date

Hojimat Erkinovning sobiq klubi RPLdan rasman chetlatildi

Hojimat Erkinovning sobiq klubi RPLdan rasman chetlatildi
Rossiya futbolida kutilmagan voqea yuz berdi. "Match TV" tarqatgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Moskvaning mashhur "Torpedo" klubi 2025/26 yilgi Rossiya Premer-ligasi ishtirokchilari ro‘yxatidan chiqarib tashlandi. Bu qaror ortida esa jiddiy shubhalar va sudgacha yetib borgan janjallar yotibdi, deb xabar berdi Match TV.

Ma’lumki, “Torpedo” jamoasi 2024/25 yilgi mavsumda Birinchi ligada ikkinchi o‘rinni egallab, Premer-liga yo‘llanmasiga ega chiqqan edi. Ammo shuning o‘zi ham ular uchun katta muammolarning boshlanishi bo‘ldi.

Ayni shu mavsumning hal qiluvchi — 34-turida “KAMAZ”ga qarshi o‘yinda 1:1 hisobidagi durang “Torpedo”ning to‘g‘ridan to‘g‘ri elitaga chiqishi uchun yetarli bo‘lgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, mazkur uchrashuvda hakam Bogdan Golovkoning “Torpedo” foydasiga qasddan xatoga yo‘l qo‘ygani haqida shubhalar paydo bo‘ldi. Politsiya tomonidan o‘tkazilgan tergov natijasida hakam rasman qo‘lga olindi.

Shu bilan birga, klub egalari va rahbariyati ham bu shubhali ishga aralashganlikda ayblandi. “Torpedo”ning hammuassisi Leonid Sobolev va klub direktori Valeriy Skorodumovga rasmiy musobaqa natijasiga noqonuniy ta’sir ko‘rsatish aybi qo‘yilib, ular 2 oylik qamoq jazosiga mahkum etildi.

Bu holat Rossiya futbolida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Hozircha "Torpedo"ning o‘rniga RPLda qaysi jamoa o‘ynashi haqida ma’lumot berilmagan.

E’tiborlisi, mazkur klub o‘zbekistonlik muxlislar uchun ham begona emas. 2022/23 yilgi mavsumda mamlakatimiz terma jamoasi vingeri Hojimat Erkinov aynan "Torpedo" safida to‘p surgan va bir necha muhim o‘yinlarda o‘zini ko‘rsata olgan edi.

Futbol muhitidagi bunday shubhali holatlar jamoalar imidjiga ham, ligalar nufuziga ham salbiy ta’sir o‘tkazishi tabiiy. Hozircha “Torpedo” klubi kelgusi taqdiri qanday bo‘lishi borasida izoh bermagan. Ammo bir narsa aniq: adolatsiz yo‘l bilan erishilgan muvaffaqiyat hech qachon uzoqqa bormaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hojimat Erkinovning sobiq klubi RPLdan rasman chetlatildi