date
views 3 785

Qashshoq koʻpaysa, mashshoq koʻpayadi…

Qashshoq koʻpaysa, mashshoq koʻpayadi…
Koʻrsatuvda matematik boladan raqqos ustun qoʻyilgani katta shov-shuv boʻldi. Odamlar ajablandi, norozi boʻldi.

Men esa oʻsha ajablangan odamlardan ajablanaman. Nega? Chunki, bu koʻrsatuv bizga koʻzgu boʻldi, aksimizni oʻzimizga koʻrsatdi. Odamlar oʻzlarining qandayligini koʻrib ajablanishmoqda. Axir, bu bizning haqiqiy yuzimiz-ku! Siz norozi boʻlganingiz tilda xolos, amalingiz rozi ekanligingizni koʻrsatib turibdi. Bolangizning ilmi uchun sarf qiladigan pulingiz artistlarga sarf etadigan pulingizdan bir necha barobar koʻp! Toʻy uchun 10-20-30 ming dollar ishlatganlarni eshitdim, farzandining ta'limi uchun maktabdan tashqari ming-ikki ming dollar ishlatgan oilalarni eshitmadim. (Bor boʻlsa kerak, lekin anqoning urugʻidek kam boʻlgani uchun men eshitmadim.)

Kontrakt narxi balandligidan noligan odamlarning nechtasini koʻrdim, ammo artistlarning qimmatligidan noligan odamlarni umuman koʻrmadim, eshitmadim.

Atrofga qarang, hamma tomonda artistlar: televizorda, radioda, gazetada, toʻyda, kelin-salomda, reklamada, hakamlikda (jyuri), tadbirlarda… Maslahat beradiganlar ham, muhokama qiladiganlar ham, kiyinishni, hattoki ovqat pishirishni oʻrgatadiganlar ham artistlar… Nega? Chunki bizga ana oʻshalar kerak, shularning hayoti bizga qiziq, kiyinishi qiziq, ochilib qolgan joyi qiziq, fikri qiziq, ishi qiziq, hattoki shularning «iti» (kuchugi) qiziq. Artistlarni nomma-nom bilamiz, olimlarimizni, ixtirochilarimizni bilmaymiz, tanimaymiz. Sherali Joʻraevni bilmaydigan oʻzbek bormi? Bor boʻlishi mumkin, u ham boʻlsa endi tugʻilgan chaqaloq – erta-indin u ham tanib oladi. Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov, Tamaraxonimlarni bilamiz. Oʻsha davrda oʻtgan akademiklarimizni bilmaymiz. Olimlar bilan ularni solishtirishning oʻzi xato, lekin, yuzimizni ochib berish uchun aytdim. (Yuqorida nomi keltirilgan odamlarga shaxsiy adovatim yoʻq, ularning obroʻsini toʻkmoqchi ham emasman, yomon iboralarni ham ishlatmadim).

Chetdan katta-katta televizorlar koʻtarib kelayotganlarni koʻrdim, kitob koʻtarib kelayotganlarni koʻrmadim. Vaholanki, matematikaga oid (va shunga oʻxshagan) kitoblar ularda ham koʻproq, ham arzonroq, ham sifatliroq. Bizga raqqoslarni, artistlarni koʻrish uchun televizor kerak, oʻqish uchun kitob kerak emas. Televizor, radio, gazeta, Internet nashriyotlarimiz artistlarning hayotini yoritadi, ularni ibrat qilib koʻrsatadi. Agar Stiv Jobs yoki Ilon Mask bizdan chiqqanida edi, ular dunyoga tanilmay oʻtib ketishardi. «Mabodo, adashib chiqib qolishsa», demoqchi edim.

Shuning uchun ajablanmanglar, doʻstlar. Bu bizning haqiqiy yuzimiz, bizga raqqoslar kerak, matematiklar emas!
Bekzod Ahmadali

Manba: Fayzbog.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Qashshoq koʻpaysa, mashshoq koʻpayadi…