Xabaringiz bor, Angliyaning Liverpul shahri kattalar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatiga ilk bor mezbonlik qilmoqda. Musobaqa kundan kunga qizg‘in va shiddatli kechmoqda, ringda yurtimiz nomidan ishtirok etayotgan bokschilarimiz ham muxlislar yuragiga quvonch ulashmoqda.
+90 kg vazn toifasidagi jangda hamyurtimiz Jahongir Zokirov nemis raqibi Nikita Putilov bilan to‘qnash keldi. Jang davomida Zokirov to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritib, raqibini ochkolar hisobi bo‘yicha 5:0 natija bilan mag‘lub etdi. Hakamlarning bir ovozdan chiqargan qarori bokschimiz qanchalik yuksak formada ekanini yana bir bor namoyon qildi.
Bu muvaffaqiyatli g‘alaba orqali Jahongir Zokirov chorak final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi va muxlislar oldida o‘z salohiyatini namoyish etdi. Hozirda yurtimiz vakili yangi bosqich uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ma’lumot uchun, Zokirov endi 10 sentyabr kuni yarim finalga yo‘llanma beruvchi hal qiluvchi jangda ringga ko‘tariladi. Uning oldidagi har bir bahs nafaqat uning shaxsiy karerasi, balki mamlakatimiz boksi nufuzi uchun ham katta ahamiyatga ega.
Muxlislar bokschimizdan yanada kuchli va ta’sirli chiqish kutmoqda. Chorak finaldagi g‘alaba Zokirovga jahon chempionatida tarixiy natija qayd etish imkonini yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!