date

Liverpuldagi jahon chempionatida bokschilarimiz 7 g‘alabaga erishdi

Liverpuldagi jahon chempionatida bokschilarimiz 7 g‘alabaga erishdi

Angliyaning Liverpul shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi 2025 yilgi jahon chempionati qizg‘in tarzda davom etmoqda. 8 sentyabr oqshomida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan yetti nafar bokschimiz ringga ko‘tarilib, barchasi o‘z janglarini g‘alaba bilan yakunladi.

Kunning dastlabki jangi -54 kg vaznda bo‘lib o‘tdi. Nigina O‘ktamova vengriyalik Anna Lakotar ustidan 5:0 hisobida ishonchli zafar quchib, chorakfinal yo‘llanmasiga ega chiqdi. Endi u 10-sentyabrda yarim final uchun bahs olib boradi.

O‘ktamovadan keyin ringga chiqqan Navbahor Hamidova (-65 kg) belgiyalik Oshin Deriyeuvni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa, yana bir bokschi qizimiz chorak finalga chiqdi.

Shavkatjon Boltayev ham kuchli raqobatga to‘la jangda ispaniyalik Bernad Martinezni 3:0 hisobida ortda qoldirdi. Keyinchalik, To‘rabek Xabibullayev (-90 kg) grek sportchisi Vagkan Nanitzanianni 5:0 hisobida yengib, navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. U endi qozog‘istonlik Sag‘indik Tog‘ambayga qarshi bahs olib boradi.

Olimpiada chempioni Abdumalik Xalokov (-60 kg) esa italiyalik Juzeppe Kanonikoga qarshi jangda ustunlik qilib, final sari qadam tashladi.

Shuningdek, -75 kg vaznda Fazliddin Erkinboyev turkiyalik Sultan Osmanlini 5:0 hisobida mag‘lub etdi va chorak finalga chiqdi.

Oqshomning so‘nggi janglaridan birida Jahongir Zokirov (+90 kg) germaniyalik Nikita Putilovga qarshi ringga chiqib, raqibidan ustunligini namoyish etdi.

Shu tariqa, dushanba kungi bahslarda yurtimiz sharafini himoya qilgan barcha yetti bokschi 7 g‘alaba bilan muxlislarimizni xursand qildi.

Eslatib o‘tamiz, 7-sentyabrdagi janglarda ham vakillarimiz faqat g‘alaba qayd etgandi.

Ma’lumot uchun, World Boxing shafeligida ilk bor tashkil etilgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida 68 davlatdan 554 nafar bokschi ishtirok etmoqda. Ulardan 329 nafari erkaklar, 225 tasi esa ayollar hisoblanadi. Turnir 4-sentyabrda start olgan bo‘lib, 14 sentyabr kuni o‘z yakuniga yetadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Liverpuldagi jahon chempionatida bokschilarimiz 7 g‘alabaga erishdi