13:13 / 23.02.2018
7 042

Sevganiga yanga bo‘lgan raqqosa

Sevganiga yanga bo‘lgan raqqosa
Atrofga qorong‘ulik cho‘kkan, faqat chiroqlar yog‘dusi va oyning xira nurlarigina yoritib turgan maydon odamlarning gulduros qarsaklaridan larzaga kelardi. Barcha raqqosalarning chiqishini intizor kutardi. Kutilgan daqiqalar kelib, birin-ketin raqqosalar go‘zal ishvalar bilan sahnaga chiqishdi. Qarsaklar yanada avjiga chiqar, turli maskanlardan tashrif buyurgan tomoshabinlarning qiyqiriqlari har yerni tutib ketgan edi. Olti raqqosaning raqsi yarimlaganda esa sahnaga yettinchi raqqosa nozik qadam bosib, kirib keldi. Odamlar orasida beparvo o‘tirgan Salim yettinchi raqqosani ko‘rdi-yu, negadir jonlanib ketdi. Qotmadan kelgan, bug‘doy rang, baland bo‘yli bu yigit

mashhur arab oilalaridan birining arzandasi bo‘lib, bugungi kechaga faqatgina otasi va akasining ra’yiga qarab tashrif buyurgandi. U yettinchi raqqosadan ko‘z uzmay o‘tirarkan, hatto kecha nihoyalanganini ham fahmlamay qoldi. Odamlar quvnoq kayfiyatda tarqalib, mashinalariga o‘tirishayotganda, u o‘sha raqqosa tomon shoshildi.

— Salomaleykum, — dedi Salim. Uning ko‘zlaridan muhabbat uchqunlari taralayotgandi.

— Va aleykum salom, — dedi asli o‘zbek bo‘lgan

Madina xiyol jilmaygan ko‘yi. Madina Salim bilan sof arab tilida oson gaplasharkan, o‘zining boshqa millatga mansubligi, bu yerlarga o‘z san’atini namoyon qilish uchun kelgani haqida ham aytib berdi.

— Tanlagan yo‘lingiz o‘ta nozikligini bilsangiz kerak? — dedi Salim qizdan ko‘zlarini uzolmay. — Odatda, raqqosalarga… Nima desam ekan?..

— Yomon ko‘z bilan qarashadi, — Salimning gapini ilib ketdi Madina. — Nima demoqchiligingizni tushunyapman. Biroq mohir raqqosa bo‘lishni niyat qilganman.

— Sizga yordam bermoqchiman! — dedi Salim dabdurustdan hayajon bilan. — Ishoning, buni juda xohlayapman. Gaplarim samimiy!

Ularning shu tariqa tanishib qolganiga ham uch oydan oshdi. Madina har ishda Salimdan do‘stona yordam so‘rar, Salim bu qizga nisbatan qalbida ishq alanga olgani uchun unga beminnat ko‘mak berardi. Faqatgina davralarda uning raqs tushishini istamas, otasiga ham ayni shu vajdan Madina haqida ayta olmayotgandi. Ammo otasi tezroq to‘y qilishni istar, Salimga ham, akasiga ham turli qizlarni tavsiya etishni boshlagandi. Vaziyat boshqa tomonga o‘zgarishidan qo‘rqqan Salim, nihoyat, otasiga Madina haqida aytdi.

— Esingni yeb qo‘yibsan, Salim, raqqosani ikki dunyoda ham kelin qilmayman! — dedi shayx Tohir g‘azabdan oqarib.

— Lekin u juda yaxshi qiz…

— Qo‘ysang-chi, bo‘lmag‘ur gaplarni! Tuzuk qiz bo‘lsa, mingta erkakning yonida ishva bilan qomatini ko‘z-ko‘z qilarmidi?! Sen bola hech akangga o‘xshamading-da, — dedi ota qoshlarini chimirib.

Salim ota-onasiga bo‘lgan hurmati tufayli ortiqcha gap aytmadi. Madinaning raqs bo‘yicha malakali mutaxassis bo‘lish haqidagi orzulari dadasini zarracha qiziqtirmasligini Salim yaxshi bilardi. Shuning uchun ham sevgilisini oqlab hech narsa deyolmadi.

— Meni kechir, Madina. Sening yoningda o‘zimni nihoyatda uyatli his qilyapman. Lekin shu paytgacha otamning gapi menga qonun bo‘lgan, — dedi Salim Madina bilan uchrashuvlarining birida.

— Nahotki sevgingiz uchun kurashmasangiz?!

— Qo‘limdan kelgancha kurashdim! Balki, raqsni tashlasang, o‘shanda…

— Hech qachon! — dedi Madina qat’iy ohangda. — Raqsdan o‘lsam ham voz kechmayman. Oila qurishga kelsak, menga ko‘ngil qo‘ygan boshqa bir yigit bor. Unga ko‘nglim yo‘q bo‘lishimga qaramay, u menga uylanmoqchi. U ham obro‘li oilaning farzandi. U ham ota-onasini qattiq hurmat qiladi. Lekin u imkonini topdi. Bizda bir gap bor “Qalovini topsang, qor ham yonadi”.

— Bizda hech kim otasini aldolmaydi. Shunday qilgan taqdirimda ham, otam seni tanib qolganda-chi?! — dedi Salim ko‘zlarini yerdan olmay.

— Yetim bo‘lganim sabab ortimda kutadiganim, baxtimni tilaydiganim yo‘q. O‘tgan oylar ichida sizga juda o‘rganib qolgandim. Nahot qo‘rqoqlik qilsangiz?! Sevgi yo‘lida ne-ne mashaqqatlar bo‘ladi. Ularni bosib o‘tganlargina baxtga yetadi. Siz esa otangizning bir gapi bilan ortga tisarilyapsiz.

— Ilojim yo‘q! Kechir. Nima ham derdim, so‘nggi gapim — o‘sha yigit bilan baxtli bo‘l!

Salim so‘nggi rusumdagi mashinasiga o‘tirdi-yu, ortida qolgan qizning ko‘z yoshlariga yuragi achingancha do‘stlari yoniga ravona bo‘ldi.

Kunlar Salim uchun juda sekin o‘tar, u goh xolasi, goh ammasi tavsiya etayotgan qizlar bilan uchrashuvga chiqardi. Eng muhimi, otasi doim aytganiday “Oilalariga kelin bo‘lish uchun arziydigan qiz”lar bilan ikki og‘iz gaplasharkan, ulardan Madinani qidiraverardi. Shunday kunlarning birida Salim uyiga oqshom mahali kirib bordi. Qasrnamo uyining hovlisida begona mashinalar qatorlashib turgandi. Yigit xavotir aralash hayrat bilan uyiga kirib borganida, yuzida quvonch jilvanayotgan otasi uni quchoq ochib kutib oldi.

— Salim, o‘g‘lim, xushxabar! Akang uylanyapti. Bo‘lajak kelinimiz nochorroq qiz ekan. Meni bilasan, hech qachon kelinim boy oiladan bo‘lsin, demaganman. Muhimi, onangga ham yoqibdi.

Salimning butun o‘y-fikri Madinada bo‘lgani uchun u bo‘lajak yangasi haqida qiziqmadi ham. Butun oila kelinning suratiga tikilib Karimni tabriklayotganida, akasining ko‘ngli uchun “Baxtli bo‘linglar, aka, kelin sizga juda mos ekan”, deb qo‘ydi, xolos. Aslida esa suratga bir qur nazar solib ham qo‘ymagandi. Salim faqat bir narsani Madinani ko‘rishni, u bilan gaplashishni istar, lekin otasining gaplarini eslab, Madinani yana umidvor qilishdan qo‘rqardi. U Madina yashaydigan uyi atrofida aylanib yurganida, uning dugonasi Hanifani uchratib qoldi.

— Salim, bu yerda nima qilib yuribsiz? Madinaga nisbatan juda yomon ish qilganingizni bilasizmi? — dedi Hanifa qoshlarini chimirib.

— Siz tushunmaydigan narsalar bor. Bu yerlarda otaning gapi qonun!

Hanifa ortiqcha gapirmadi. Salim esa miyasida g‘ujg‘on aylanayotgan xayollar bilan ovora edi. U ishda ham hech narsaga hafsala qilmay, baland binoning derazasidan xomush boqib o‘tirarkan, yoniga akasi Karim kirib kelganini ham sezmadi. Yoshligidan sho‘x-shaddod, tishlagan yerini uzmasdan qo‘ymaydigan Karim yuzida doim nim tabassum bilan yuruvchi, hayotdan mamnun yigit edi. Ko‘rinishi Salimchalik kelishgan bo‘lmasa-da, muomalasi barcha qusurlarini berkitib ketardi.

— Sevib qolganlarga o‘xshab buncha xayol surmasang! — dedi Karim ukasining yelkasiga qo‘lini tashlab, u tomonga egilarkan.

— Men sizga o‘xshab har hafta sevib qololmayman, aka! Lekin uylanayotganingizga qoyil qoldim.

— Unda yuraver, ukajon! — Karim xandon otib kulgancha xonadan chiqib ketdi.

To‘y harakatlari tezlashib, kutilgan kun ham yetib keldi. Shayx Tohir xonadoniga yig‘ilgan mehmonlar, yuzidan mamnun tabassum arimay turgan qarindoshlar to‘yga jam bo‘lishgandi.

Oq marmarli katta uyning bezaklari ostida o‘tirgan Karimning yuzi baxtdan yonardi. Salim istamaygina mehmonlar yoniga chiqib, akasiga havas bilan tikildi. Tikildi-yu, hayratdan ko‘zlari katta ochilib ketdi. Kelinlik libosida, yuzida kulgi bilan o‘tirgan qiz uning diqqatini tortgandi. Shu payt ukasining holidan ajablangan Karim unga yaqinlashib:

— Tanigan ko‘rinasan, — dedi pichirlab, mehmonlar bilan holatini o‘zgartirmay kulib, salomlashib qo‘yarkan.

— Axir, axir bu… — dedi Salim duduqlanib.

— Demak, taniding! Ha, bu o‘sha raqqosa. Eslab qolgan ekansan-da, afsus.

— Sen qanday jur’at qilding! S-s-yen nimalar qilib qo‘yding! Axir otam bilib qolsa…

— Sen hech kimga hech nima demasang, otam bilmaydi, — dedi Karim Salimning gapini bo‘lib, xotirjam gapirishga urinarkan. — Axir akangning baxtiga chang solishni istamassan…

— S-sen uyimizga raqqosani boshlab kelganing, — dedi Salim asabiylikdan tishlarini g‘irchilatarkan, — g‘irt ahmoqlik! Nima endi to‘ydan keyin ham uning raqqosaligi…

— Ukajonim, kulib gapirsang-chi, — dedi Karim tishlarini ko‘rsatib iljayarkan. — Kim aytdi senga u raqqosa bo‘lib qoladi deb. Kelinoying to‘ydan keyin ham raqqosalikni davom ettiraman, deb hozircha osmonlarda uchib yuribdi. Uddaburon erkak to‘ygacha kelinga “Xo‘p, azizam!” deydi-da, to‘ydan keyin xotinni “Xo‘p, azizim”, deyishga o‘rgatadi.

Karim ukasining yelkasiga qoqib qo‘ydi-yu, yangi kelinchakning yoniga borib, o‘sha shodon qiyofada o‘tirib oldi. Salim nima qilishini bilmas, asabiylashar, nafasi bo‘g‘ilib borar, lekin uni ko‘proq afsus-nadomatga o‘xshash alam qiynayotgandi. U endilikdagi hayotini o‘ylarkan, bu yerlardan uzoqroq bo‘lishni diliga tugib qo‘ydi. Baland zinalardan ko‘tarilib chiqib ketayotganida esa Madinaning dugonasi Hanifa ma’yus qiyofada unga yaqinlashib, bir xat tutqazdi. Xatni ochgan Salimning ko‘zlaridan ikki tomchi yosh titrab yozilganligi bilinib turgan satrlar ustiga dumaladi.

“Men bilmagan edim, Salim, bilmagan edim!”

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sevganiga yanga bo‘lgan raqqosa