16:05 / 23.04.2018
10 591

Bir insonga qattiq bog‘lanib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Bir insonga qattiq bog‘lanib qolmaslik uchun nima qilish kerak?
— Atrofimda menga yaqin bo‘lgan yoki yangi tanishgan insonlarga tez bog‘lanib qolaman. Masalan, biror odam bilan tanishib, do‘st yo dugona tutinsam, u bilan tez-tez gaplashgim kelaveradi. Xoh telefonda, xoh internet orqali bo‘lsin, hol-ahvol so‘rash bahonasida uni bezovta qilaveradigan odatim bor. Bu menga yoqadi. Lekin u qo‘ng‘iroqlarimga javob bermasa, asabiylashib ketaman, qaysarligim tutib qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilaveraman. Men xohlagan vaqtda u ham menga vaqt topishini istayman. O‘ylab qarasam, bu o‘zimni o‘zim qiynash ekan... Bu odatdan qanday qutulsam bo‘ladi yoki endi kechmi?
Aygul, 23 yosh, Nukus shahri

— Biror kimga bog‘lanib qolish tuyg‘usi bolalikdan shakllanadi. Dastlab yosh bola onasiga, buvisiga, otasiga yoki bobosiga, ya’ni kim ko‘proq mehr ko‘rsatgan bo‘lsa, shu insonga bog‘lanib qoladi. So‘ng bog‘chaga borganda bog‘cha opasiga, u yerdagi bolalarga bog‘lanib qoladi. Shu tariqa jamiyatga kirib kelib, atrofidagi ma’lum bir odamlarga bog‘lanib qolish tuyg‘usi davom etaveradi.

Bog‘lanib qolishning me’yorlari bo‘lishi kerak, ba’zida bu me’yor oshib ketadi. Bunga sabab, bolalikda yetarlicha mehr ko‘rmaslik, e’tiborda bo‘lmaslik, o‘z qobig‘iga o‘ralib qolishlikdan, kattalar tomonidan qo‘yilgan juda qattiq cheklovlar, kuchli nazorat ostida o‘sganlikdan, deyish mumkin. Ulg‘ayganda esa bola o‘zini erkin his qilolmay, o‘sha “ramka” ichida yashaydi va bog‘lanib qolgan insonlarini ham shu “ramka”ga solgisi keladi. Bolalikda to‘ymagan mehrni o‘sha bog‘lanib qolgan insonidan qidiradi. Shu mehrni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, uni qo‘yib yuborgisi kelmaydi.

E’tibor bersangiz, bunday insonlarning do‘stu dugonalari kam bo‘ladi, hamma bilan oson chiqishib ketolmaydi. Buni egoistik bog‘lanish deb atash mumkin. Bunda bog‘lanib qolgan insonning u bilan suhbat qilishga vaqti bormi-yo‘qmi, gaplashishni istaydimi-istamaydimi — bu qiziqtirmaydi.

Avvaliga u inson yaqin dugona yoki do‘st topganidan, u tez-tez hol-ahvol so‘rab turishidanxursand bo‘ladi. Lekin bu me’yoridan oshib boraversa, u sizdan uzoqlashishni, o‘zini olib qochishni boshlaydi.

Albatta, bog‘lanib qolgan insoningiz har yo‘qlaganingizda sizga “labbay” deyolmasa, siz istagan vaqtingizda yoningizda bo‘lolmasa va siz bundan agressiyaga tushsangiz, ortiqcha ruhiy zo‘riqish bo‘lsa, bu odatdan qutulishingiz shart! Aks holda jamiyatda o‘z o‘rningizni topishda juda qiynalasiz. Bunda munosabatlar ham uzoqqa bormaydi. Siz ortiqcha zo‘riqishdan charchaysiz.

Bir odamga bog‘lanib qolishdan qutulish uchun nima qilish kerak?


Sog‘lom ko‘nikmalarni hosil qiling. Hech bir inson faqat sizga tegishli emas. U ham mustaqil, uning ham o‘z hayoti bor. Shuning uchun atrofingizdagi odamlarni, shu jumladan, bog‘lanib qolgan insoningizni boricha qabul qiling.
O‘zingizni turli yumushlar bilan band qiling. Bo‘sh vaqtingiz bormi, uni albatta, biror qiziqqan mashg‘ulot bilan o‘tkazing. Bir necha faoliyat turi bilan shug‘ullangan odam har bir jabhada turli muhitni, turli odamlarni ko‘radi va bir odamga bog‘lanib qolmaydi.
Shuningdek, bog‘lanib qolish qarama-qarshi jins vakillari o‘rtasida ham bo‘ladi. Buni ular sevgi deb o‘ylashadi. Egoistik bog‘lanib qolish bilan sevgini qanday farqlash mumkin? Buni birgina misolda ko‘rib chiqamiz.

Siz sevgan insoningizning yutuq va muvaffaqiyatlaridan undanam ko‘p xursand bo‘lasizmi? Yoki uning yutuqlari sizni quvontirmaydimi, balki umuman qiziqtirmas? O‘sha yutuqlarga erishish uchun sarflagan vaqtini sizga bag‘ishlaganda yaxshi bo‘larmidi? Demak, endi xulosa qiling, siz uchun qay biri muhim?

Agar hamrohingizning muvaffaqiyatlari sizni ham quvontirsa, tuyg‘ularingiz sevgi ekanidan, agar aksincha bo‘lsa, egoistik bog‘lanib qolganligingizdan darak.

Bog‘lanib qolishning yana bir turi bor. Bu — ota-ona, bobo-buvi kabi insonlarga, ya’ni boshqaruvchiga bog‘lanib qolishdir. Bunda hayotingizni kimdir boshqarishi kerak. O‘z mas’uliyatlaringizni shu boshqaruvchiga topshirib qo‘yasiz. Sizga shunday yashash oson. Shunday toifa insonlarga aytar gapimiz shuki,yashayotgan hayotingiz, g‘alaba va mag‘lubiyatlaringiz, g‘am va shodliklaringiz faqat o‘zingizniki! Bog‘lanib qolgan insoningiz sizga bog‘lab qo‘yilmagan. Ertaga vaziyat o‘zgarib, ayriliq yuz berganda, bunga chidashingiz qiyin kechadi, qattiq tushkunlikka tushib qolishingiz mumkin.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir insonga qattiq bog‘lanib qolmaslik uchun nima qilish kerak?