
Rossiyaning turli mintaqalarida faoliyat yuritayotgan fermerlar hosil mavsumiga yaqinlashilgan sari tobora og‘irlashib borayotgan bir muammodan — ishchi kuchi yetishmasligidan jiddiy xavotirga tushmoqda. Ayniqsa, bog‘dorchilik va sabzavotchilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklar bu muammoni o‘z tanasida his qilmoqda. Ular terim mavsumi avjida bo‘lishiga qaramay, dalalarda odamlar yetishmasligi sababli tonnalab hosilni yig‘ib olish imkonidan mahrum bo‘lmoqda, deb yozadi mahalliy nashrlar.
Rossiya Bog‘bonlar assotsiatsiyasi rahbari Igor Muxaninning ta’kidlashicha, bu inqiroz bir necha mintaqani qamrab olgan va u haqiqiy tahdidga aylangan. U migrantlarga nisbatan talablarning keskin kuchaytirilishi, xususan, rus tili bo‘yicha imtihon joriy etilgani ishchi kuchining tanqisligiga olib kelgan asosiy omillardan biri ekanini aytadi. «Olma terish uchun rus tili nega kerak? Bir brigadir rus tilini bilsa — yetarli emasmi?» — deb so‘raydi u.
Muxaninning ta’kidlashicha, o‘tgan 2024 yilda Krasnodar krai hokimiyati tomonidan migrantlarni mavsumiy ishlarga jalb qilishga cheklovlar qo‘yilgan. Natijada, minglab tonna olma va rezavor mevalar yig‘ib olinmasdan yo‘q bo‘lgan. 2025 yilda esa bu muammo yana ham kengaygan. Tambov viloyatida hosil yillarga teng darajada mo‘l bo‘ldi, ammo fermerlar odam topa olmayotgani bois olmalar, yertutlar, olchalarni o‘z vaqtida yig‘ib olisholmayapti.
«Qarang, hozir yertutlar tayyor, xo‘jag‘at teriladi, olcha mavsumi boshlanyapti. Lekin insonlar yetishmasligi tufayli mahsulot yo‘q bo‘lib ketyapti», — deb ta’kidlaydi Muxanin.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu muammo sabzavotchilik sohasida ham jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lyapti. Yomg‘irli ob-havo paytida sabzavotlarni terib olish va saralash tezkorlikni talab qiladi. Ammo yetarlicha ishchi kuchi yo‘qligi sababli, ko‘plab mahsulotlar shunchaki chirib ketyapti. Bu esa, tabiiyki, bozorda narxlarning ko‘tarilishiga olib kelmoqda.
Ba’zi fermerlar vaziyatni yumshatish maqsadida talabalar va maktab o‘quvchilarini jalb etishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, "Malino" davlat korporatsiyasi rahbarining o‘rinbosari Tatyana Gubina ma’lum qilishicha, ta’lim muassasalari o‘z jadvallarini mavsumiy terim ishlariga moslashtirayotgani kuzatilyapti.
Unga ko‘ra, talabalar mexanizatorlar va agronomlar rolini bajarayotgan bo‘lsa, maktab o‘quvchilari ekish va saqlash ishlariga jalb qilingan. Biroq bu choralar ham umumiy muammoni hal etishga yetarli emas. Chunki ularning faoliyati vaqtincha, haftalik yoki oylikdan nariga o‘tmaydi.
Rossiya Federatsiyasining turli viloyatlarida migrantlarsiz amalga oshirilayotgan terim ishlari samarasiz ketyapti. Chunki hosil har kuni yig‘ilishi kerak, ishchi kuchi esa hozir yo‘q darajasida. Bu esa nafaqat fermerlarning, balki mamlakatning agrar iqtisodi uchun ham jiddiy xavfli holat sanaladi.
Quyidagi muhim masala ko‘ndalang bo‘lib turibdi: agar mehnat bozoridagi byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmasa, fermerlar nafaqat mavsumiy terimni, balki butun yillik biznesini yo‘qotishi mumkin.
Xulosa qilib aytish mumkinki, migratsiya siyosatidagi murakkabliklar, talablar va cheklovlar dalalardagi mehnatga, hosilga va fermerning moliyaviy barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu muammo hal qilinmas ekan, har yili millionlab tonna mahsulot shunchaki chirib ketishi mumkin. Va bundan zararni birinchi navbatda xalq to‘laydi — narxlar orqali.
Fermerlar umid qilishayotgan yagona narsa — bu sohada to‘g‘ri, mantiqli va inson resurslariga nisbatan amaliy yondashuvni o‘z ichiga olgan qaror qabul qilinishi. Shundagina Rossiya qishloq xo‘jaligi o‘z hosilini to‘liq terib olish, bozorda barqaror narxni saqlash va ishsiz fuqarolarga haqiqiy ish o‘rni yaratish imkoniga ega bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar