Qashshoqlikning manbaalari qayerdan boshlanadi? Qashshoqlik bizning o‘zimiz, ruhiyatimiz, harakatlarimiz, turmush tarzimiz bilan chambarchas bog‘langanligining ehtimolligi qay darajada? Mening nazarimda odamlar o‘zlarini kambag‘allikga giriftor qilishlarining sabablari, ya’ni — genetik qashshoqlik qonuni mavjud. Ma’lum bo‘lishicha bunga bir nechta omillar ta’sir qilar ekan. Men ushbu omillarni diqqat bilan o‘rganib chiqdim va har birimiz bunga daxldormiz degan xulosaga keldim.
O‘ylashimcha, dunyoda eng mushkul vazifa bu insonning ruhiyatini o‘zgartirish bo‘lsa kerak. Biz qariyib 100 yillar davomida birovlarga tobe bo‘lib yashadik, quldek mehnat qildik va evaziga qashshoq turmush kechirdik. Eng yomoni bunday turmush tarzi qon-qonimizga, ruhiyatimizga singib ketdi. Shu tarzda bir necha avlodlar almashdi va barcha narsalarni bolalarimizga, nevaralarimizga meros qilib oldik, ya’ni bizda genetik mutelik shakllandi.
Yurtimiz mustaqilligining birinchi kunlaridanoq Respublika hukumati va Prezidenti xalqning farovonligi yo‘lida tinimsiz islohotlarni amalga oshirib kelmoqda. Mening fikrimcha farovonlik har birimizning o‘zimizda mujassam bo‘lmog‘i va har birimiz shunga intilmog‘imiz zarur. Agar biz moddiy, ma’naviy, ruhiy, aqliy farovonlikni o‘zimiz istab, har birimiz shunga intilmasak, hech qanday islohotlar bizga yordam bera olmaydi.
Demak bu haqda gapirish, mulohaza yuritish zarur deb o‘ylayman.
Bolaligimda bir sinfdoshimning uyidagi sim karavotda sakrab o‘ynar edik. Bizni ayniqsa karavotning oyog‘imizga botadigan prujinalari juda quvontirar, sakraganimizda osmonga uchayotgandek zavqimizni keltirar edi.
Yaqinda bolalikdagi do‘stimning uyiga tashrif buyurdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, biz qachonlardir ustida sakrab o‘ynagan o‘sha sim karavot o‘sha burchakda hali ham turar edi.
Atrofga razm soldim, nazarimda karavot asosan o‘zgarmagan, ammo meni hayratga solgan narsa sharoitning o‘ta qashshoqligi va g‘aribonaligi bo‘ldi. Yangi karavot sotib olish, yag‘iri chiqib ketgan stullarni, siniq va konfet qog‘ozlari bilan chegalab qo‘yilgan ko‘zguni almashtirish qanchaga tushishi haqida o‘yladim. Biz bolaligimizni eslab anchagina suhbatlashdik, men u bilan gaplashayapman-u, xayolan uyning qorayib ketgan shiplarini bo‘yadim va devordagi gul qog‘ozlarni almashtirdim. Chivinlar o‘tirib dog‘ bo‘lib ketgan oynalarni yuvgim, karavot tagidan chiqib turgan narsalarni va karton bo‘laklarini, ayollar paypog‘i bilan o‘rab qo‘yilgan tuvakni tashqariga bittalab uloqtirgim keldi. “Balki pulga muhtojligi bordir” – degan o‘y xayolimdan o‘tdi. Ammo u og‘ir mehnat qilsada yuqori haq to‘lanadigan ishda ishlaydi. Idrokim qarshilik qilishda davom etdi, u menga hech bo‘lmaganda uncha qimmat bo‘lmagan, yog‘och rangli yopishqoq plenka sotib olishni va u bilan xontaxta ustini qoplashni taklif qildi. Men qayoqqa qaramay ko‘zim kandaydir siniq, kir, dog‘ narsalar va axlatga tushar edi.
Daf’atan miyamga bir fikr keldi: “Nima deb o‘ylaysan, nega notozalik, isqirtlik doimo qashshoqlik bilan birga?”. Endi men shu savolni sizga beraman.
Hattoki “doim” degan so‘zni “har doim” yoki “dam-badam” degan so‘zlar bilan almashtirsangiz ham bundan yengil tortmaysiz. Notozalik va isqirtlik – bu pulga muhtojlikning emas, balki mentalitet buzilishining ko‘rinishi. Holbuki isqirtlik, notozalik va qashshoqlik – yonma-yon ekan, demak bu o‘ziga xos mentalitetdir. Qashshoqlik mentalitetga putur yetkazadi!
