Hech narsa qilmagan odamgina xato qilmaydi, lekin hech narsa qilmaslikning o‘zi ham xatolikdir.
Emil Krotkiy
O‘shanda yigirma sakkiz yoshda edim. Uch-to‘rt kishi tanib qolgan ijodkor qalamkashman. Qayerga borsam, kasbimni so‘rasalar, javob berganimda “Iltimos, men haqimda yozing, hayotim haqida biron hikoya yozib berolmaysizmi?” degan takliflar bo‘lar, bularning hammasi kulgimni qistar, nega odamlar mashhur bo‘lishni, kimdir o‘zini maqtab yozib, qaysidir asarning bosh qahramoniga aylanishni yaxshi ko‘rishini hech tushunolmasdim. Bunday iltimoslar g‘ashimga tegardi, xolos. Kunlarning birida kun tartibim nihoyat zichligi sabab zo‘rg‘a vaqt topib, go‘zallik saloniga bosh suqdim. Kulib turgan qo‘g‘irchoqdekkina qiz sochimni turmaklab qo‘ygach, xayrlashib chiqib ketayotsam, kiraverishda chog‘roq stol qo‘yib o‘tirgan yosh juvon:
– Opa, tirnog‘ingizga ham ishlov beraylik. Bir sinab ko‘ring, yoqishiga men kafil, – dedi.
Ha, mayli, bir kelib qolibman, oyda-yilda o‘zim uchun biroz vaqt ajratsam, osmon uzilib tushmas deya o‘ylab qarshisidagi kursiga cho‘kdim.
Sipogina bu juvon nihoyatda odob bilan kasbimni so‘radi. Aytdim.
– Bilasizmi, men bir narsa yozgandim... – dedi u tutilib.
Obbo, shuyam bormidi, tirnoq egovlovchi nimayam yozar ekan deb o‘yladim. Muharrir ekanim sabab almoyi-jalmoyi satrlarni to‘g‘rilashdan, aksar mualliflarning yozganlarini salkam qayta yozib chiqishdan shunday beziganmanki...
– Bir ko‘rib berasizmi? – dedi ko‘zimga umidvor tikilib.
Nima deyishim mumkin. Men hech birovlarga yo‘q deya olamanmi o‘zi? Hozir ham qarshimdagi ayolning termilgan dardli ko‘zlariga qarab turibman. Qanday yo‘q deyman, qanday?
– Mayli, – dedim biroz og‘rinib. – Elektron pochtamga jo‘nating. Mana tashrif qog‘ozim, unda pochtamning manzili bor.
E, xudoyim, yaqindagina bittasi alahsirashga o‘xshagan misralarini “ko‘rib chiqishim” uchun bergan edi. Uchta so‘zdan iborat gapda kamida beshta imloviy xato bilan yozgani yetmaganday, hikoyasida na tuturiq bor, na ma’ni. Buning ustiga qo‘l telefonimga har soatda qo‘ng‘iroq qilib, hikoyasi taqdirini so‘rab-surishtiradi, uni yozganidagi hayajonlarini men bilan baham ko‘radi, bu hikoya chop etilsa, meni xursand qilishini aytadi. Har qalay o‘sha hikoya bosilib chiqqan taqdirda ham xursand bo‘lmasligim aniq. Rahbarlarimdan gapga qolaman.
Ertasi kuni ishxonaga kelib, har kungiday pochtamni tekshirdim. “Muhabbat” degan hikoya kelibdi. Sarlavhani qarang, muhabbatmish. Bu mavzu hech eskiradimi o‘zi, yo‘qmi? Kechagi yosh juvon jo‘natgan shekilli. O‘zi nega u ayolni juvonlab qoldim? Uning mendan ancha yoshligi, nari borsa yigirma ikkilarda ekani bilinib turardi-ku. Qo‘lidagi nikoh uzugi tufayli shunday deyotgan bo‘lsam kerak-da. So‘ng so‘z berganim vajidan hikoyani yuklab olib, o‘qiy boshladim...
“Musibatmi, nima bu? Holim abgorlashib bormoqda. Barchasidan nafratlanaman...
Hayotim bir tekisda o‘z iziga tushdi deya quvonib yurgan kezlarim edi. Yorimda yorim, ko‘nglimning yagona egasi har vaqt men bilan. Uydan chiqqanida ham suyganimni bir nafas xayolimdan chiqarmasdim. Ishdan charchab kirib kelishi menga bayram bo‘lib, qushdek uchib-qo‘nib nima istasa bajo keltirardim. Qalbimdayu dilimda, so‘zimdayu tilimda uni duo qilar, Yaratgandan jonini omon saqlashini so‘rardim. Behad ardoqlab, Yeru osmonga inonmasdim. Yo‘llariga poyandoz bo‘lib yozilib, izlarini tavof qilib ko‘zimga surtardim. Baxtimni ichimga sig‘dirolmasdan porlab turgan qorachiqlarim bilan atrofimdagilarga ulashardim. Men sevardim, chin dildan... Hech bir to‘sqinliksiz, o‘la-o‘lgunimcha... deya xayol surardim.
Eshik taqilladi. Sevikligim kirib kelar ekan:
– Otlan, bizni mehmonga chorlashdi, – dedi ko‘tarinki kayfiyatda.
– Kim?.. – savol ohangimda biroz ikkilanish, taraddud, xursandlik va og‘rinish qorishiq edi.
– Yaqin do‘stim.
– Ha, Sa’dulla akami?
– Yo‘q, mana qara, – u shunday deb kitob javonida turgan albomni ochib, bir suratni ko‘rsatdi.
Jufti halolim ko‘rsatkich barmog‘ini qo‘yib turgan yigitning suratiga qarab sergak tortdim. Kim edi bu? Qiyofasi nihoyatda tanish... Go‘yo ming yillardan beri uni taniyman.
– Kamoliddinni tanimasmiding? To‘yimizda qatnashgan-ku.
– Eslolmadim, – shunday deb, qo‘shib qo‘ydim: – yarim soatlarda tayyor bo‘laman.
– Do‘stim yaqin kunlarda uylanayapti. U bilan yaxshi munosabatda bo‘lishingni, keyinchalik ham oilalarimiz o‘rtasida mustahkam rishtalar bo‘lsa deyman.
– Nima desangiz shu, – deb ichkari uyga kirib hozirlik ko‘rdim.
Mehmonga borganimizda Kamoliddin va uning oilasi: ota-onasi, ukasi, singlisi bizni obdan siylashdi.
– Siz bilan tanishganimdan juda xursandman, – dedi juftimning do‘sti samimiy ohangda. Yuzidan nur yog‘ilib turgan bu yigit ko‘ngli toza insonlardan ekan. U haqiqatan ham tez orada uylandi. To‘yiga bordik. Dardu xayolim sevgan kishim — turmush o‘rtog‘imda edi. Ertaga ishga borishi kerak, tun esa yarmidan og‘di. Shunchalar charchab, tongda qanday uyg‘onadi. Ishxonasida kuni bo‘yi mudrab yuradimi?!
To‘yxonadagi odamlarni umuman tanimaganim uchun yosh yigit-yalangning qizlar yonida o‘ralashishi, bitta-yarimta qarilarning o‘rtaga chiqib qilpanglashi menga xush kelmayotgandi. Uylanguvchining hurmati majburiyati yuzasidan o‘tirgandim. Lekin jufti halolim benihoya xursand edi. Aftidan, do‘sti ham o‘zi bilan deyarli bir paytda uylanayotganidan, endi oilali bo‘lsalar-da, ilgarigi munosabatlari oila davrasida davom etaverishidan xursand edi. Ichkilikdan yuzi qizarinqiragan, hadeb jilmayar, ora-orada davraga tushib, o‘ynab ham qolardi. Men esam uni qiziqsinish bilan, oldingidan-da ko‘proq suyub kuzatib o‘tirardim. Hech kimning, hatto kelin-kuyovning ko‘rinishiga e’tibor qilmayotgandim. Hammaga qarab kuzatib o‘tirganim bilan aslida hech kimni ilg‘amasdim, odamlar bir soya sharpasi kabi orqa planda qolgan, ko‘z o‘ngimda faqatgina sevgan kishim, boshqa hech kim...
Bolalikdan uydan tashqari hatlamaganman. Hamma qizlar kabi bir kuni alp yigit kelib, muhabbat va baxt hadya etadi, u bilan umrguzaronlik qilib, chiroyli hayot kechiraman deb orzuladim. Uzoq kutmadim, lekin kam ham kutmadim, shunday notanish kishiga taqdir meni ro‘baro‘ qildi. Qismatimdan ming bora rozi edim...
To‘ydan keyingi oilaviy bordi-keldilar bizni yanada yaqinlashtirdi. Kamoliddindan ilgarigiday tortinmay, o‘zimni bemalolroq tutadigan bo‘ldim. U tez-tez telefon qilib, qandaydir ishlar yuzasidan maslahatlar so‘rar, kechga yaqin ayolini yetaklab kelib qolardi. Turmush o‘rtog‘imning ham bu yaqinlikdan boshi ko‘kda, mamnun yurardi.
Bir kuni kechki ovqat ustida do‘sti haqida gap ketganida men Kamoliddin ismini bir necha bor takrorladim.
– Uning yoshi sendan, hatto mendan ham katta. Nega aka so‘zini qo‘shib gapirmayapsan? –deb so‘rab qoldi turmush o‘rtog‘im tanbeh ohangida.
– Lekin u sizga aka deb murojaat qiladi-ku, – deb hayron bo‘ldim. – Qo‘l ostingizda ishlaydigan kichik xodimlaringizdan biri bo‘lsa, siz ham uni sensiraysiz-ku, axir.
– Esing bormi, u qo‘l ostimda ishlamaydi, lavozimi menikidan ancha baland. Dili pok insonligi sabab yosh ko‘rinadi.
Hang-mangman. Hali men juftimning rahbari bilan shunchalar oson muomala qilamanmi? Uni o‘zim qatori tengdosh yigit deb bepisand yurar ekanman.
To‘g‘risi, shu qadar madaniyatli, bosiq, yaxshi bir erkakning xotini menga negadir sira yoqmasdi. Qandaydir his-tuyg‘ulardan mosuvo, yashashni qorin to‘ydirish va qimmatbaho kiyimlar kiyib, kibor yurishdan iborat sanaydigan bu kelin injiqliklari bilan barchaning joniga tegib bo‘lgandi. Yaxshiyamki, erining topish-tutishi anchayin yaxshiligidan u hozirga qadar bu tomondan siqilmagan. Choynakka o‘xshab ketadigan, o‘zi kirgan yoshdan xiyla katta ko‘rinadigan bu xonim meni o‘ziga malay hisoblaydimi, bilmadim, har kuni uning bilan biron yoqqa birga borishimga to‘g‘ri kelardi. Tinmay kasalxonaga yotib olar, eri va mening tinkamizni quritadigan darajada hali u olib kel, hali falonchi do‘xtir bilan gaplashinglar, bunisi yoqmadi deb, palatama-palata ko‘chardi. Albatta, sevgan kishim — erimning iltimosi bo‘lmaganida balki o‘zimni chetga olgan bo‘lardim. O‘z uyim, juftim tashvishlarini qoldirib bularning ortida sarsonaman. Mana shularning bari meni Kamoliddin va uning oilasiga tobora yaqinlashtirmoqda edi. Ba’zan xotini qolib, ota-onasiga ham g‘amxo‘rlik qilishimga to‘g‘ri kelardi. Singillari yaqin dugonalarimga aylanishdi. Yoki men o‘sha oila a’zosi bo‘lib qoldimmi, bilmayman. Ukasi meni xush qarshilar, otasi hovlidan meva terib keltirib, to‘rvamni to‘ldirib qo‘yar, singillari tivit ro‘mol to‘qib berishar, onasi mazali taom bilan siylardi. Endi Kamoliddin oldingidan-da ko‘proq telefon qilar, bir nimalarni maslahat qilib, oilasi kun tartibini rejalashtirardi. Bular o‘zimga tabiiy holdek ko‘rinib, na turmush o‘rtog‘im, na o‘zim parvo qilmasdik.
Bir kuni amakimning o‘g‘li meni yo‘qlab keldi. Bir hovlida katta bo‘lganimiz uchun uni akam o‘rnida ko‘rardim. Uyam meni ehtiyotlash payida bo‘lar, maktab yoki boshqa joyda kimsani yonimga yaqinlatgan emasdi. Haddi sig‘ib, telefonimni olib titkilashga tushdi. So‘ng kutilmaganda:
– Kamoliddin kim? – deb so‘radi.
– Bu kishining do‘sti, – deb erim tomon imladim.
– Yaxshi, lekin eringning do‘sti nega senga bir kun, ya’ni bugunning o‘zida yigirma uch marta qo‘ng‘iroq qilgan. Kuyov, o‘zingizning telefoningiz ishlamayaptimi?– deb so‘radi.
– Ishlayapti, – dedi jondan ortiq suyganim amakimning o‘g‘liga qarab. – U oilaviy do‘stimiz. Biron nimani maslahat so‘ragani qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lsa kerak.
– Do‘stlaringiz, nima gapi bo‘lsa, o‘zingizga telefon qilishsa yaxshi edi. Bu ayol kishi bo‘lsa, erkak odam bundan nimani maslahat oladi? O‘zi ko‘cha ko‘rmagan noshud bir narsa. Sizdan iltimos, telefon ishlatmasin, hech kim bilan do‘stlashishi ham shart emas, – dedi qarindoshim cho‘rt kesib.
– Xavotirlanmasangiz-chi, men uni sinashtasiz odamlar bilan gaplashtirib qo‘yarmidim. Buni o‘zim so‘raganman. Kun bo‘yi uyda yolg‘iz o‘tiradi. O‘sha o‘rtog‘imning oilasi bilan chalg‘isa, odamlarni ko‘rib yursa deyman.
– Men oldingizdan o‘tdim. Singlim nihoyat sodda qiz. Tuhmat-puhmatga qop o‘tirmasin, gap-so‘z yomon narsa degan ma’noda gapirdim.
Uxlash uchun o‘rnimga cho‘zilar ekanman, bechora juftim kunduzgi charchoqdan qotib uxlab qolganini ko‘rib jilmaydim, ancha payt yonboshlaganimcha unga tikilib yotdim. Nega uni bunchalar yaxshi ko‘raman-a, deya o‘yladim. Shunchalar yaxshi insonki, uni sevmaslik mumkin emas, degan to‘xtamga keldim.
Birdan miyamga amakimning o‘g‘li jahl bilan “yigirma uch marta” deb ta’kidlagani urildi. Balki to‘g‘ridir, ba’zi kunlari bundan ham ko‘p telefon qilgan paytlari bo‘lgan. Rostdan, nega shunaqaligini o‘ylab qoldim. Kamoliddin bilan oramizdagi oilaviy do‘stlik chegarasi kundan-kunga yemirilib borayotgani haq gap. G‘aflat bosibmi, buni sezmay qolibman. Shu yerda to‘xtashim kerak, to‘xtamasam bo‘lmaydi. Qalbimda esa nimadir “Axir, u senga biron marta nojo‘ya boqmadi, hamisha odob doirasida hurmat bilan muomalada bo‘ldi-ku”, deb qarshilik qilardi. U hatto meni ko‘rganida sal uyalinqiraganday bo‘lardi.
Ertasi kuni eshitgan gapim hammasiga nuqta qo‘yishimga asos bo‘ldi: Kamoliddinning xotini sobiq sevgilisiga erga tegish uchun qochib ketibdi.
Yana hangu mangman. Ichimdan Kamoliddin bir balodan qutulibdi, sho‘rlik degan jumla sizib o‘tgani ham rost. Ilgari, xotini bor paytlari mayli edi, endi tashlab ketilgan erkak bilan gaplashish noo‘ng‘ay deb o‘ylab, telefon raqamimni o‘zgartirdim. Yangi raqamimni hech kimga bermaslikni turmush o‘rtog‘imga puxta tayinladim.Biroq endi Kamoliddin biznikiga tez-tez tashrif buyurar, do‘stlar birga uzoq gaplashib o‘tirishar, hatto tunda biznikida qolishni ham odat qilgandi. Ularning oldiga kirmaslik uchun, ya’ni Kamoliddin bilan ko‘rishmaslik niyatida yemak-ichmaklarni juftimdan kiritib yuborardim. Agarda uy ichida nima tasodif bilandir ko‘rishib qolsak, salom berish bilangina cheklanardim.
U biznikida tunab qolgan kunlarning birida ertalab turmush o‘rtog‘im uchalamiz birgalikda bozorga borishimizni, uy uchun ba’zi buyumlarni xarid qilishimizni aytdi.
Kiyinib chiqib, o‘zimni oynaga soldim. Egnimdagi libos qaddimga juda yarashganday edi.
Bozorda rastalar oralab yurar ekanmiz, ikkita kap-katta erkak, xurmachasidan oshirib ichib olganmi, bilmadim, bittasi oldimga kelib, “asal, novvot” deb yuzimni chimdiladi. Ortimda turgan erim ham, Kamoliddin ham buni aniq-tiniq ko‘rdi. Xo‘jayinim g‘ing etmadi... Uchovimiz g‘alati alpozda qoldik. Ko‘zimga yosh to‘ldi... O‘zimni tahqirlangan his qildim, begona yuzimni chimdisa, erim miq etmasa... Nogohon Kamoliddin bilan nigohimiz to‘qnashdi, bir lahza bir-birimizga tikilib qoldik. Shu on qarog‘imdagi yosh tomchisi yuzimga dumaladi va... u shart ortiga burildi.
Erim ikkimiz hay-haylab ortidan yugurdik. Uni to‘xtatishimiz lozim edi — bular huquq-tartibot tizimi xodimlari bo‘lib, aslo boshqalar bilan san-manga borishlari mumkin emas. Har qanday holatda ham o‘zlarini bosib turishlari kerak. Bu ikkisining jamiyatda tutgan nufuzi ko‘cha odamlari bilan pachakilashib o‘tirishga yo‘l qo‘ymasdi.
Uniniyatidan qaytarolmadik. Mo‘min-qobil yuradigan yigitni g‘azabnok holda ilk bor ko‘rib turibman. Erimning aytishiga qaraganda, u jang san’ati bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan ekan. Haligi ikkalasini shunchalar ayovsiz do‘pposlardiki... Yuragim yorilib ketay deb dukurlar, qo‘rqqanimdan dag‘-dag‘ titrardim. Erim va boshqalar Kamoliddinni to‘xtatishga behuda urinishardi.
Uni olib ketishdi. Uch oy o‘tib sud bo‘ldi, Kamoliddin ozodlikdan mahrum etildi. Adoqsiz vijdon qiynog‘ida qoldim. Meni deb bo‘ldi, men tufayli yaxshi bir insonning umri kul bo‘lib sochiladi endi, deb ich-etimni yerdim. Bu azobda qanday tirik yuraman? Ko‘ksim to‘la muhabbat o‘z o‘rnini shunday iztiroblarga bo‘shatib berdi. Sevgan insonim — turmush o‘rtog‘im bilan munosabatlarimga bu hol soya solmay qolmadi, albatta.
Sud bo‘ladi deb eshitgan kunimiz erim uyga ichib keldi. Ko‘zlari suzilib, yoqimsiz iljayar, meni sinchkov nigoh bilan kuzatardi. Unga ilgarigidek e’tibor bermay qo‘ydim shekilli —mana samarasi. Chamamda, noto‘g‘ri yo‘ldaman. Ko‘nglimning yagona egasi qarovsiz takaga aylanib qolibdi. Uni sevgan baxtiyor kunlarimni, hamisha xayolimda turadigan qiyofasini xotirlagim keldi, shuni istaganimda ko‘z o‘ngimga faqatgina bitta siymo — Kamoliddinning oxirgi bor ko‘zlarimga qaragan lahzasi kelardi. Men Sharq ayoliman. Bu mumkin emasligini bilsam ham ko‘z o‘ngimdan Kamoliddinning nigohini quva olmasdim. Muslim bir oilada ko‘rgan tarbiyam menga har bir ayol o‘z jufti halolinigina sevishi lozim, o‘zgalarni hatto xayoliga keltirishi buyuk gunoh deya uqtirgan.
– Nimani xayol surib o‘tiribsan? – erim bepisandlik bilan tahqir ohangida so‘radi. So‘ng javobimni kutmay, davom etdi: – Yo endilikda kuniga yigirma uch marta telefon qiladigan odaming bo‘lmaganiga zerikyapsanmi?
Seskanib ketdim.
– Oh, bechora qumrilar, sen bunda xor, u senga zor, – dedi xunuk qahqahlab. – Ajab ishlar bo‘ldi-da. Beozorgina ko‘rinib, eng yaxshi do‘stimning boshiga yetding-a. Uni tamom qilding. Endi navbat mengami? Keyin yuraverasan-da bemalol yuzingni chimdilatib.
O‘rnimdan turib ketdim. Titrar, jahllanar, o‘kinar, hayajonlanar, asabiylashardim. Holimni ko‘rib, rahm qildimi, og‘riqli gaplarini bas qilib, ichkari uyga qarab yurdi. Eshik yoniga borib, o‘girildi-da:
– Qamalganiga xafa bo‘lib, ich-etingni yeyaverma, birovning xotinini sevib qolganning jazosi shu, – dedi har bir so‘ziga takabburona urg‘u berib.
Endi ko‘ksim potirlab, qaqshab og‘riy boshladi. Nima degani u, birovning xotinini sevib qolgan degani? Kamoliddin unday inson emas-ku! Aqlini yo‘qotibdi.
Bir-ikki kun ko‘rinmadi. Ishxonasida tunagandir, deya o‘yladim. Uchinchi kuni kechki payt muloyimgina ko‘rinib kirib keldi. Ikkimiz ham o‘zimizni hech nima bo‘lmaganday tutdik. Ovqatlanib bo‘lgach:
– Men uxlayman, juda charchaganman, – dedi.
Oshxonadan chiqayotib, yuzimga qaramay:
– Kamolning xotini sevganiga tegolmabdi, sobiq yigiti boshqa qizga uylanib ketibdi, bekorga oilasini buzgani qoldi, ahmoq ayol. Sen ham unga o‘xshab dog‘da qolding, sevganing qamalib ketdi, – deb nopisandalik bilan gapirdi.
O‘ylab qoldim, shu insonni sevgan edimmi, uning uchun borlig‘im o‘t-otash bo‘lib yonarmidi? Uning uchun jon fido qilmoq qadar kuyib-pisharmidim? Sevgi shunchalar umri qisqa baxtmi? Huzurga chulg‘ovchi hislarimning bari qayga yo‘qoldi? Men muhabbatni tushunolmadimmi, yo u meni? Nega yo‘limiz ayro tushayapti? Bu insonning tahqirlarining poyoni bormi hech?
Ma’yusligim ortib borar, dam sayin ko‘z oldimga Kamoliddinning qiyofasi kelardi. Noaniq bir iztirob vujudimni tirnab achishtirardi. Yeru osmon “gunohkor, gunohkor” tegramda charx urib raqs tushayotgandek edi.
Turmush o‘rtog‘im ishidan bo‘shadi. Kamoliddindan so‘ng o‘sha yerda ishlagisi kelmadi.Butunlay ichkilikka berildi. Endi kun bo‘yi meni achchiq gap-so‘zlari bilan “siylar”, yo qolishimga, yo ketishimga izn bermasdi. Har-har zamonda meni ergashtirib, Kamoliddinning ota-onasinikiga borar, bir dardimni minglatib, ularning hasratlarini eshittirib kelardi.
Kun kechirish uchun kimdir qimirlashi kerak edi. Tilla zanjirimnipullab, tirnoq parvarishi, jilo beruvchisiga shogird tushdim. So‘ng o‘sha salonga ishga ham joylashib oldim.
Erim har kuni shirakayf bo‘lib kelib, do‘stimni sen qamatding, deb iddao qilishdan to‘xtamasdi. Uni sevgan baxtiyor kunlarimni, har on qalbimda turadigan qiyofasini xotirlagim kelardi... Nomusli bir yigitning hayoti barbod bo‘lishiga sababchiman, degan xayol bilan ich-etimni yeb bitirdim. Oldindan yurak xastaligim bor. Bu voqea uni kuchaytirib yubordi. Hali yosh bo‘lsam ham umrim nihoyalanib borayotganini sezaman.
Alvido, foniy dunyo, sening yo‘llaringda yayrab yurolmadim, baxtli onlarim ko‘pga cho‘zilmadi. Ammo haqiqiy muhabbat bor ekaniga ishonib ko‘z yumaman. Sen bir insonni bir on bo‘lsa-da, pok ishq bilan sevdingmi, armoning qolmas ekan. Endi men o‘sha insonni bilaman, uni lahzalik nigohidan tanib oldim. Hayotdan ketishimdan oldin esa faqat bir ismni takrorlayman — Kamoliddin!”
Hikoya shu yerda yakuniga yetgan edi. Nima deyishni, qanday izohlashni bilmayman. Ba’zan boshqalarga bepisand nigoh tashlab, past baho beramiz. Ammo quruq o‘tin kabi ko‘ringan kishilarning ham ichida hislari, iztiroblari yoki qayg‘uli o‘tmishi bo‘ladi. Men ham bu ayol haqida adashibman. Hech kimga tashqaridan turib baho qo‘yish yaramaydigan ish ekan. O‘pkam to‘lib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladim. Olloh insonlarni, insonlar uchun esa ishq atalmish ne’matni nega yaratganini tushunib yetganday bo‘ldim. Kichik bir xonada kichik bir yumush bilan chalg‘iyotgan bir ojizaning qanchalar buyuk qalbi bor ekan. Ba’zi insonlarni ko‘rib, kuzatib, tanib olar ekansan, hali hech kim emasman degan xayol tafakkuringga o‘rnashib qoladi. Haqiqatan shunday, ishqsiz kishi — qalbsiz vujuddir.
Xosiyat RAJABOVA
Manba: darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...