00:08 / 19.05.2018
7 761

To‘ydan oldingi tomosha yoxud zamonaviy qayliq mojarosi

To‘ydan oldingi tomosha yoxud zamonaviy qayliq mojarosi
Viloyat safarlaridan birida ko‘rinishidan ancha kamsuqum bir yigit: «Kechirasiz, alohida gaplashib olsak bo‘ladimi?» deb qoldi. Uning iltimosini bajonidil qabul qildim.

Bu yigit gazetamizni anchadan beri kuzatib borayotgan muxlislardan biri ekan. Oilaviy qadriyat va tutumlar, oila ma’naviyati, urf-odat va an’analar haqidagi maqolalarga ixlosi baland ekanini izhor qildi. Keyingi paytlarda o‘zini bir masala tashvishga solayotganini bildirdi.

«Bir qiz bilan gaplashib yuraman, — dedi biroz tortinib. — U o‘qishga kirdi. Mening ikki yildan beri omadim yurishmadi. O‘sha qizga uylanish-uylanmasligim hali noma’lum. Uning uyidagilari o‘qimagan ekan, deb menga bermasligi ham mumkin. Yoki ota-onam uni senga olib bermaymiz, deb qoladimi... Shunga siz nima maslahat berasiz? U bilan gaplashib yurishimning zarari yo‘qmi?..»

Yigitning yoshi yigirma birda ekan. Bunday holat shunday yoshdagilarning ko‘pchiligiga yaxshi tanish. Lekin qilayotgan ishi to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida kamdan-kam kishi bosh qotiradi. Ko‘pchilik, hatto kattalar, ota-onalar ham bu masalaga «kimda kimning ko‘ngli bor, ko‘yavering, o‘ynasin», deb panja ortidan qaraydi. Aslida-chi? Buni farzandlar hayotiga, oila sha’niga, jamiyat ravnaqiga salbiy ta’siri yo‘qmi?

Kuyovni oynada ko‘rganlar

Bobo-buvilarimiz bir-birini chimildiqda ko‘rib, turmush qurishgani balki bugun ayrim yoshlarga ertak bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin ularda ham hozirgi yoshlarnikidan-da go‘zalroq ko‘ngil, boyroq his-tuyg‘ular bo‘lganini hech kim inkor eta olmaydi. Yana bir hayratlanarli dalil shuki, ularning turmushi to‘ydan oldin o‘ldim-kuydim, deb yurgan hozirgi ba’zi bir yoshlarnikidan ancha mustahkam bo‘lgani haqiqat.

— Cholim bilan chimildiqda ko‘rishganmiz, — deydi yetmish sakkiz yoshli onaxon Xosiyat Berdimuhammedova. — Chimildiqda kelin-kuyovga oyna tutish udumi bo‘lardi. Qiz erkakning yuziga tik qarashga iymangani uchun uni ilk bor ko‘zguda ko‘rgan. Shungacha ular bir-biri bilan ko‘rishib-uchrashib yurishmagan. Falonchining qizi ko‘chada begona yigit bilan chaqchaqlashib turgan ekan, degan gap oila uchungina emas, o‘sha qizning urug‘-aymog‘i uchun ham katta isnod sanalgan. Biz oilamiz sha’niga ana shunday dog‘ tushirib qo‘yishdan qo‘rqardik.

«Yoshligingda o‘ynab qol, qizim»

Quda bo‘lishdan oldin ikki taraf bir-birini obdan surishtirishi urf-odatlarimizda haligacha saqlanib kelyapti. Yigit yoki qizning biron bejo harakatini sezib qolsa, bugun ham unga yaxshi munosabat bildirmaydiganlar kam emas. Turmush qurayotgan yigit-qizlarning oilaviy munosabatlarga beparvoligi xatarli holat, albatta.

«Ommaviy madaniyat» oilalarimizga «po‘sht-po‘sht» demasdan kirib keldi, — deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi Sultonmurod Olim. — Ayrim qizlarimiz kollej yoki litseyda, bakalavriat yoki magistraturada o‘qib yurgan kezlari hech kimdan uyalmay-netmay yigitlar bilan xat yozishadigan, SMSlashadigan, internet orqali behayo muloqotlar qilib turadigan bo‘lib ketishadi. Hech kim ularni bu yo‘ldan qaytarmaydi. Ba’zilarining ong-tasavvurida buning xato ekani haqida fikrning o‘zi ham yo‘q. Shu orada sovchi keladi, unashtiriladi, tez fursatlarda to‘y ham bo‘lib o‘tadi. O‘rgangan ko‘ngil-ku?!. Yana o‘sha eski «ish»ini bemalol davom ettiraveradi. Bizning millatda bu qaysi ma’naviyatga to‘g‘ri keladi? Aynan shunday voqea-hodisalar sabab bo‘lib uyi buzilayotganlar – qancha?!.»

— Mahallamizda bir oila qiz uzatadigan bo‘ldi, — deydi Sobina Rustamova. — To‘yga ozgina qolganda to‘y to‘xtatildi. Sababi, qiz boshqa yigit bilan gaplashib yurarkan. Shundan keyin ikki oila o‘rtasida katta mojaro bo‘ldi. Ona qizining bu ishini qusur sanamadi, oddiygina erkalik deb baholadi. Narigi tomon esa bunday qizni kelin qila olmasligini dangal aytdi. Shu qizning haligacha to‘yi bo‘lgani yo‘q.

Vijdon amri

...Ro‘paramda mendan javob kutib turgan o‘sha yigitga savol berdim:

— O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz? Deylik, o‘sha qiz bilan ko‘cha-ko‘yda uchrashib-gaplashib yurganingizni oilangizdagilar, yaqinlaringiz, qo‘ni-qo‘shnilardan birontasi ko‘rib qolsa, siz buni qanday qabul qilasiz? Shunday paytda qalbi­ngiz, vijdoningiz nima deydi?

— Bu juda noqulay holat, albatta, — dedi yigitcha xuddi jinoyat ustida qo‘lga tushib qolgan odamdek kalovlanib.

— Ana, ko‘rdingizmi? Aslida javobni o‘z vijdoningizdan so‘rasangiz ham bo‘ladi. Vijdon bor va uyg‘oq bo‘lsa, o‘zi sizga to‘g‘ri tanlovni taqdim etadi. Faqat siz irodasizlik qilmasdan, uning aytganini bajarishingiz kerak.

Masalan, siz oldin ham biron qizni yoqtirib qolganmisiz? Maktabdami yo undan oldinmi? (Yigit bir zum o‘ylab turib, tortinibgina bosh irg‘adi.) Keyin unga uylandingizmi? Yo‘q! Balki hayotingizda yana boshqa qizlarni ham uchratarsiz, ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz-ku, to‘g‘rimi? Demak, suvni ko‘rmasdan etik yechish to‘g‘ri emas, shundaymi?

Yigit bilan qisqa suhbatimiz tugadi. U bilan samimiy xayrlashdik. Bilaman, bu gaplar unga hozir ancha og‘ir kelyapti. Balki uyida ota-onasi va boshqa yaqinlari ham masalaning mohiyatini to‘g‘ri tushunishiga yordamlashishsa, unga ancha oson bo‘larmidi...

Ma’murjon ERKAYeV, «Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri o‘rinbosari:
— Nikohdan oldin uchrashib-gaplashib yurishda kishining obro‘si, sha’ni, or-nomusi oyoqosti qilinishi ehtimoli bor. Uylanmoqchi bo‘lgan yigit ixtiyor qilingan qizni ko‘rishi, uchrashishi mumkin, albatta, ammo bu ish ikki yoshning ota-onasi yoki tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan shaxslarning guvohligi va ishtiroki asosida bo‘lishi shart. Aks holda, yigit bilan qiz guvohlarsiz doimiy ko‘rishib-gaplashib yurishi turli gunohlarning kelib chiqishi bilan birga, jamiyatda illatlarga ham sabab bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda internet va telefon orqali so‘zlashuvlar, yozishuvlar ham zinoga sabab bo‘luvchi yo‘llar hisoblanadi. Turmush qurmagan yoshlar o‘zlarini turli nojo‘ya xatti-harakatlardan ham, gap-so‘z, muomala-munosabatlardan ham himoya qilishi zarur.

Nigora ShOMURODOVA,psixolog:
— Oila masalasi juda nozik, u shunchaki yuzaki munosabatlarni tan olmaydi. Yigit bilan qizning biron kelishuvsiz o‘zaro gaplashib yurishi omonat munosabat ekanini ko‘rsatib turibdi. Hissiy munosabatlarga shunchaki ermak yoki o‘yinchoq sifatida qarash ertangi kunda ham oilaviy hayotga yengil-yelpi qarashga olib keladi. O‘zini hurmat qilgan inson hissiy kechinmalarini va vaqtini behuda sarflamaydi.
Sohibnazar TURDIALIYeV

Manba: Oila davrasida

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » To‘ydan oldingi tomosha yoxud zamonaviy qayliq mojarosi