19:40 / 02.06.2018
5 845

Zakot hisobidan birovdagi qarzni soqit qilish

Zakot hisobidan birovdagi qarzni soqit qilish
Birovning zimmasidagi qarzni zakotga yotqizib, uni mazkur qarzdan ozod qilish hanafiy mazhabimiz hamda hanbaliy mazhabi, shuningdek, Ashhabdan tashqari molikiylarning aksari va shofe’iy mazhabidagi ikki xil qavlning asahh deb topilganiga ko‘ra joiz emas. Negaki, zakot beriladigan narsa. Birovda yotgan qarzni o‘chirish esa berish hisoblanmaydi. Qur’oni karimda qachon zakot tilga olinsa, “berish” lafzi bilan ishlatilgan.

Undan tashqari, zakot hisobiga birovning zimmasidagi qarz o‘chirilganda ko‘proq qarz egasi manfaatdor bo‘lib qoladi. Chunki, u ololmayotgan qarzini qaysidir ma’noda undirayotgan bo‘ladi. Shu jihatdan bu yerda xolislik va samimiyatga ham putur yetadi.

Qolaversa, zakot bu ibodatdir. U shaxsiy manfaat ustiga qurilmasligi kerak. U Allohning haqqi. Shunday ekan, inson uni o‘z manfaati tomonga burishi, muzlab qolgan molini tiriltirishga vosita qilishi yoxud qarzini undirishga vasila qilmog‘i joiz bo‘lmaydi. Binobarin, kimdir o‘ziga qarzdor bo‘lib, qiynalib qolgan odamdan qarzining bir qismi yoki hammasini o‘chirish hisobiga zakot berdim deb hisoblasa, ulamolar jumhuriga ko‘ra, shariat nuqtai nazaridan zakot bergan hisoblanmaydi.

Ammo, agar qarz sohibi qarzdorga zakot tariqasida undagi qarz miqdoridagi (yoki undan ko‘proq yoki kamroq bo‘lgan) mablag‘ni bersa va qarzdor o‘sha mablag‘ni olgandan so‘ng qarz sohibiga qaytarsa, uni olish joiz.

Lekin, bu holatda o‘zaro kelishib olingan bo‘lmasligi, hiyla bo‘lmasligi va o‘z molini shu tariqa tiklab olish maqsadi bo‘lmasligi kerak.
Xuddi shu shartlar bilan quyidagi ish ham joizdir: birov sizdan misol uchun 1000 dollar miqdorda qarz olgan va uni to‘lashga qiynalyapti. Siz zakot beradigan badavlat insonsiz. Qarzdoringiz boshqa birovdan mazkur mablag‘ni qarzga olib, sizga qaytarsa va uni olgach, siz u insonga zakot tariqasida mazkur pulni bersangiz, bu ham joizdir.

Shuningdek, bir insonda katta miqdorda pulingiz bor. U odam qiynalib qolganligi tufayli mazkur pulni qaytarolmayapti. Agar o‘sha mablag‘ni unga butunlay tuhfa qilib yuborsangiz, mazkur puldan zakot chiqarmaysiz. Ya’ni, undagi o‘z mablag‘ingiz hisobidan zakot chiqarishingiz bo‘yningizdan soqit bo‘ladi. Bu mazhabimizda istehson yo‘liga ko‘ra joiz bo‘lgan amaldir.

Agar birovda qarzingiz bo‘lsa, qarzdorga muhlat bersangiz va qattiq turib olib talab qilmasangiz, o‘zingiz uchun savob bo‘ladi. Zero, qiynalib qolgan qarzdorga muhlat berish Allohning buyrug‘idir. “Baqara” surasining 280-oyatida shunday marhamat qilinadi, (ma’nosi): “Agar (qarzdor) qiynalib qolgan bo‘lsa, bas, unga to boyiguncha muhlat bering! Agar bilsangizlar, (bergan qarzingizni) sadaqa qilib yuborishingiz o‘zingiz uchun yaxshiroqdir”.
Alisher SULTONXO‘JAYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Zakot hisobidan birovdagi qarzni soqit qilish