Odamlardan: “Uyimda qiyomat qoyim qo‘pdi”, “Ruhiyatimda zilzila bo‘ldi”, “Osmon boshimga ag‘darildi” degan gaplarni eshitar edi-yu, buning nimaligini bilmasdi. Ba’zan hatto “Odamzod qanday g‘amlarga ko‘nikmaydi. Juda bo‘rttirib yuborishadi-da”, deb kulib ham qo‘yardi.
Hanifa aya bularning nechog‘lik og‘ir holat ekanligini o‘z tanasida sinab ko‘rib, sezyapti. Mana, ikki oyki, kuni bilan tunining farqi yo‘q. Qizidan “Oyi, dorilaringizni ichib oling, yurakni baquvvat qiling: ukam qamalib qoldi. Sinfdoshlariga qo‘shilib, birovning puliga ko‘z tikibdi. Shaxsan o‘z qo‘li bilan o‘g‘rilik qilmagan bo‘lsa-da, qandaydir aloqasi bor ekan”, degan gapni eshitib, bir zum karaxt bo‘lib qoldi. So‘ng qizi yanglishayotganga o‘xshadi. Axir uning o‘g‘li — Humoyuni ko‘cha bezorisi emas-ku? Oliy ma’lumotli arxitektor, nufuzli bir firmada ishlab yurgan, kostyum-shim kiyib, galstuk taqib yuradigan, ko‘chada ham, qarindosh-urug‘lar orasida ham hamma havas qiladigan yigit-ku? Nechta dugonalari “Sizning Humoyuningizga o‘xshab yursin, deb nevaramga shu ismni qo‘ydim” deb, uni xursand qilishgan-ku? Nahot endi… shunday yigit eng jirkanch ishga — o‘g‘rilikka aralashsa?
Yo‘q, o‘tayotgan kunlar Hanifa ayaning inkorlarini inkor qilib tashladi. Chindan ham qandaydir darajada Humoyun aybdor ekan… Hanifa aya avval peshanasiga, so‘ng ko‘ksiga mushtladi: “Men uni qanchalar qiynalib o‘qitgandim. O‘qish pulini to‘layman deb, barmog‘imdagi otasidan yodgor bo‘lib qolgan nikoh uzugimgacha sotgandim. Hamkasblarim har bayram, to‘yda yangi kiyinardi. Men ulardan ko‘p pul topsam ham, bir ko‘ylakni kechqurun yuvib, ertalab quritib kiyardim. Va bu qilgan ishlarimdan zarracha pushaymon bo‘lmaganman. Chunki o‘g‘limni o‘qitib, elga qo‘shdim. Yurt yukiga yelka tutayotgan o‘g‘ilning onasiman, deb boshim osmonda, g‘ururlanib yurgandim. Tuproqqa qorildim… Bunday nonko‘r farzanddan kechaman!” dedi. Dedi-yu, yig‘ladi. Dedi-yu, faryod soldi. Ona qalbi uning bu ahdiga ko‘nmadi.
“O‘g‘ling oniy ojizlikka berildi. Birpasda boyib ketish orzusi uni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirdi. Uni kechir! U hali jazosini o‘tab bo‘lgach, gunohlarini yuvadi. Aqlu hushini yig‘ib oladi”, dedi ichida bir ovoz. Onani yaratmasin, deyishadi-ku, Hanifa aya Humoyundan nechog‘lik ranjigan, dili og‘rigan bo‘lsa-da, ikkinchi ovozga quloq tutdi. “Taqdiringdagi bu qora kunlar senga saboq bo‘lsin, boshqa xato qilma!” deya xayolan Humoyunga xitob qildi. Parishon xayollarini jamlab, sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Uyqudori ichib uxlagan kunlarining birida ismi jismiga mos Pokiza ismli buvisi tushiga kiribdi. U Hanifa ayaga bir chekkada to‘ntarilib turgan qora qozonchani ko‘rsatar emish…
Hanifa ayaning ko‘ngli alag‘da bo‘lib uyg‘ondi. Nega buvisi qozonchani ko‘rsatdi? Bunda qanday sir-sinoat bor? Nimaga ishora bu?
Hanifa aya g‘ujg‘on savollar girdobida qolib, yerto‘laga tushdi. Darhaqiqat, eski, anchadan buyon ishlatilmay, bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yilgan buyumlar orasida kichkina, xuddi buvisi tushida ko‘rsatgandek qora qozoncha bor edi. Unga qo‘l tekkizar ekan, Hanifa ayani chayon chaqib olgandek bo‘ldi. Hammasi birdaniga yodiga tushdi…
Humoyun chaqaloqligida, ular bir badavlat kampirning nevarasiga atab olib qo‘ygan uyida ijarada turishardi. U endigina o‘n oylik bo‘lgan Humoyunni manniy bo‘tqasi bilan boqardi. Uy egasining ixchamgina qozonchasi bu bo‘tqani pishirish uchun qulay edi. Shuning uchun vaqti kelib ishga tushgach, ishxonasiga yaqinroq joydagi ijara uyga ko‘chishganlarida, Hanifa aya shu qozonchani o‘zi bilan birga olib ketdi. Eri: “Uy egasidan so‘radingmi? Narigi dunyoda beso‘roq olingan ninaning ham so‘roq-savoli bo‘larkan”, — deganida, Hanifa aya: “Kim narigi dunyoga borib kelibdi? Bu kampirning buyumlari to‘lib-toshib yotibdi. Ko‘pligidan o‘zi nimasi bor, nimasi yo‘qligini ham bilmasa kerak”, — degan edi.
Onaizor uzoq vaqtlar Humoyunga shu qozonchada alohida taom pishirib berib yurdi. Chunki u sariq kasal bo‘lgan edi. “Nahot, beso‘roq olinib, uzoq yillar taom pishirib berib yurganim — qora qozonchaning kasofatidan, yana ham to‘g‘rirog‘i, men qilgan bu xatodan o‘g‘lim endi jabr chekayotgan bo‘lsa?!..”
Hanifa ayaning bu savoliga hech kim “ha” yo “yo‘q” deb aniq javob bera olmasayam, bu dunyoda hech hodisa besabab ro‘y bermasligi haqiqat edi.
Qutlibeka RAHIMBOYeVA.
Manba: tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi