date

Eron 20 nafar gumon qilinayotgan Isroil josusini qo‘lga oldi

Eron 20 nafar gumon qilinayotgan Isroil josusini qo‘lga oldi
Eron so‘nggi oylarda Isroilning Mossad razvedka agentligi bilan aloqador bo‘lishi gumon qilingan 20 kishini qo‘lga oldi. Mamlakat sud tizimi vakillari bu shaxslar ustidan tergov yakunlangach, to‘liq ma’lumotlar e’lon qilinishini ma’lum qildi. Rasmiylar ayblanuvchilarga nisbatan hech qanday yengillik ko‘rsatilmasligini va qat’iy hukmlar bilan ularning jazolanishi “ibrat bo‘lishi”ni ta’kidladi.

Juma kuni Eron yadro olimi Rouzbeh Vadini Isroil foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, qatl etdi. U boshqa bir yadro olimi haqidagi maxfiy ma’lumotlarni yetkazishda aybdor deb topilgan edi. Mazkur olim iyun oyida Isroilning Eron hududiga uyushtirgan havo hujumlari oqibatida halok bo‘lgan.

Sud tizimi matbuot kotibi Asg‘ar Jahongirining aytishicha, hibsga olingan 20 kishining ayrimlariga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinib, ular ozod etilgan. Biroq aniq soni oshkor etilmadi. U, shuningdek, mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday shaxsga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

Eron rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi oylar ichida Isroil foydasiga josuslik qilganlik aybi bilan kamida sakkiz kishi qatl etilgan. Bu esa yil boshidan buyon bunday holatlar sezilarli darajada ko‘payganidan darak beradi.

Iyun oyida Isroil 12 kun davomida Eronga havo hujumlari uyushtirgan, natijada yadro obyektlari, harbiy yetakchilar va yashash hududlari nishonga olingan. Ushbu hujumlar oqibatida 1 190 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 436 nafar tinch aholi va 435 nafar xavfsizlik xodimi bor. Eronning javob zarbalari chog‘ida esa Isroil 28 kishining o‘limini tasdiqlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron 20 nafar gumon qilinayotgan Isroil josusini qo‘lga oldi