Hindiston hukumati AQSHdan qurol-aslaha hamda harbiy aviatsiya vositalarini sotib olish jarayonini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygani haqida turli manbalar orqali ma’lumot tarqaldi. Bu haqda xalqaro OAV, jumladan, Reuters agentligi ham xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy Dehli shu bilan birga mamlakat mudofaa vazirining Vashingtonga rejalashtirilgan rasmiy safarini ham bekor qilgan. Aslida, ushbu tashrif davomida qator yangi mudofaa hamkorlik bitimlari imzolanishi kutilgan edi.
Reuters yozishicha, Hindistonning bu kabi keskin qadamiga AQSH prezidenti Donald Trampning bir necha kun avval imzolagan yangi farmoni sabab bo‘lgan. Xususan, 6 avgust kuni Tramp “Qo‘shma Shtatlarning Rossiya Federatsiyasi hukumati tahdidlariga qarshi choralar” deb nomlangan rasmiy hujjatni qabul qildi. Unga muvofiq, Rossiya neftini sotib olayotgan Hindistonga nisbatan 25 foizlik qo‘shimcha boj yig‘imi joriy etiladi.
Bunday qaror natijasida Hindistondan AQSHga eksport qilinayotgan ayrim mahsulotlar uchun umumiy boj miqdori 50 foizga yetadi. Bu Vashingtonning so‘nggi yillarda savdo hamkorlariga nisbatan qo‘llagan eng yuqori boj ko‘rsatkichlaridan biri sifatida qayd etilmoqda.
Prezident farmoniga ko‘ra, ushbu tartib imzolanganidan 21 kun o‘tib amalga kiritiladi. Shu bois Hindiston boj masalasi hal etilmaguncha, AQSH bilan qurol savdosi bo‘yicha shartnomalarni to‘xtatish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, Hindiston hozirda AQSHning “General Dynamics Land Systems” shirkati ishlab chiqarayotgan “Stryker” turkumidagi jangovar mashinalar hamda “Raytheon” va “Lockheed Martin” kompaniyalari tayyorlayotgan “Javelin” turidagi zamonaviy raketa tizimlarini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgandi. Shuningdek, bir necha milliard dollarlik Boeing P8I razvedka uchoqlarini sotib olish rejasi ham mavjud edi.
Joriy yilning fevral oyida Oq uyda o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida Donald Tramp va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi qurol-aslaha hamda harbiy texnika ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalasini ham muhokama qilgani ma’lum.
Shu bilan birga, Hindiston mudofaa vazirligi AQSHdan qurol olish vaqtincha to‘xtatilgani haqidagi xabarlarni rasman inkor etdi. Rasmiy izohga ko‘ra, oldi-sotdi jarayonlari belgilangan grafik asosida davom etmoqda.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda Vashington va Dehli o‘rtasida muayyan siyosiy va iqtisodiy taranglik kuzatilmoqda. Ayniqsa, Hindistonning Rossiyadan katta hajmda neft xarid qilishi AQSH manfaatlariga mos kelmayapti. Biroq Dehli bu yo‘nalishda mustaqil siyosat olib borishni istamoqda.
Avvalroq, Hindiston AQSH va Yevropa Ittifoqining Rossiyadan neft importini to‘xtatish to‘g‘risidagi talabini rad etgandi.
May oyida Hindiston va Pokiston o‘rtasida to‘rt kunlik qurolli to‘qnashuvlar kuzatilgan, keyin esa tomonlar o‘zaro sulhga erishgan. O‘shanda Tramp ushbu kelishuv uning shaxsiy sa’y-harakatlari natijasida sodir bo‘lganini aytgandi, ammo Hindiston bunday vositachilikni tan olmagan.
Ma’lumki, Hindiston dunyodagi eng yirik qurol xaridorlari qatorida. Tarixan asosan Rossiyadan qurol sotib olgan Dehli hukumati so‘nggi yillarda Xitoy bilan strategik raqobat fonida AQSH, Isroil va Fransiyadan ham katta hajmda harbiy texnika olishga intilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya bilan munosabatlar ham barqaror emas.
Rossiya Ukrainaga harbiy harakatlarni boshlagan dastlabki paytlarda Hindiston betaraf pozitsiyada qolishga urinib, ham Vashington, ham Moskva bilan strategik hamkorlikni saqlab qolishga harakat qilgandi. Shu bois, G‘arb bosimiga qaramay, Rossiya tajovuzini ochiq tanqid qilishdan tiyilgan. Ko‘plab ekspertlar bu siyosatni “ikki tomonlama o‘yin” deb baholagan.
Biroq so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Dehli Rossiyaning ayrim iltimoslarini rad etib, Ukrainaga artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, Rossiya tomonidan ayrim Hindiston fuqarolari aldov yo‘li bilan urushga jalb qilingani aniqlangach, ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlarda ham sovuqchilik yuzaga kelgan.
Hindiston AQSHdan qurol xaridi bo‘yicha qarorini vaqtincha o‘zgartirdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar