ne bir oq bilak tannozlari poyiga patak bo‘ladigan. Shahar tannozi oltmishida ham qop-qop bo‘yoqlar evaziga «qizgina» bo‘lib yursa, qishloq go‘zali qishloqning sharoiti, og‘ir mehnati sabab o‘ttizga kirmay bir hovuch o‘tinga aylanadi. Ammo oyijonimga hech narsa hatto ellik yoshida ham ta’sir qilmagan. Mana, ellik yoshida tushgan suratlari, qarang, qanaqa bo‘lganlar? Hech kim o‘ttizdan ortig‘ini bermaydi.
-To‘g‘ri! Bunisini qachon tushgansiz?- so‘radi kuyovi Rustam bir guruh xotin-qizlarning dalada tushgan suratni ko‘rsatib.
-Urush yillari. 42-midi...dedi kampir- Qishloqning hamma erkagi urushga ketgani uchun dala ishlari biz ayollarning zimmamizga qolgan edi. Paxta chopiq qilayotganimizda qaysidir bir gazetadan fotograf yigit kelib suratga tushirgan edi.
-Ko‘zga yaqin qiz bo‘lgan ekansiz! Shuncha qiz-juvonlar orasida ham yaqqol ko‘zga tashlanib turibsiz.
-Shuning uchun ham fotograf yigit qishloqqa qayta tushib, onamga suratini tashlab ketgan. Bu surat boshqa hech kimda yo‘q!
-Shunday,-kampir siniq jilmaydi.
-Agar bizning zamonimizda tug‘ilgan bo‘lganingizda eng mashhur fotomodeler bo‘lar ekansiz! Aya, nimaga turmush qurmagansiz?
Qizlar bir-birlariga «yalt» etib qarashdi, boshlar xam bo‘ldi. Kuyov noto‘g‘ri savol berganini tushunib, kalovlandi. Kampir barchalarining chehralariga bir-bir ko‘z yugurtirib, siniq jilmaydi. Kimdir bu jilmayishni xijolatdan, deb baholadi. Kimdir esa...
-Turmush qurmagan, erga tegmagan bo‘lsam-da, aslida men ham erlik edim, -dedi kampir xayoliy bir tarzda.
«Mish-mishlar haq ekanda», degan xijolatli o‘y o‘tdi izza tortgan qizlarning xayolidan.
-Endi aytsam bo‘ladi,-dedi onaxon. –Endi bekitadigan hech narsa qolmadi.
Qizlar yana bir-birlariga qarab olishdi. Ranglarining tusi o‘zgardi.
-Ikki dunyo bir qadam bo‘lib turgan odam yolg‘on gapira olmaydi. Unga yolg‘onning keragi ham yo‘q. Men ulg‘aygan kezlari ikkinchi jahon urushi boshlanib qoldi,-deya gapida davom etdi kampir. -Avvaliga otam, keyin biroz o‘tib akam ham urushga ketib «qora xat»lik bo‘ldik. Avvaliga onam ikkimiz rosa yig‘lab siqtagan bo‘lsak, keyinchalik ko‘nikishga majbur bo‘ldik. “Qora xat” kelmagan birorta xonadon yo‘q edi. Nihoyat, urush ham tugab, biri butun, birlari yarimjon erlar qayta boshladi. Sovchilar eshigimiz turumini buzdi...
To‘g‘ri, juda ko‘hlik qiz edim. Ammo kelganlarning birortasiga rozilik bildira olmasdim. Buning sababi bor edi. Shuning uchun sukut saqladim, tushunmasliklarini bildim. Tushungandek bo‘lishsa-da, mening tomon bo‘lmasliklarini tushundim; sukut saqladim. Boshqa ilojim yo‘q edi. Meni tushunishlari uchun vaqt kerak edi, sabr qilishim kerak edi; sukut saqladim. Sukutimni nimalarga yo‘yishmadi.
...biri aytdi, husni boshiga balo bo‘lgan;
...birlari aytdi, husn aql emasdir;
...birlari aytdi, o‘zini tengi yo‘q hisoblar;
...yana birlari aytdi, aybi bordir.
Avvaliga yig‘lab-siqtadim, tushkunlikka tushib, siniqdim. Keyinchalik o‘zimni qo‘lga olishga, yengib o‘tishga harakat qilgan bo‘lsam-da, qiynalganim rost. Odamlar qiziq! Odamlar g‘alati! Odamlar tushuniksiz, bolalarim! Seni yaxshi bilgan odam ham sening haqingdagi ig‘voni qabul qiladi, jon qulog‘ida eshitadi. Rostini bilsa-da, o‘sha g‘iybatga bo‘lishgisi keladi. Yaqining bo‘lsa-da, shu fitnalardan qandaydir yorug‘lik oladi. Birlari achingandek ko‘rinishsa-da, xursand bo‘lganlari talay edi.
Yillar o‘tdi, o‘ttizga kirdim. Yil oralab, qirqini ham ko‘rdim. Og‘rinib-og‘rinib onam ham o‘tdi. Yaqinlarim ham. Yolg‘iz qoldim. Vaqt esa o‘tar ekan, o‘taverdi. Dalada ishlardim. Bir tun eshigimni qoqib kolxoz raisi kelibdi. Mast, oyoqda tura olmaydi. Uyda yolg‘iz edim. Gapini eshitmadim ham. Qarsillatib betiga eshikni yopdim. Hammasi shundan keyin boshlandi. Kassiri ham, brigadiri ham menga yopishib oldi. Tirnoqdan kir qidira boshlashdi. Daladan ketib, tuman markazidagi bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlay boshladim. Bir kuni mudira chaqirib, biz yanglishgan ekanmiz, bu yer sizning joyingiz emas, dedi. Ishdan ketdim. Qayerga borsam avvaliga ishga olishar, biroz o‘tib sig‘ishtirishmas edi. Buning hammasi raisning ishi ekanligini bilardim. Hech qayerdan ish topa olmay uyda o‘tirib qoldim. Qishloqda men haqimda bo‘lmag‘ur gaplar tarqadi. Ko‘chaga chiqsam hamma meni barmog‘ini bigiz qilib ko‘rsatardi. Haq bo‘lsang-da, ularning nohaq ekanligini bilsang-da, biror so‘z ayta olmasang juda og‘ir bo‘lar ekan. Ba’zi bir ayollar hatto uyimga kelib, erimizni yo‘ldan urasan, deb qishloqdan chiqib ketishimni ham talab qilishdi. Eslasam, hozir ham suyaklarimga yuk tushadi. Harna insofli, diyonatli odamlar bor ekan. Hammasi iziga tushib ketgan bo‘lsa-da, baribir o‘z bilganlaridan qolmay meni yolg‘izlatishdi. Mayli-da, omon bo‘lishsin.
Elligimda uyda yolg‘iz qoldim. Uyma-uy keza olmadim boshqalar kabi, o‘zim bilan o‘zim bo‘ldim, o‘zim bildim. Tunlarim o‘tmay, tonglarim otmay kuydirdi. Keyin... keyin... -kampir qizlariga o‘zgacha bir mehr bilan qaradi. -«Mehribonlik uyi»dan mana shu ikki qizimni asrab oldim. Shular bilan bo‘ldim, ovindim, ko‘nglim ham undi-o‘sdi. Ularni tarbiyalab ulg‘aytirdim, o‘qitdim, uylik-joylik, egalik qildim.
Kampir chuqur o‘yga tolib og‘ir xo‘rsindi.
-Mening ham... suyganim bor edi. Qishloqning old yigiti edi. Bor-yo‘g‘i bir necha marotoba ko‘chada ro‘baru kelib salomlashganmiz, xalos.- Ko‘z oldiga keldi chog‘i, mayin jilmaydi. Mijjasi ko‘z yoshdan namlandi. -Kunduz kunlar tutlar panasida, tunlar devor osha yo‘limni poylardi. Bir-birimizga dil-izhor qilganimiz yo‘q, birimizga ko‘zimizni lo‘q qilib, ikkinchimiz noz-u ishva qilgani, suzilganimiz yo‘q. Har-har zamonda, taqdir yorlaqagan damlarda uzoq-yaqindan nigohlarimiz soniyaning mingdan bir bo‘lagida to‘qnashardi. O‘shaning shodligi, quvonchi, azobli huzuri bas edi bizga. Visol begona edi bizga, va’dalar begona edi bizga! Qaydam, muhabbat degani balki shu chiqar!?-kampir quyilib kelgan ko‘z yoshlarini artdi. -Urush boshlangach, otamni urushga jo‘natdik. Bir yil o‘tar-o‘tmas akamga ham chaqiriq qog‘ozi keldi. Akamni kuzatgani vokzalga chiqqandik. Odam tumonat edi. Kim yig‘lagan, kimlardir baqirib-chaqirgan. Nihoyat, «po vagonam!» degan hayqiriq eshitilib, poyezd o‘rnidan qo‘zg‘ala boshladi. Ikki ko‘zim onam ikkimizga qo‘l silkitayotgan akamda edi. Shu vaqt kimdir meni bag‘riga tortib, yuzlarimdan o‘pdi-da, o‘zini odamlar orasiga urdi. Onam buni ko‘rmadi. Ikki suyangan tog‘imizdan ayrilib, hushimiz o‘zimizda bo‘lmay turgani uchun nima bo‘lganini tuzukroq anglamadim ham, ammo yuzlarim o‘t bo‘lib yonardi,-kampir ajindor, qoqsuyak, titroq qo‘lini beixtiyor o‘ng chakkasiga yubordi.-O‘sha yigit vagonga chiqaverib, ortiga o‘girilib qaradi. Bu o‘sha, qarshimda kalovlanib gapini yo‘qotib qo‘yadigan, o‘zi ham menga yoqadigan yigit oxiri shu telbalikka jur’at topgandi. O‘sha bo‘sa sabab men egalik bo‘lgandim! U urushdan qaytmadi, hech kimga bildirmay aza tutdim, kiymim ichidan azalik kiydim. Istadimmi-yo‘qmi, unga bo‘sa hadya etib, bir lahza bo‘lsa-da og‘ushida bo‘ldim. Shundan keyin qanday qilib boshqaga ko‘ngli qo‘yishim, turmushga chiqishim mumkin? Axir bu ishlardan so‘ng hamma erkak menga nomahram bo‘ladi-ku?
Barcha qattiq o‘yga toldi. Haligina qarshilarida burishib, qurishib, hilvirab turgan kampir o‘sib, yuksaldi, yuksalaverdi.
Xayollarda bir gap: «Nahot?», «Nahot?».
Bu haqida eshitgan odam bor-ki, bir muddat ro‘parasida ushoqdek bo‘lib o‘tirgan ulug‘ yoshli bu kampirga tikilib tosh qotardi.
...kimdir, telba degandek miyig‘ida kuldi, bu matonatdan;
...kimdir hayratlarga to‘lib-toshdi, bu matonatdan;
...kimlardir o‘yga toldi;
...kimlardir esa, uyaldi.
Bu vaqtda kampir barchaning nazdida qo‘l yetmas, ko‘z ilg‘amas yuksakliklarda edi...

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Muhabbat haqida hikoya: Sir...