Maktabda mening ajoyib adabiyot o‘qituvchim bo‘lar, favqulodda aqlli va juda zehni o‘tkir inson edi. U aytgan bir ibratli voqea butun umr xotiramda qoldi. Kimdir undan “meshchanlik” nimani anglatishini so‘ragan va u bunday javob qilgan: “Meshchanlik bu yangisini tokchaga qo‘yib, eski, kemtik piyolada choy ichishni anglatadi”. Tan olish kerak, ko‘pchiligimizning uyimizda shunday udum bor: pullar qora kunlar yoki to‘y uchun asrab qo‘yiladi, yaxshi kunlar uchun idishlarimiz tokchalarga taxlanadi, bunday kunlar esa kamyob, butun hayotimiz esa odatiy kunlar bilan to‘ladi. Kimki faqatgina kelajakni kutish bilan yashasa, uning uchun u hech qachon kelmaydi.
Men bundan shunday xulosaga keldim: qashshoq bo‘lishdan or qilmoq kerak! Isqirt va notoza bo‘lishdan or qilmoq kerak! O‘y-xayolingizda xarobalik bo‘lishidan or qilmoq kerak, chunki u muqarrar ravishda uy-joyingizda va bolalaringizning mentalitetida aks etadi!
Men bir insonni bilaman, u uzoq yillar hovli sotib olish uchun pul yig‘di. Ikkita farzand tarbiya qildi va o‘stirdi. Bolalar nochor, asosan choy, non bilan katta bo‘lishdi, ularning kattasi, eski chiyduxoba, tizzalari yamalgan shimda ko‘chaga chiqishga uyalgan. Qizig‘i, bola katta bo‘la borishi bilan, uning shimi ham mo‘’jizali suratda kattalashib borgan. Pastki qismi shimarilgan shimning pochasi navbatma-navbat ochib borilar va uning rangi o‘chmaganligi, qashshoqlikning sirlarini ochib turar edi.
Respublika hukumati yurtning obodonchiligi, xalqning farovonlikda yashashi va mehnat qilishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Lekin miyamizda qotib qolgan eskicha yashash tarzini, boqimandalik kayfiyatini, didsizlikni o‘zgartirish zarur. Chunki, cho‘ntagida bir xil miqdorda puli bo‘la turib, ham jamiyatga munosib yoki qashshoq ko‘rinishda bo‘lish mumkin.
Keling voqeaning davomini eshiting. Uzoq va intizorlik bilan kutilgan hovli ham sotib olindi, ammo ulg‘ayib ulgurgan bolalar uchun uning hech qanday qadri va ahamiyati yo‘q edi. Ular endi ota-onasini o‘zlari yashab turgan jamiyatga loyiq inson sifatida tarbiyalamaganlikda ayblar edilar. Bolalarda “shumshuk bola” xislati shakllanib bo‘lgan va ular kirlab ketgan mebellarni, eski idishlarni, pati to‘kilib, titilib ketgan sochiqni va o‘n yil oldingi paltoni ko‘rishga o‘rganib qolganligi tufayli, ulg‘aygan bo‘lsalarda o‘zlari uchun pul sarflashga qo‘rqishar edilar.
Har safar ular o‘zlari uchun nimadir xarid qilganlarida, ularning kayfiyatlari buzilar: ular xuddi o‘zlarini yangi, chiroyli buyumlarga nomunosib his qilishar edilar. Do‘stlarim aynan mana shu narsa ikkita so‘z bilan: genetik qashshoqlik deb ataladi. U ruhiyatga, to‘qimalarga, qonga, suyak-suyaklarga singib ketadi.
O‘zingizga pul sarf qilishga bo‘lgan qo‘rquv, sizni qashshoqqa aylantiradi.
Rangi o‘ngib ketgan burchaklarni har kuni ko‘radigan bolalar ixtiyorsiz ravishda kambag‘allikka moslashadi. Eng yomoni uning mashaqqatini o‘smirlik yoshida anglab yetadilar. Shuni unutmangki, o‘quv yurtlaridagi rangi o‘chib ketgan devorlar va iflos yo‘laklar talabaning qobiliyatiga va o‘qishiga yomon ta’sir qiladi.
Notozalik, isqirtlik va qashshoqlik, insonning ruhini sindiradi, g‘aribona vaziyat esa notovon va omadsizlarni voyaga yetkazadi.
Siz menga, insonlardagi qashshoqlikka bo‘lgan nafrat ularning ba’zi birlarini rivojlanishga, pul topishga undaydi deb e’tiroz bildirishingiz mumkin. Aziz do‘stim obodonchilik, farovonlik ko‘ngildan boshlanadi degan purma’no gapni unutmang, farzandlarimizning ko‘zlari va ruhi, g‘arib, notoza, isqirt narsalarga o‘rganib qolmasin, ularning ruhini sindirmang, bekorga “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” deb aytilmagan. Balo, falokat, ofat, kambag‘allik, faqirlik, qashshoqlik – barchasining ildizi bitta, ular doim yonma-yon. Ulardan uzoq bo‘lishga intiling.
Mening nazarimda agar boylik – bu aqlning mahsuli bo‘lsa, demak qashshoqlik ham aqlning mahsulidir.
Manba: www.usm.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi