Buyuk Britaniyadan to Yaponiyagacha bo‘lgan turli mamlakatlarda olib borilgan ijtimoiy tadqiqotlar odamlar munosabatlarida tashqi ko‘rinish qanday ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatib keladi. Yaqinda Janubiy Koreyaning Konkuk universiteti (Konkuk University, Seul) olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishda esa, erkakning bo‘yi ayolining turmushdagi baxtlilik darajasiga qanday ta’sir qilishi o‘rganildi.
Izlanishda 7 850 nafar turmush qurgan ayol ishtirok etdi. Ular o‘zlari va turmush o‘rtoqlarining bo‘yini ko‘rsatishdi va nikohdagi qoniqish, emotsional holat, o‘zini xavfsiz his etish kabi savollarga javob berishdi.
Tadqiqot natijasiga ko‘ra, turmushning dastlabki yillarida ayol kishi baland bo‘yli erkak bilan yashaganida o‘zini rohat, muhofaza topgan va xotirjam his qilish ehtimoli yuqori bo‘lar ekan.
Ayollardan biri bunday ta’rif bergan:
“Men ayol sifatida o‘zimni nozik, biroq ishonchli his qilishni yoqtiraman. Bir qarashda ko‘zga pastdan tepaga qarash hissi men uchun ahamiyatli. Bu nafaqat ichki xotirjamlik, balki ovqatlanish, kiyinish, hatto tufli tanlashda ham erkinlik beradi”.
Biroq, tadqiqot shundan darak beradiki, bo‘y va tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq baxtlilik hissi – doimiy emas. Olimlarning fikricha, 18 yil o‘tgach, juftlikdagi umumiy baxtlilik darajasi bo‘ydan qat’i nazar barqarorlashadi. Ya’ni, er va xotin teng bo‘yli bo‘lsa yoki xotin eridan baland bo‘yli bo‘lsa ham, ularning munosabati avvalgidek mustahkam bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar bu holatni ko‘pincha an’anaviy jamiyat qarashlari va genetik instinktlar bilan izohlashadi. Baland bo‘yli erkaklar ko‘pincha kuch, himoya va yetakchilik ramzi sifatida qabul qilinadi. Shuning uchun ayrim ayollar, xususan, turmushning boshida, bunday erkak bilan o‘zini xavfsiz his qiladi.
Shu bilan birga, turmush qurish yoki juft tanlashda tashqi ko‘rinishdan ko‘ra, shaxsiy uyg‘unlik va psixologik sog‘lom munosabat muhimroq ekanligi ta’kidlanadi. Yaqinda shunday psixologik tahlil ham e’lon qilindiki, unda insonlarning yolg‘iz qolishdan qo‘rqishi, o‘z-o‘zi bilan vaqt o‘tkaza olmasligi xavfli ruhiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.
Manba: Peopletalk